ALISHER KELDIYEVICH QODIROV
“MILLIY TIKLANISH” DEMOKRATIK PARTIYASIDAN
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTLIGIGA
NOMZOD

TARJIMAI HOL

      Alisher Keldiyevich Qodirov 1975-yil 12-martda Toshkent shahrida ziyolilar oilasida tug‘ilgan.
       Millati – o‘zbek. Ma’lumoti – oliy. 1996-yilda Turkiya Respublikasining Egey universitetini (bakalavr), 2009-yilda Toshkent moliya institutini (bakalavr), 2011-yilda esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tamomlagan. Ixtisosligi – filolog, iqtisodchi.
       Mehnat faoliyatini 1996-yilda Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligining Jizzax viloyati boshqarmasida yetakchi mutaxassis vazifasidan boshlagan. 1997–2009-yillarda Davlat mulk qo‘mitasining Jizzax viloyati boshqarmasida yetakchi mutaxassis, bo‘lim boshlig‘i va boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.
       2009–2015-yillarda Jizzax viloyati Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat olib borgan.
       2015-yildan buyon O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati.
       2017–2019-yillarda jamoatchilik asosida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markaziga rahbarlik qilgan.
       2019-yildan shu kunga qadar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi, partiyaning Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi rahbari lavozimlarida ishlab kelmoqda.
       A.K.Qodirov Jizzax erkin iqtisodiy zonasining tashkil etilishida faol ishtirok etgan. Shuningdek, 18 yoshgacha bolalar tarbiyasini tashkil etishga oid uchta kitobdan iborat qo‘llanmaga hammuallif, 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan davrda tarbiya va ta’limning uzluksizligini ta’minlash bo‘yicha “Uzluksiz tarbiya konsepsiyasi”ni ishlab chiqishda faol qatnashgan.
       A.K.Qodirov, shuningdek, Ta’lim-tarbiya sohasini samarali isloh qilish bo‘yicha Oliy Majlis huzuridagi Parlament komissiyasi raisi hisoblanadi.
       Oilali – ikki o‘g‘il, ikki qizi bor. Rafiqasi M.I. Qodirova – Toshkent shahridagi 83-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchisi.