Partiya yangiliklari

625

Nega “kechirim so‘rash” urf, jazo emas?!

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi tomonidan navoiylik maktab o‘quvchilarining xatti-harakati yuzasidan munosabat

Inson ruhiyati va imkoniyatlarini o‘rganadigan bir necha fanlarda odamzodning “bazaviy ehtiyoji” degan tushuncha bor. Men bu tushunchani insonga nafas olishdek tabiiy va zarur ehtiyoji sifatida qabul qilaman. Ana shu bazaviy ehtiyoj bu eng avvalo insonning taʼlim-tarbiya olishga bo‘lgan talabi va huquqidir. Afsus maktab haqida qancha gapirmaylik, yozmaylik, baribir isitma kasalni oshkor qilaveradi, qilaveradi.

Tushunaman, maktab katta tizim, bog‘cha vazirligi ham kecha paydo bo‘ldi. Biroq jadidlar yongan taʼlimning sifati, tarbiyaning ahvoli va qorako‘zlar uchun yaratilgan sharoitlar bugun tub islohotga muhtoj. Darsliklarni yangilarmiz, maktablarni ham zamonaviy qilib taʼmirlarmiz, biroq tarbiyadagi oqsoqliklarning oldini olish nazarimda eng qiyin masala bo‘lib qoladi.

Xo‘p yaxshi, Qashqadaryoda XXI asrda polda, bo‘m-bo‘sh xonada dars o‘tayotgan bolalar, shaxslar  o‘rtasida vujudga kelgan mayda-chuyda mojaroning oqibatidir. Buning sababini bir necha soniyalarda internet dunyosini aylanib chiqqan yoqimsiz xabardan shaxsan Xalq taʼlimi vazirining tungi soat 00.36da telegram messenjeridagi shaxsiy sahifasida yozilgan axborotidan tushundik. Ammo Navoiydagi so‘kong‘ich qizlar masalasi tizimda tarbiyadagi jiddiy kamchiliklar borligining yana bir isboti!

Gap shundaki, 9-sentyabr kuni Navoiy shahridagi ikki nafar o‘quvchi qiz “TikTok”  ijtimoiy tarmog‘ida nojo‘ya so‘zlarni namoyish qilib, uni to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga chiqargan. Huquq tartibot organlari bergan xabariga ko‘ra, mazkur holat Navoiy shahridagi 10-maktabda  16 yoshlik o‘quvchilar ishtirokida huquq darsi paytida sodir bo‘lgan.

Ijtimoiy tarmoqlardagi baʼzi xabarlarda bu holat 8-sentyabrda sodir bo‘lgani va shu kunning o‘zida yuzaga kelgan vaziyat maktab o‘quvchilarining ota-onasi bilan birga muhokama qilingani va holat bo‘yicha huquqbuzarlarning uzr so‘ragani aytilgan. Boz ustiga o‘quvchilar bu harakati bilan shunchaki hazillashmoqchi bo‘lishganini qayd etishgan.

Vaziyat yuzasidan vazirlikni o‘zidan javob kutib qolamiz.

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi mazkur masala yuzasidan jamoatchilikning haqli eʼtiroziga sabab bo‘lgan ushbu vaziyatni umumtaʼlim maktablarida maʼnaviy muhitning nosog‘lomligidan, tarbiya jarayonining yetarli darajada tashkil etilmayotganidan dalolat beruvchi ayanchli holat deb baholaydi. Afsuski, hozirda odob-axloqqa zid harakatlar media makonida urchib yotibdi. Ko‘p holda videoroliklarning asosiy qahramonlari  maktab o‘quvchilari ekanligi masalaga yechim beradigan va uning ijrosini taʼminlaydigan soha vakillarini chuqurroq o‘ylantirishi kerak.

 “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi ushbu holat bo‘yicha quyidagi takliflarni ilgari suradi:

Birinchidan, “kechirim so‘rash” urf, lekin u O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida jazo chorasi sifatida huquqiy oqibatni tug‘dirmaydi. Shundan kelib chiqqan holda, voyaga yetmaganlar tomonidan qilinadigan bunday xatti-harakatlarga nisbatan  javobgarlikni kuchaytirish kerak.

Ikkinchidan, “kechirim so‘rash” bugun jamiyatimizda tobora odatga aylanib qoldi. To‘g‘ri, kechirim so‘rash odati bizning jamiyatimizda qadriyat darajasida eʼzozlanadi, biroq ayni kunda uni suiisteʼmol qilish holati kundalik hayotimizda kuchayib bormoqda. Shu o‘rinda har bir fuqaro qonun oldida bir va teng javobgar ekanligini unutmasligi lozim. Zero, “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 18-moddasi: “O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qatʼi nazar, qonun oldida tengdirlar”, - deb qayd etilgan.

Uchinchidan, partiya aksariyat holda huquqbuzarliklarni namoyish etish hisobiga o‘z o‘quvchilarini ko‘paytirayotgan “TikTok” ijtimoiy tarmog‘ini bolalar uchun xavf maydoni deb hisoblaydi va shu bois ushbu tarmoq faoliyatini butunlay cheklash tarafdori. Zero, OAV sohasidagi tadqiqotlar va kundalik hayot bugun eng avvalo maktab o‘quvchilari unga ipsiz bog‘langanlarini ko‘rsatmoqda. Yoshlarni maʼnaviy olamiga salbiy taʼsir o‘tkazayotgan videokontentlar zararini bugun xolis baholash fursati yetdi. Biz tarbiyani “ochiq” axborotlar evaziga boy bermasligimiz kerak. “TikTok”ga o‘xshagan axborot manbalari hisobiga to‘g‘ri kelayotgan infoepidemiyani oldini olish uchun qonuniy choralar kuchaytirilishi kerak.

 To‘rtinchidan, partiya “Tarbiya” fanini o‘qitish borasida parlament nazoratini doimiy ravishda kuchaytirib boradi va oliy taʼlim muassasalarida “tarbiyachi” mutaxassisligi bo‘yicha  kadrlar tayyorlaydigan fakultetlarni joriy qilish ishlarini jadallashtirish lozim deb hisoblaydi (Afsus, mana ikki yildirki, ushbu masala yuzasidan hukumat qarorining ijrosi paysalga solinmoqda).

Navoiyda so‘kong‘ich qizlar bilan bo‘lib o‘tgan hodisa nafaqat taʼlim, mahalla, huquq  tartibot idoralari mutasaddilari, balki yoshlar tarbiyasiga bevosita masʼul tashkilotlarga va keng jamoatchiligimizga ogohlik qo‘ng‘irog‘i  bo‘lishi darkor.

Biz farzandlar kamolotiga to‘sqinlik qiladigan har qanday xavf o‘choqlarini o‘zimiz aniqlab, uni hamkorlikda bartaraf etib, maktabni chin maʼnoda taʼlim-tarbiya o‘chog‘iga aylantirishimiz mumkin. Bu borada jadidimiz Fitratning “Oiladagi yaxshi tarbiya maktab uchun katta madad” ekanligi haqidagi fikrlarini hisobga olib harakat qilishimizdan boshqa chora yo‘q!

Feruza MUHAMEDJANOVA,

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi o'rinbosari