1675 14.08.2026
Agar bug‘ mashinasi insoniyat hayotidagi ilk sanoat inqilobini boshlab bergan bo‘lsa, elektr energiyasi ishlab chiqarishni yangi bosqichga olib chiqdi, internet esa o‘rgimchak to‘ridek dunyoni chirmab, masofalar ahamiyatini yo‘qotdi.
XXI asrning ikkinchi choragiga kelib, bashariyat yana bir ulkan burilishga guvoh bo‘lib turibdi: sun’iy intellekt davri!
Tan olish kerak, ayni paytda, raqobatbardoshlik faqat tabiiy resurslar, ishlab chiqarish quvvatlari yoki geografik joylashuv bilan emas, balki ma’lumotlardan qanday foydalana olishimiz, intellektual texnologiyalarni qay darajada tez o‘zlashtirish va innovatsiyalarni iqtisodiyotga tatbiq eta olishimiz bilan o‘lchanmoqda.
Sun’iy intellekt ekotizimini rivojlantirish mavzusidagi taqdimotda Prezidentimiz tomonidan masalaning aynan ana shu jihatiga e’tibor qaratildi. Ushbu taqdimot nafaqat navbatdagi sohaviy yig‘ilish, balki mamlakatning kelgusidagi iqtisodiy va texnologik taraqqiyot strategiyasini belgilab beruvchi tarixiy voqea ham bo‘ldi.
Quvonarli jihati, mamlakatimiz sun’iy intellekt sohasiga tayyorlik bo‘yicha xalqaro reytingda 25 pog‘ona yuqorilab, 62-o‘ringa ko‘tarilganidir. Albatta natija yaxshi, lekin bunga maxliyo bo‘lib qolmasligimiz kerak. Davlatimiz rahbari tomonidan bu borada 2030 yilgacha eng ilg‘or 50 ta davlat qatoriga kirish vazifasi yuklangan. Anglaganingizdek, bu vazifa kun tartibiga qo‘yilishidan ko‘zlangan asosiy maqsad, sun’iy intellekt tizimi imkoniyatlarini iqtisodiyotning har bir sohasiga samarali tadbiq etishdir. Ya’ni, infratuzilmani yaratish bu – boshlangan ishlarning birinchi bosqichi, xolos.
Yodingizda bo‘lsa agar joriy yilning o‘tgan oyida NVIDIA texnologiyalari asosidagi superkompyuter ishga tushirilgan edi. Ayni paytda mazkur superkompyuter jahon reytingida 321-o‘rinni egallab turibdi. Biroq, har qanday texnologik yangilik yoki qurilmaning haqiqiy qiymatini reyting emas, balki uni amaliyotga joriy etgan keyingi imkoniyatlari belgilaydi. E’tiborga molik jihati, superkompyuter ishga tushirilganidan atigi bir oy o‘tib, uning hisoblash imkoniyatlarining qariyb 90 foizi ishga solingani mamlakatimizda bunday quvvatlarga bo‘lgan talab naqadar yuqori ekanini ko‘rsatib qo‘ydi. Klaster yuklamasining qisqa muddatda yuqori darajaga chiqqani ham iqtisodiyotning turli tarmoqlarida intellektual texnologiyalarga bo‘lgan talab allaqachon shakllanganini ko‘rsatadi. Bu talab ilmiy izlanishlardan tortib davlat xizmatlari va xususiy sektordagi innovatsion loyihalargacha bo‘lgan keng qamrovli jarayonlarni o‘z ichiga oladi, albatta.
Yuqoridagi mulohazalar bir hayot haqiqatini yuzaga chiqaradi: XXI asrda strategik resurs tushunchasining mazmuni o‘zgarmoqda. Kechagina neft yoki gaz iqtisodiy qudrat ramzi sanalgan bo‘lsa, bugun yuqori hisoblash quvvati ana shu maqomni shiddat bilan egallayapti. Chunki sun’iy intellektni rivojlantirish ham, katta ma’lumotlar bilan ishlash ham, innovatsiyalarni yaratish ham aynan ana shu infratuzilmaga tayanadi. Hisoblash quvvati yetarli bo‘lmagan mamlakat esa texnologik poygada orqada qoladi.
Shu bois taqdimotda mavjud hisoblash klasterini kengaytirish uchun qo‘shimcha 70 million dollar ajratish taklif etildi. Bu mamlakatning uzoq muddatli texnologik taraqqiyotiga qaratilgan strategik qaror sifatida qabul qilinsa to‘g‘ri bo‘ladi. Chunki yuqorida ta’kidlanganidek, sun’iy intellekt asrida raqobat tabiiy resurslar uchun emas, intellektual salohiyat va hisoblash quvvati uchun kechadi. Kim zamonaviy infratuzilmani sifatli va tez barpo etsa, katta ma’lumotlar bilan ishlash, yangi texnologiyalarni yaratish va ularni iqtisodiyotga jadallik bilan joriy etish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu esa ertangi iqtisodiy ustunlikning muhim omilidir.
Masalaning yana bir muhim jihatiga e’tibor qaratish kerak: sun’iy intellektning imkoniyatlari qanchalik keng bo‘lmasin, uning asosiy tayanchi ma’lumotdir. U qanchalik aniq, to‘liq va ishonchli bo‘lsa, algoritmlar ham shunchalik to‘g‘ri xulosa chiqaradi, samarali qarorlar qabul qiladi. Aksincha, sifatsiz ma’lumot hatto eng mukammal texnologiyaning ham imkoniyatlarini qisman cheklab qo‘yadi. Shuning uchun ham taqdimotda davlat rahbari tomonidan ma’lumotlar sifati masalasi ustuvor vazifalardan biri ekani ta’kidlandi.
Xo‘sh, ushbu vazifani amalga oshirish uchun ishni nimadan boshlash kerak? Jumladan, vazirlik va idoralardagi ma’lumotlarni xatlovdan o‘tkazish, ularni yagona standartlar asosida tizimlashtirish, ishonchliligi va o‘zaro muvofiqligini ta’minlash sifatli ma’lumotlar ekotizimini shakllantiradi. Ana shu mexanizm asosida ish tashkil etilsagina, sun’iy intellektning haqiqiy imkoniyatlari namoyon bo‘ladi. Zero, raqamli iqtisodiyot sharoitida ma’lumot shunchaki axborot emas, balki davlatning intellektual kapitali va texnologik mustaqilligini ta’minlaydigan strategik boylikdir.
Taqdimotda tibbiyot, energetika, transport, bojxona, huquqiy xizmatlar, ekologiya, geologiya va jamoat xavfsizligi kabi sohalarda ham sun’iy intellekt asosida 100 dan ortiq loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilayotgani ma’lum qilindi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad, texnologiyani inson manfaatiga xizmat qiladigan samarali vositaga aylantirish, boshqaruv jarayonlarini takomillashtirish va aholiga ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini oshirishdan iborat.
Sun’iy intellekt ekotizimining rivojlanishi uchun sog‘lom innovatsion muhit ham nihoyatda zarur. Shu bois taqdimotda IT Park rezidentlari, startaplar va 20 dan ortiq sun’iy intellekt laboratoriyalari bilan tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish vazifasi qo‘yildi. Chunki yangi g‘oyalar aksariyat hollarda izlanuvchan va dunyoqarashi keng yoshlarda ko‘proq tug‘iladi.
Shuningdek, joriy yil sun’iy intellekt yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan rezidentlar sonini 300 taga yetkazish, ular tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar hajmini 2 trillion so‘mga, eksportni esa 160 million dollarga olib chiqish maqsad qilingan.
Bilamiz, inson omilisiz eng zamonaviy texnologiya ham bir buyumga aylanib qoladi. Shu ma’noda kadrlar tayyorlash masalasi sohaning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida kun tartibiga qo‘yilganini ta’kidlash joiz. Bugunga qadar 1,5 milliondan ortiq foydalanuvchining sun’iy intellekt bo‘yicha maxsus sertifikat olgani, 900 nafar rahbar, 3 mingdan ziyod davlat xizmatchisi, ming nafar bank xodimi va 200 nafar maslahatchining maxsus kurslarda o‘qitilgani bu boradagi ishlar tizimli tus olganini ko‘rsatadi.
Sun’iy intellekt sohasida xalqaro hamkorlikni ham kengaytirish yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. O‘zbekistonning WAICO – Sun’iy intellekt sohasida hamkorlik bo‘yicha Butunjahon tashkiloti ta’sischilari qatoriga qo‘shilgani bu boradagi muhim qadam bo‘ldi. Bu bilan mamlakat ilg‘or texnologiyalar, katta til modellari, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar va xalqaro tajribalarni jalb etish, shuningdek, global texnologik jarayonlarda faol ishtirok etish imkoniyatiga ham ega bo‘ladi.
Albatta, har bir yangilik ortida o‘ziga yarasha kamchiliklar, xatolar ham bo‘ladi. To‘g‘ri, sun’iy intellekt og‘irimizni yengil qiladi, lekin o‘z o‘rnida kiberxavfsizlikni, ma’lumotlar maxfiyligini ta’minlash, texnologiyalardan mas’uliyat bilan foydalanish va milliy raqamli kontentni rivojlantirish kabi masalalarni ham unutmasligimiz kerak. Zotan, yangi texnologiyaning imkoniyatlari qanchalik keng bo‘lmasin, uning ko‘zga ko‘rinmaydigan salbiy oqibatlarini ham bartaraf etishga tayyor bo‘lishimiz lozim.
Muxtasar aytganda, bugun oldimizda turgan vazifa faqat sun’iy intellektni joriy etish emas: asosiy maqsad, texnologiya, ilm-fan va inson salohiyati uyg‘unlashgan yangi texnologik taraqqiyot muhitini yaratishdir. Zero, rivojlanishni algoritmlar emas, balki ulardan oqilona foydalana oladigan bilimli va tashabbuskor odamlar belgilaydi.
Zumrad Bekatova,
senator.
“Milliy tiklanish” gazetasining 2026-yil 12-avgust sonidan olindi