Nuqtai-nazar


527

Debatda qatnashish nomzodning majburiyati emas, balki...

“Prezidentlikka nomzodlar o‘rtasida debat bo‘ladimi?”

    “Prezidentlikka nomzodlar o‘rtasida debat bo‘ladimi?” degan aniq savol berildi bugungi Markaziy saylov komissiyasi matbuot anjumanida. Spikerlar imkon qadar unga javob berishga harakat qilishdi.

    Tajribamdan kelib chiqib aytaman, bu savol OAV xodimlari va kuzatuvchilar tomonidan  eng ko‘p beriladigan savol! Bu bejiz emas, albatta.

    Darhaqiqat, saylovlarda tashkil etiladigan debatlar saylovchiga to‘g‘ri tanlovni amalga oshirishda samarali usul hisoblanadi. Bu borada O‘zbekistonda ham ozmi-ko‘pmi tajriba mavjud. Dunyoning rivojlangan mamlakatlarida esa debatlarni uyushtiradigan Maxsus komissiyalar tashkil etilgan.

    Haqiqat bahslarda tug‘iladi. Biroq dunyo tajribasida bugun saylov tashviqotida  debatlar shovqinli to‘qnashuvlardan iborat, nomzodni kamsitadigan jarayonga aylanib borayotganidan ko‘z yumib bo‘lmaydi.

    Auditoriya uchun fikrlarni yengil "hazm qilish”ga yordam beradigan tomoshabop bu usuldan foydalanish erkinligi Saylov kodeksining 45-moddasida aniq-tiniq yozilgan.

    Siyosiy jarayonning muhim tarkibiy qismi bo‘lgan debat shaklidan foydalanish nomzodning majburiyati emas, balki huquqi sanaladi. Undan foydalanish yoki foydalanmaslik  eng avvalo,  nomzodning  o‘ziga bog‘liq. 

    Demak, savol Markaziy saylov komissiyasi vakillariga emas, balki siyosiy jarayonning  asosiy  ishtirokchilari bo‘lgan siyosiy partiyalarga va ular tomonidan ko‘rsatiladigan nomzodlarga bevosita taalluqli. Debat o‘tkazmoqchimilar, marhamat! Yo‘qmi, yo‘q! Savolni egasiga berish ham katta ish!

     Feruza MUHAMEDJANOVA,

     “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi o‘rinbosari