Yangiliklar

Xorijiy tillarni o‘rganishda yangi imkoniyatlar

216

26.04.2024

current article imagecurrent article image

Bugungi globallashuv davri har birimizdan zamon bilan hamnafas odimlashni talab etadi. Demak, bugun qaysi sohada ishlamaylik, albatta, ona tilimiz bilan birga, bir nechta xorijiy tillarni bilishimiz kerak.

 

Boisi til bilgan kishi dunyoni kezadi, do‘st orttiradi, hamkorlar topadi. Dunyo xalqlarining madaniyatidan, tarixidan xabardor bo‘ladi. Shu sababli, nafaqat yurtimizda, balki butun dunyoda chet tillarni o‘rganishga qiziqish kundan-kunga ortmoqda.

 

Inson qachonki xorijiy tillarni mukammal bilsa, bir nechta tillarda muloqot qila olsa, to‘g‘ri kasb-hunar tanlasa, o‘ylaymanki, hayoti va turmushi ham mazmunli o‘tadi. O‘zbekistonda yoshlarga ta’lim-tarbiya berish, turli yo‘nalishlarda yetuk mutaxassislarni tayyorlashda xorij tillarini chuqurlashtirib o‘rgatishga muhim vazifa sifatida qaralayotgani sababi ham shunda.

 

Bu siyosatning zamirida yurt kelajagi va ravnaqi uchun xizmat qiluvchi, dunyo bozorida raqobatbardosh, talab katta, bilimdon, har tomonlama yetuk kadrlar tayyorlash, o‘g‘il-qizlarning hayotda o‘z o‘rnini topishi uchun munosib sharoit yaratish, ilmli qilish, dunyodagi tengdoshlari bilan raqobatlasha oladigan avlodni voyaga yetkazish maqsadi mujassam.

 

Xorijiy tillarni mukammal o‘zlashtirgan har qanday inson nafaqat o‘z faoliyatiga yangiliklar olib kiradi, vazifalarni sifatli bajaradi, ilg‘or g‘oyalar bilan chiqadi, balki xizmat pog‘onalaridan ko‘tarilish, ya’ni oddiy aytganda “karyera” qilish uchun mustahkam intellektual zamin tayyorlaydi. Eng muhimi, xorijiy tillarni yaxshi bilgan inson qayerda bo‘lmasin o‘z ishini topadi, o‘zgalarning yordamiga muhtoj bo‘lmaydi. Shuning o‘ziyoq globallashuv davrida til bilish naqadar muhim ekanligidan dalolat beradi.

 

Mashhur siyosatchi Nelson Mandela aytganidek, “Agar siz bir odam bilan u tushunadigan tilda gaplashsangiz, uning ongiga kirib borasiz. Agar siz u bilan uning ona tilida so‘zlashsangiz, uning yuragiga kirib borasiz”. Shu sababli chet tilida ham ona tilidek chiroyli so‘zlash, xushmuomala bo‘lish yoshlarga faqat va faqat yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.

 

Keyingi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda, internet saytlarida xorijda mehnat faoliyatini olib borayotgan yoshlarimizning til bilmasligi, qo‘lida yaxshi hunari yo‘qligi sababli turli qiyinchiliklarga, muammolarga duch kelayotgani haqida ko‘p eshityapmiz. Bu har birimizni o‘ylantiradi, mushohadaga chorlaydi. Bundan shunday xulosa qilish mumkinki, ushbu masalada hali muammolar bor.

 

Xo‘sh, bu muammoning oldini olish mumkinmi? Albatta, mumkin. Buning uchun yurtdoshlarimiz Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi xizmatlaridan samarali foydalanishlari kerak, xolos. Lekin ko‘pchilik fuqarolarimiz o‘z xavfsizligini o‘ylamay, Rossiya yoki Qozog‘istonga borishni afzal ko‘radi.

 

Axir bugun mamlakatimizda xorijga ishlash uchun ketish istagidagi mehnat migrantlarini til va kasb-hunarga o‘qitish, xavfsizligi va kafolatlangan ish bilan bandligini ta’minlash bo‘yicha yangi tizim yo‘lga qo‘yilgan-ku! Davlatimiz tomonidan yaratib berilayotgan imkoniyatlar, sharoitlarga qaramay, yoshlarimiz chet tilini bilmasa-da, xorijga tavakkalchilik asosida erkin chiqib ketyapti. Til bilmasligi bois, ish izlash, tanlash, muloqot qilish va huquqlarini talab qila olmayapti.

 

Mazkur muammolarni hisobga olib, yurtimizda mehnat migratsiyasini, xalqaro mehnat migratsiyasi jarayonlarini o‘z ichiga oluvchi migratsiya siyosatini shakllantirish yo‘lida izchil ishlar olib borilmoqda. Mehnat migratsiyasi masalalarini tartibga solish, mavjud muammolarni bartaraf etish, chet elga ketishdan oldin yurtdoshlarimizning kasbiy mahoratini oshirish imkoniyatini yaratishga katta e’tibor qaratilayotir.

 

Masalan, ayni chog‘da 28 ta davlatning 300 ga yaqin ish beruvchi va rekruting agentliklari bilan O‘zbekistondan ishchi kuchini jalb qilish bo‘yicha hamkorlik shartnoma imzolangan. Shuningdek, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan xorijiy tillarni va kasb-hunarni o‘rgatish uchun 32 ta monomarkaz, 53 ta kasb-hunar o‘qitish va 13 ta qurilish sohasi malakali mutaxassislarini tayyorlash markazi, 10 ta xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikda respublikamizda 48 ta kurslar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

 

Prezidentimiz raisligida shu yil 2-aprel kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda ushbu yo‘nalishdagi ishlarni tashkil etishda yangicha tizim yaratilishi bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi. Unga ko‘ra, 27 ta professional ta’lim muassasasida yangi o‘quv kurslari yo‘lga qo‘yiladi. Unda xorijda ishlash istagi bo‘lgan fuqarolar 1 yilgacha muddatda to‘lov-kontrakt asosida tayyorlanadi hamda ularni chet tiliga o‘qitishda xususiy o‘quv markazlari bilan hamkorlik qilinadi.

 

Kasbiy malakasi yo‘q, tilni bilmaydigan fuqarolarni esa kasbga o‘qitish va profta’lim muassasalarida maqsadli tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi. Buning uchun Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi huzurida fuqarolarni xorijiy tillarga o‘rgatish va ishlashga maqsadli tayyorlash markazi ochiladi.

 

Shu bilan birga, Buyuk Britaniya, Germaniya, Polsha, Vengriya, Yaponiyadagi elchixona va konsulliklarda mehnat migratsiyasi bo‘yicha attashe, Saudiya Arabistonida agentlik vakili lavozimi joriy qilinadi. Xorijdagi fuqarolarimiz muammosini tezkorlik bilan hal qilish uchun elchixonalar va tegishli vazirliklarda 24 soat ishlaydigan “koll-markazlar” tashkil etiladi. Bu tizim orqali esa yurtdoshlarimiz o‘zlarini o‘ylantirayotgan barcha masalalarga tezkorlik bilan javob olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

 

Sirasini aytganda, mamlakatimizda fuqarolarni chet elga tartibli va xavfsiz jo‘natish bo‘yicha muayyan ishlar qilinmoqda. Bu borada “xorijga ish — mahalladan” tamoyili yo‘lga qo‘yilayotgani e’tiborga molik. Unga ko‘ra, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi xorijda ishlash istagida bo‘lgan fuqaroni aniqlab, “Onlayn mahalla” platformasiga kiritadi. Nomzodlar xorijdagi ish beruvchilar tanlovlariga jalb qilinadi. Kasbiy malakasi yo‘q va tilni bilmaydigan fuqarolarni kasbga o‘qitish va profta’lim muassasalarida maqsadli tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.

 

Umuman olganda, mamlakatimizda mehnat migratsiyasi tizimini takomillashtirish, fuqarolarni xorijga chiqishdan oldin kasb-hunarga o‘rgatish, bilim va malakasini oshirishga qaratilgan salmoqli ishlar qilinmoqda. Ushbu sa’y-harakatlardan ko‘zlangan maqsad bitta: toki chet ellarda mehnat qilayotgan yoshlarimiz hech bir to‘siq yoki muammoga duch kelmasin, vataniga, oilasi bag‘riga sog‘-omon qaytsin.

 

Sherzod QULMATOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
“Milliy tiklanish” fraksiyasi aʼzosi