Yangiliklar

Gender tengligi: yondashuv va qarashlar o‘zgarishi kerak

137

26.04.2024

current article imagecurrent article image

Markaziy Osiyoda birinchi bo'lib O'zbekiston 2030-yilga qadar gender tenglikka erishish strategiyasini qabul qildi. Bu xotin-qizlarning siyosiy partiyalardagi faoliyati, davlat boshqaruvidagi ishtirokini yanada oshirish, ularni oliy ta'limga, tadbirkorlik, axborot-kommunikatsiya, innovatsiya, energetika va muhandisiik sohalariga kengroq jalb etish uchun mustahkam huquqiy asos rolini bajara boshladi. Mazkur strategiya zo'ravonlikdan jabr ko'rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish tizimini tubdan takomillashtirish, bu bo'yicha qarorlar qabul qilish va ijro etishda xotin-qizlar va erkaklar o'rtasida tenglik tamoyilini tatbiq etish, ularning huquq va imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishdan tashqari iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotda gender tenglik targ‘ib qilinishini ta’minlashga oid keng qamrovli yondashuvlarni ham nazarda tutadi.

 

«Milliy tiklanish» demokratik partiyasining 2020 - 2024-yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturida ham gender tenglik masalasiga alohida urg‘u berilgan bo‘lib, unda: «Partiya xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, gender tenglik tamoyillarini ta’minlashni qo‘llab-quvvatlaydi», deb qayd etilgan. Shuningdek, hujjatda ayollarning farzand tarbiyasidan ajralmagan holda ishlashi uchun zarur shart-sharoit yaratish, hayotiy muammolarini aniqlab, hal etishning konstruktiv tizimini joriy etish, og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan opa-singillarimizni qo‘llab-quvvatlash kabi ustuvor vazifalar ham belgilangan. Qayd etish joizki, ajrim oqibatida uy-joysiz qolgan ayollar va ularning farzandlari manfaatlarini himoya qilish, oilalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirishda erkaklar va xotin-qizlar bilan yakka tartibda ishlash tizimini yo‘lga qo‘yish masalasi ham partiya o‘ta muhim deb hisoblayotgan masalalardandir.

 

Eng asosiysi, bunday vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida xotin-qizlarning siyosiy faolligini oshirish, partiya boshqaruvida yetakchi ayollarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi dastur ham qabul qilindi. Bundan tashqari, tizimda faoliyat yuritayotgan xodimalar (yosh bolalilar) uchun moslashuvchan ish tartibi joriy etilib, ularga oylik maoshlari saqlangan holda ishga bir soat kech kelish hamda bir soat erta ketish imtiyozi berildi. Partiya tizimidagi xotin-qizlarning siyosiy, huquqiy bilim va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida esa muntazam ravishda siyosiy o‘quvlar tashkil qilinyapti, ichki hujjatlarda gender statistikasini yuritish va gender reytinglarini e’lon qilib borish yo‘lga qo‘yildi. Partiyaning «Ayollar qanoti» tuzilmasi ham ana shu talablar asosida takomillashtirib borilmoqda.

 

Bunday sa’y-harakatlar samarasi o‘laroq, «Ayollar qanoti» bevosita xotin-qizlar masalalari bilan shug‘ullanadigan o‘nga yaqin NNTlar bilan hamkorlik Memorandumlarini imzoladi. Ayolning oiladagi o‘rnini yo‘qotmagan holda jamiyatdagi faolligini oshirish, bandligini ta’minlash, savodxonlik darajasini aniqlash, muammolarini ijobiy hal etishga qaratilgan «Xizmat-beminnat», «Uyma-uy», «Deputat bilan yuzma-yuz», «Sayyor qabul», «Uch avlod uchrashuvi», «Ayol va siyosat», «Saylovchidan - saylanuvchiga», «Ayol - millat ovozi», «Biz zo‘ravonlikka qarshimiz!», «Nodirai davronlar» kabi bir qator targ‘ibot-tashviqot tadbirlari, motivatsion loyihalar, tanlovlaru o‘quv-seminarlarining izchil o‘tkazilayotgani natijasida partiya a’zolari safida ayollar ulushi ortib bormoqda.

 

Raqamlarga e'tibor qaratsak: 2019-yilda partiya a'zolarining 45,5 foizi xotin-qizlardan iborat bo'lgan bo'lsa, bu ko'rsatkich 2023-yilning mos davrida (184 534 nafar) 47 foizni tashkil etdi. E'tibor bering: partiya boshqaruvidagi xotin-qizlar ulushi 2019-yilda 315, rahbarlik lavozimlarida 121 nafarni tashkil etgan bo'lsa, 2023-yilda partiya boshqaruvida 381, rahbarlik lavozimlarida 195 nafar xotin-qiz faoliyat yuritmoqda. Deputat ayollarimizdan 109 nafari mansab pillapoyalaridan yuqoriladi.

 

Keyingi besh yilda mahalliy kengash sessiyalariga aynan gender tenglikka oid 57 ta masala kiritilgani ham bu boradagi faolligimizni ko'rsatadi.
Shu o'rinda yana bir ma'lumot: 2023-yilda «Deputat ayollar klubi» a'zolari tomonidan «Uyma-uy» loyihasi doirasida 19068 ta xonadonning ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi muammolari o‘rganildi. Xotin-qizlar murojaatlari asosidagi 9222 ta masala ijobiy hal etilib, 2258 nafar xotin-qizning bandligi ta’minlandi. 992 nafariga bank krediti olishda amaliy yordam ko‘rsatildi.

 

Bundan tashqari, 3695 nafar xotin-qizga sog‘liqni saqlash va ijtimoiy masalalarda yordam ko‘rsatildi. 982 nafarining uy-joy va yer-mulk bilan bog‘liq muammolari ijobiy yechim topdi, 9491 nafari esa «Ayollar daftari»ga kiritildi.

 

Xotin-qizlar bilan manzilli ishlash uchun 3751 marotaba «Sayyor qabul»lar uyushtirilib, 12 759 ta murojaatning 6856 tasi mutasaddilar ko‘magida hal etildi. 5903 tasi esa deputatlar tomonidan nazoratga olindi. «Ayollar va Yoshlar qanoti» tashabbusi bilan «Xizmat-beminnat» loyihasi doirasida mahallalardagi ishsiz xotin-qizlarga bepul kasb-hunar o‘rgatish maqsadida joylardagi 658 ta o‘quv kurslariga 2571 nafar xotin-qiz biriktirildi.
«Nizoli oila deputat nazoratida» loyihasi doirasida esa ajrim yoqasiga kelib qolgan 596 ta yosh oila murosaga keltirildi.

 

Ammo masalaning boshqa tomoni ham bor: bugun jamiyatda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, oliy ta’lim olishlari uchun har qancha shart-sharoit yaratilmasin, saylov tizimiga oid qonunchilikka harqancha o‘zgartirishlar kiritilmasin, agar ayolning o‘zida faollashishga ishtiyoq, xohish bo‘lmasa, hech qanday natijaga erishib bo‘lmaydi. Ayol o‘ziga, bilimi, salohiyati va qobiliyatiga ishonmasa, uning faoliyat maydoniga chiqishi amrimahol. Buning uchun xotin-qizlarda yetakchilik qobiliyatini shakllantirishga qaratilgan motivatsion tadbirlarni ko‘paytirish, umumta’lim maktablarining yuqori sinf o‘quvchi-qizlari, shuningdek, kollej talabalari o‘rtasida siyosatga oid so‘rovnomalar, ko‘rik-tanlovlar tashkil etish, g‘oliblarni rag‘batlantirish orqali siyosatchi ayollarning yangi avlodini shakllantirish maqsadga muvofiqdir.

 

Yana bir ma’lumot: «Ayollar qanoti» tashabbusi bilan Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi qoshidagi «Qizlarjon» hamda Yoshlar ishlari agentligi qoshidagi «Qizlar ovozi» klublari a’zolari ishtirokida o‘tkazilgan «Nodirai davronlar» ko‘rik-tanlovida 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan 1500 mingdan ziyod xotin-qizlar ishtirok etdi. Biz uchun ushbu tanlovning samarasi shu bo‘ldiki, ishtirokchilarning aksariyati partiyamizga a’zo bo‘lishdi.

 

Opa-singillarimiz uchun «Men muvaffaqiyatli ayolman», «Liderlik zavqi», «Deputat bo‘lmoqchiman» kabi mavzularda o‘tkazilgan 41ta motivatsion tadbir, 583 ta davra suhbati, 5 ta ko‘rik-tanlov, 7 ta maqsadli loyiha, 3 ta fleshmob, 1 ta aksiya, 640 ta targ‘ibot tadbiri va 288 ta amaliy uchrashuvlar ham siyosatchi ayollarga o‘zligini namoyon etish imkonini berdi deyish mumkin.

 

Jamiyatimizda siyosatchi ayollar haqida ijobiy fikr shakllantirish maqsadida 148 ta ijtimoiy roliklar tayyorladik.

 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi ayol deputatlar ishtirokida esa «Ayol va siyosat» ruknida «Siyosatga marhamat!» mavzusida 18 marotaba mahorat darslari o'tildi. Ta'kidlash lozimki, Oliy Majlisdagi fraksiyamiz, «Ayollar qanoti» hamda patiya qoshidagi «Deputat ayollar klubi» a'zolari hamda mavzuga doir ekspertlarining fikrlari asosida Gender strategiyasiga 130 dan ziyod takliflar kelib tushgan edi. Ular orasidan partiya Saylovoldi dasturida belgilangan vazifalardan kelib chiqadigan o'ttizga yaqin mukammal takliflar Oliy Majlis
Senatiga taqdim etildi.

 

Ma'lumki, Gender tenglikka erishish strategiyasidan ko'zlangan maqsad xotin-qizlarni tazyiq va zo'ravonliklardan himoya qilish, ularning bevosita va bilvosita kamsitilishiga yo‘l qo'ymaslik, gender stereotiplarini bartaraf etish, bir so‘z bilan aytganda, erkaklar va ayollar tengligini ta’minlashda milliy qadriyatlarimizga tayangan holda yondashishdan iborat.

 

Feruza JALILOVA,

partiya Markaziy kengashi bo'lim boshlig'i

“Milliy tiklanish” gazetasining 2024-yil 24-aprel sonidan olindi