Partiya yangiliklari

63

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida munosib ishtirok etaylik!

Maʼlumki, saylovlar bu mamlakatda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar, yaqin va olis istiqbol uchun belgilab olinadigan strategik taraqqiyotning dasturiy vazifalarini amalga oshirishda katta ahamiyat kasb etadi. Shu maʼnoda, joriy yil 24-oktyabrda bo‘lib o‘tadigan Prezident saylovi O‘zbekistonning yangi tarixida g‘oyat muhim ijtimoiy-siyosiy voqea hisoblanadi. Zero, mamlakatimiz kelajagi, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning surʼati va davomiyligi, ichki va tashqi siyosatimiz saylovchilar qabul qiladigan qarorga bog‘liq.

O‘zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha Harakatlar strategiyasi asosida amalga oshirilayotgan islohotlar uzviy, bosqichma-bosqich va izchil, tadrijiy ravishda davom etmoqda. Eng muhimi, Harakatlar strategiyasida belgilab berilgan islohot yo‘nalishlari o‘zaro uzviy bog‘liq bo‘lib, bir-birini taqozo etadi. Misol uchun, saylov erkinligini taʼminlamasdan turib davlat va jamiyat qurilishini demokratlashtirishni tasavvur qilib bo‘lmaydi. Yoki bo‘lmasa, saylovchilarning huquqlarini sud organlari tomonidan himoya qilinishini taʼminlamasdan, demokratik saylov tizimini yaratib bo‘lmaydi. Bunday muhim siyosiy jarayonda  yurtdoshlarimiz, xususan aholining katta qismi hisoblanadigan yoshlar ham ishtirok etishadi.

Qayd etish lozim, bugungi kunda O‘zbekistonda davlat hokimiyati organlarini demokratik saylovlar orqali shakllantirish bo‘yicha umumeʼtirof etilgan xalqaro prinsiplar va huquqiy normalarga to‘liq mos keladigan milliy saylov qonunchiligi yaratilgan desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Qonunchilikda mustahkamlab qo‘yilgan saylovlarning davriyligi va majburiyligi, adolatliligi va erkinligi prinsiplari, ularning umumiy, teng va to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan o‘tkazilishi, fuqarolarning saylov huquqlari va erkinlik­larini sud orqali himoya qilishni taʼminlash, saylovlarni jamoat­chilik va xalqaro kuzatuvchilar ishtirokida o‘tkazish mexanizmlari O‘zbekiston saylov tizimi demokratiyaga asoslanganligining o‘ziga xos sifat ko‘rsatkichlari hisoblanadi.

Saylov qonunchiligi eng aso­siy konstitutsiyaviy prinsip bo‘lgan xalq hokimiyati prinsipining amalda tatbiq etilishini taʼminlaydi.

Saylov bo‘yicha qonunchilikda qabul qilingan barcha qarorlar xalq manfaati va eng asosiysi saylovchilar xohish istagi ifoda etilgan. Shu bilan birga 2021-yil 29-yanvar kuni Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan Prezident saylovlari sanasini o‘zgartirish va boshqa qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun qabul qilindi. Bunda asosiy o‘zgarishlardan biri saylov sanasini dekabrdan oktyabrga ko‘chirishni nazarda tutadi. Yaʼni, 2021-yilgi Prezidentlik saylovi dekabr oyida emas, balki oktyabr oyining uchinchi yakshanbasida o‘tkaziladi.

Bundan tashqari, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotini Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi saylovlar bo‘yicha missiyasining respublikada saylov tizimini yana-da takomillashtirishga qaratilgan tavsiyalari inobatga olingan holda, 2021-yil 31-may kuni “O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi. Ushbu qonun bilan kiritilgan asosiy o‘zgarishlarda saylov byulletenida nomzodning egallab turgan lavozimi, ish joyi ko‘rsatilishi haqidagi normani chiqarish, siyosiy partiya yoki nomzodlarni qo‘llab-quvvatlab imzo qo‘yishda fuqarolar pasport bilan bir qatorda identifikatsiya kartasi orqali shaxsini tasdiqlashi mumkinligi, saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazishda uchrashuvning vaqti va joyi to‘g‘risida tuman (shahar) hokimlari kamida uch kun oldin yozma ravishda xabardor qilingan holda o‘tkazilishi, bunda mazkur tadbirlarni o‘tkazishda ruxsatnomasi talab etilmasligi, Saylov kodeksining 102-moddasiga ko‘ra, nomzod  ko‘rsatgan siyosiy partiyalar organlari, nomzodlar, ishonchli vakillar, kuzatuvchilar va saylovchilar saylov komissiyalarining qarorlari ustidan ushbu qarorlar qabul qilinganidan keyin besh kun ichida sudga shikoyat qilishi mumkinligi kabi o‘zgartirishlar kiritildi.

Xulosa qilib aytganda, har bir fuqaroning, shu jumladan, har bir saylovchining fuqarolik pozitsiyasini emin erkin namoyon etishga, saylovlarning ochiq-oshkoraligi va shaffof­ligini taʼminlashga muayyan hissa qo‘shish uchun huquqiy asos yaratilgan. Fuqarolar ushbu imkoniyatlardan to‘liq foydalanib, Yangi O‘zbekistonning yangi saylovlarida munosib ishtirok etib, yurtimiz ravnaqi, Vatanimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishlari lozim.

Hamdam NIYOZOV,

partiyaning Toshkent shahar Kengashi raisi birinchi o‘rinbosari