Yangiliklar

Hokim janoblari, “Abdulla Qodiriy” ham “Dream Park”ka aylanib ketmaydimi?

309

26.04.2024

current article imagecurrent article image

Nihoyat Toshkent shahar hokimligidan 2018-yildan buyon jamoatchilikni qiziqtirayotgan bir masalaga oid «sado» chiqdi: 2022-yili qayta ta'mirlash uchun yopilgan «Abdulla Qodiriy» hamda «Do‘stlik» bog'lari qayta ta'mirlanadigan bo'libdi.

 

Qayd etilishicha, bu ikki bog‘ O'zbekiston - Singapur qo'shma korxonasi BMP Smart Decision Private Limited kompaniyasiga 49 yilga ijaraga berilgan. Abdulla Qodiriy bog'i «tinch-sokin joy sifatida» qayta ta'mirlanadi, u yerda attraksionlar bo'lmaydi. Do'stlik (eski nomi Bobur) bog'iga ko'pi bilan 10 ta attraksion joylashtirilib, asosiy e'tibor yashillikni ko'paytirishga qaratiladi.

 

Tan olish kerak, bugunga qadar bu ikki bog‘ taqdiri haqidagi taxminlar poytaxtliklarni xavotirga solib kelayotgan, hatto matbuotda bir necha marta katta so‘roq ostida maqolalar berilgan bo‘lsa-da, mutasaddilardan tayinli javob chiqmayotgandi. Xususan, gazetamizning 2023-yil 1-noyabrdagi 37-sonida «Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov diqqatiga! Abdulla Qodiriy bog'i sotilib ketganmi?» sarlavhali maqola e'lon qilingan edi. O'tgan olti oy mobaynida hokimlikdan biror javob yoki maqolaga munosabat ham bildirilmadi.

 

BMP Smart Decision Private Limited rahbari o'rinbosari Zafar Mirzaulug'ovning ta'kidlashicha, har ikki bog'ning qayta ta'mirlanish muddati 3 yil qilib belgilangan. Shuningdek, investorlarda ishlarni jadal tashkil etib, rekonstruksiyalash ishlarini 1,5 yilda yakunlash rejasi ham bor. Bundan tashqari, bog‘ yonida Abdulla Qodiriy kutubxonasi va qo'shimcha yana umumiy kutubxona qurish, bog'ning asosiy darvozasi ochilishi ham rejadan o'rin olgan. Darvoqe, Abdulla Qodiriy bog‘ida 4-5 qavatli binolar bo‘lmasligi, faqat yengil oynali konstruksiyalar, fudkort va milliy taomlar bo‘lishi ma’lum qilindi. Mas’ullarning ma’lum qilishlaricha, har bir istirohat bog‘iga kamida 10 million dollardan investitsiya kiritish sharti bilan ijaraga berilgan.

 

Ochig'i, bu qarordan quvondik. Yillar davomida abgor holatda yotgan har ikki bog‘ endi obod bo'lib, ko'rkam ko'rinishga kelsa, yaxshiku. Xalqqa foydasi tegadi, qolaversa, ulug' adibimizning nomi berilgan bog‘ «qayta tug‘iladi».

 

Lekin millatning buyuk farzandlari, ularning hayoti va ijodi bilan bog'liq hududlar, uy yoki binolar davlat ixtiyorida qoldirilsa bo'larmidi? Chunki yaqin tariximizda G'ofur G'ulom nomidagi istirohat bog'ining bir kechada «Dream park»ga aylanib qolganiga guvoh bo'lganmiz.

 

Zotan, Chilonzor tumanidagi «G‘afur G‘ulom» bog'i ham xuddi shu - BMP Smart Decision Private Limited kompaniyasiga 49 yilga ijaraga berilgan edi.

 

Jurnalistlarning bog'larda attraksionlar o‘rnatish masalasiga oid savollariga BMP Smart Decision rahbari Otabek Mirzajonov shunday javob berdi: «Masalan, «G‘afur G‘ulom»da 40 ta attraksion bo‘lsa, «Bobur»da 10 tadan ko‘p bo‘lmasa kerak. Biz attraksion qo‘yishga majbur bo‘lganimiz sababi yiliga faqat yashil fonni himoya qilish, kengaytirish va xodimlarning oyligi uchun 6 milliard so'mdan ko‘p pul ketadi».

 

Yana ta'kidlaymiz, bog'larni serdaraxt makonga aylantirish hamda tinch va salqin joy qilishga harakat qilinyapti. Shuningdek, bog'da shou va konsertlar uchun amfiteatr qayta tiklanadi, shaxmat maydonchasi, yoga va vorkaut zonasi, bir nechta bolalar maydonchalari paydo bo'ladi. Eng muhimi, investorlar bog'larni rekonstruksiyalash jarayonlari OAV hamda jamoatchilik vakillari uchun doimo ochiq bo'lishini ma'lum qilishdi. Demak, jarayonni kuzatishda davom etamiz. Nima bo'lganda ham avvalgi ko'rinishidan asar ham qolmagan olmazorlik va shayxontohurliklarga qadrdon bo'lib qolgan Abdulla Qodiriy hamda ko'plab yoshlarning mutolaasi, keksalarning diydorlashuvi-yu Layli Majnunlarning dil izhorlariga guvoh bo‘lgan «Do‘stlik» bog‘ining nomlari ham o‘zgarib ketmasa bo‘ldi...

 

Mahbubabonu JUMANAZAR QIZI,

«Milliy tiklanish» muxbiri

“Milliy tiklanish” gazetasining 2024-yil 24-aprel sonidan olindi