Partiya yangiliklari

87

Bobomiz siyratiga nomunosib holat

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Chiroqchi tuman Kengashi “Sohibqiron bobomiz haykali bunday ahvolda bo‘lishi yarashmaydi” sarlavhasi ostida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabar bo‘yicha quyidagilarni maʼlum qiladi.

Albatta, Sohibqiron bobomiz Amir Temurning Chiroqchi tumani Tarag‘ay qishlog‘idagi haykalining bugungi holatini hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi va bu bobomiz siyratiga nomunosib holatdir.

Partiyaning tuman Kengashi vakillari, deputatlar tarixiy qishloqda bo‘lib, aholi bilan suhbatlashdi va ushbu holatning kelib chiqish sababini o‘rgandi. Maʼlum bo‘lishicha, tog‘lik hududda bo‘ladigan ko‘p yog‘ingarchilik hamda eʼtiborsizlik sababli nomaʼlum haykaltarosh tomonidan beton qorishmadan bunyod etilgan haykal yillar davomida o‘z qiyofasi va shaklini yo‘qotib, bugungi holatga kelib qolgan.

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi o‘z maqsad va vazifalaridan kelib chiqqan holda dengiz sathidan 1 ming 500 metr balandlikda joylashgan Tarag‘aydagi “Dunyotepa” tarixiy yodgorligini saqlab qolish va bu qishloqni turizm markaziga aylantirish masalasini ko‘tarib keladi.  Bu bo‘yicha loyihalar ham ishlab chiqilgan. Chunki,  ushbu huddudda Amir Temur g‘ori ham joylashgan bo‘lib, hanuzgacha hech kim uning oxirigacha yetib bormagan.

Taʼkidlash lozim, Tarag‘ay qishlog‘ida bir paytning o‘zida turizmning barcha yo‘nalishlarini rivojlantirish mumkin. Hududdagi tabiatning o‘zi sayqal bergan manzillar eko turizmni rivojlantirishga xizmat qilsa, Amir Temur tarixi bilan bog‘liq yodgorliklar ilmiy turizmni, tog‘lardagi toshlarning joylashuvi esa geoturizm, qolaversa, milliy taomlar gastroturizmni, tabiiy landshaft va toza havo tibbiy turizm istiqboliga xizmat qiladi.

Yuqorida qayd etilganidek, hududni turizm qishlog‘iga aylantirish bo‘yicha loyihalar ishlab chiqilgan va “Milliy tiklanish” ularning ijrosini o‘z nazoratiga olgan.

Shahnoza QAHHORZODA,

partiyaning Qashqadaryo viloyat Kengashi bosh mutaxassisi