Yangiliklar

Ertak kitobidagi zalolat yoxud mas’uliyatsiz noshirlar o‘qimasin

345

26.04.2024

current article imagecurrent article image

2017-yilda 131 ta nashriyot, 1815 ta matbaa korxonasi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan bo‘lsa, 2020 yilga kelib nashriyotlar soni 200 dan oshgan.

 

Davlat ulushiga ega bo‘lgan nashriyotlar esa 47 taga yetgan. Bu ko‘rsatkichlar 2016-yilga nisbatan xususiy nashriyotlar soni 288 foizga oshganini ko‘rsatmoqda.

 

Zotan, 2020-yili jami nashriyot-matbaa korxonalarining yillik ishlab chiqarish quvvati 273,6 million nusxaga yetgan.

 

Lekin afsuski, sifatga, kitoblar mazmuniga kelganda aksariyat noshirlarimiz sezilarli darajada oqsay boshladilar.

 

Bunga birgina «Adabiyot uchqunlari» nashriyotida chop etilgan «O‘zbek xalq ertaklari» rukni ostidagi «Oltin olma» (muallif A. Najmiddinov) ertak kitobi ham misol bo‘lishi mumkin. Tan olish kerak: endi-endi tafakkuri shakllanib kelayotgan avlodga mo‘ljallangan kitobdagi xatolar katta avlod vakillarining loqaydligi mahsuli, xolos. Eng yomoni, ertakdagi “hazm” qilib bo‘lmaydigan ushbu jumlalar orsizlikni targ‘ib qilayotgandek, go‘yo: «Bir zamonda ikki yigit maktabda birga o‘qishgan ekan, shunda ulardan biri gapdan gap chiqib, «do‘stlikning hurmati, katta bo‘lib uylansam, birinchi kunni xotinim sening uyingda o‘tkazadi», debdi...

 

Qayd etish joizki, globallashayotgan dunyoda hatto, bog‘cha bolasini fikrlashi ham chaqmoq tezligida. Shundoq ham yosh avlodni mutolaaga oshno qilish qiyin kechayotgan bir paytda yuqoridagidek kishi g‘azabini qaynatadigan “kitobcha”larning ko‘payib borayotgani ushbu sohadagi inqirozdan dalolatdir. Pedagoglik faoliyatimda ko‘p bora badiiy adabiyotimizdagi bu kabi qusurlarga duch kelganman. Va, bu hol kun sayin «bolalayotgani» noshirlik tizimini jiddiy o‘rganish, tahlil qilish va nazoratga olishni taqozo etayotir. Qo‘limga shu kabi “sho‘r” ertak tushib qolsa, unga tuzatish kiritib o‘qib beraman. Ammo ularning o‘zi buni o‘qisa-chi? Tushunmagan jumlalarini tushuntirish asnosida qiynalasan, kishi.

 

Mahmudxo‘ja Behbudiyning 1913-yil 30-iyul kuni “Samarqand” gazetasida chop etilgan «Millatlar qanday taraqqiy etarlar?» sarlavhali maqolasida shunday so‘zlar bor: «Har millatning ulamosi, ahli qalami, mutafakkiri o‘z millatining oyandasi uchun yo‘l ko‘rsatur, mashvarat berur, millat axloqining islohi uchun masjidlarda pand va nasihat berur, maktab va madrasalarda dunyo va oxiratda kerak ilm va fan, taʼlim berarlar, kitob va gazet ila ummatni muslihi uchun bahs va mukolamalar qilurlar». Behbudiyning fikricha, quyi va yuqori maktabning isloh etilishi millatning isloh etilishiga olib keladi. Unga ko‘ra, millatning isloh etilishi barcha targ‘ib qilishi kerak bo‘lgan milliy g‘oyadir.

 

Shuningdek, yuqoridagi maqolada jadid bobomiz «Mil-latning yosh bolalari maktabda, lekin bizniki hammollikda va gadoylikda», deya o‘kinadi. Bu o‘kinch kecha-kechagacha bizga ham begona emas edi. Boisi, maktab o‘quvchilari, baʼzan boshlang‘ich sinf o‘quvchilari ham o‘quv yilini nomiga maktabda birinchi qo‘ng‘iroqni chalish bilan boshlar, birinchi chorakni paxta dalasida yakunlardi. Shukrki, u kunlar tarixda qoldi. Endi millatning bo‘lajak bunyodkorlari bo‘lgan bolalar o‘quv yilini dalada emas, shinamgina sinfxonalarda boshlashyapti. Ammo bugunga kelib yosh avlod maʼnaviyatini to‘g‘ri, qusursiz shakllantirish eng dolzarb muammoga aylanyaptiki, uning ishtirokchilari aynan ziyoli qatlam vakillari ekani kishini chuqur o‘yga toldiradi.

 

Yana mavzuga qaytsak: boshlang‘ich sinf o‘quvchilari bilan ishlash shubhasiz har qanday o‘qituvchidan ikki karra ko‘p kuch, bilim va sabr-toqat talab qiladi. Darsda yarmi uyqusirab, yarmi nonushta ilinjida tanaffus kutayotgan, yana bir qismi boshqa ehtiyojlar vajidan qo‘l ko‘tarib charchamaydigan, o‘yinqaroq 24 (ayrim sinflarda ko‘proq ham) bolaga mantiqan fikrlash, to‘g‘riyu, noto‘g‘rini farqlashni o‘rgatish uchun albatta, xalq pedagogika-sidan foydalanaman. Tabiiyki, bu o‘rinda turli nashriyotlarda «O‘zbek xalq ertaklari» rukni ostida chop etilayotgan kitob-larga murojaat qilishga to‘g‘ri keladi. Ahvol esa o‘zingizga maʼlum. To‘g‘ri, didaktik adabiyotlarning hammasini ham nuqsonli deyish noto‘g‘ri. Lekin ko‘plab xususiy noshirlar kim o‘zarga, mijoz ko‘paytirishu g‘aznani to‘ldirishga ishlashyapti, xolos. Chop etayotgan kitoblarining mazmuni esa ahamiyatsizdek ular uchun. Oxir-oqibat savodsiz muallif, savodsiz tarjimon ko‘rpasida tetapoya bo‘lgan kitoblar peshtaxtalarni to‘ldiryapti.

 

Shu o‘rinda yana bir og‘riqli muammo: kitobxonlikning noyob xislatga aylanib borayotgani haqida ham ikki og‘iz mulohaza yuritsak.

 

Manbalarda qayd etilishicha, 2022-yilda O‘zbekistonda 1100 nomda jami 2,1 mln. nusxa kitob va broshyuralar chop etilgan. Bu davrda mamlakatda 19 yoshgacha 13,1 mln. nafar fuqaro bo‘lib, ularning har biriga 0,15 do-nadan (bitta ham emas!) kitob to‘g‘ri kelgan. Agar bu kitoblar ichidan bolalar va o‘smirlarga mo‘ljallanganlari ajratib olinsa, nisbat yana-da kamayishi aniq. Taqqoslanganda ayni davrda har bir amerikalik bola va o‘smirga salkam 3,5 tadan kitob to‘g‘ri kelarkan. Vaholanki, g‘arbdan ko‘ra, sharqona tarbiyada ko‘proq kitob o‘qish targ‘ib qilinmaydimi? Lekin amalda buning aksi bo‘lyapti.

 

Xalqaro tadqiqot instituti o‘tkazgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, 2016-yili dunyoning eng kitobxon millati deb xitoyliklar tanlanibdi. So‘rovnomaga javob bergan xitoyliklarning 70 foizi har kuni yoki har haftada aqalli bir marta kitob o‘qishlarini bildirganlar. Ikkinchi o‘rinni rossiyalik (59 foiz), uchinchilikni esa ispaniyalik kitobxonlar (57 foiz) egallashgan. Ushbu institut tomonidan avvalgi yillarda o‘tkazilgan tadqiqot esa hindistonliklarning haftasiga 10,7 soat, tailandliklarning 9,4 soat, xitoyliklarning esa 8 soat vaqtini kitobga sarflashlarini ko‘rsatgan.

 

Yana bir gap. AQSHda kitob-xonlik u qadar rivojlanmagan bo‘lsada, 300 mln. aholi yashaydigan bu mamlakatda har yili 400 mln.ta badiiy kitob sotila-di. Bizda esa 37 mln. aholi yashaydi, afsuski, kitob xaridi 1 millionga ham yetmaydi. Ko‘rib turganingizdek, taqqoslaganingiz sari mutolaadan uzoqlashayotgan avlod haqidagi xavotirlarimiz kuchaymoqda.

 

Mulohazamizni qaysidir nashriyotning xatosi, loqaydligi va hatto aytish mumkinki, savodsizligi bilan chop etilgan ertak kitobdagi noo‘rin jumlalar bilan boshlagan edik. Gap-gapga ulanib, ichimizda yig‘ilib qolgan “dard”ni to‘kdik. Xulosa o‘rnida esa qaysiki xalq, qaysiki millat ertangi kun bunyodkorlari bo‘lgan yosh avlod tarbiyasiga loqayd qarar ekan, Behbudiy taʼkidlaganidek, jaholat sari odimlayveradi. Ortga qaytish esa tobora mushkullashib boraveradi...

 

Hafiza AKBAROVA,

Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi 43-umumtaʼlim maktabi boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi

“Milliy tiklanish” gazetasining 2024-yil 24-aprel sonidan olindi