Aholini ish bilan taʼminlash bo‘yicha tashlangan yana bir muhim qadam — Янгиликлар — Миллий тикланиш

Ўзбекистон Миллий тикланиш демократик партияси

Партия логотипи Партия логотипи

Aholini ish bilan taʼminlash bo‘yicha tashlangan yana bir muhim qadam

Birlashgan Millatlar Tashkiloti maʼlumotiga qaraganda, pandemiya sabab bo‘lib, dunyo bo‘yicha 100 milliondan ortiq odam ishsiz qoldi. Natijada o‘tgan yili 22 yil ichida ilk bor qashshoqlik darajasi keskin o‘sdi. Yaʼni, 176 million kishi qashshoqlar qatoriga qo‘shildi. Katta iqtisodiy zarar ko‘rgan davlatlar hamon o‘zini tiklay olmayapti. Aksariyat mamlakatlar pandemiyadan jabr ko‘rgan aholisini ijtimoiy himoya qila olmayapti.

O‘zbekiston iqtisodiyoti ham pandemiyadan kam zarar ko‘rmadi. Yuzlab, minglab korxonalar faoliyatini vaqtincha yoki butunlay to‘xtatishga majbur bo‘ldi. O‘tgan yilning uchinchi choragida ishsizlik darajasi 15 foizga ko‘tarildi. Taʼkidlash joiz, mamlakatimizda pandemiya asoratlarini kamaytirish bo‘yicha o‘z vaqtida samarali chora-tadbirlar amalga oshirildi. O‘rta va kichik biznes subyektlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ular turli soliq va majburiy to‘lovlardan butunlay yoki qisman ozod etildi. Aholini ijtimoiy himoya qilish, ayniqsa, ishsiz fuqarolarga yordam berish, yangi ish o‘rinlarini yaratish eng ustuvor vazifaga aylandi va bu pandemiya bilan bog‘liq salbiy ko‘rsatkichlarning pasayishiga yordam berdi.

Aholini ish bilan taʼminlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar faollashsa faollashmoqdaka, pasaygani yo‘q. Prezidentimizning hududlar iqtisodiyoti, aholi turmush sharoitlari bilan yaqindan tanishish maqsadida viloyatlarga qilayotgan safarlarida ham asosiy eʼtibor ishsizlikni kamaytirish orqali kambag‘allikni qisqartirishga qaratilmoqda. Deyarli har bir selektor yig‘ilishlarida ushbu masala muhokama qilinyapti. Jumladan, davlatimiz rahbari raisligida 8-iyun kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishi ham shu masalada bo‘ldi.

Yig‘ilishda qayd etilganidek, joriy yilda bandlik dasturi doirasida 457 mingta doimiy ish o‘rni tashkil etish ko‘zda tutilgan. Buning asosiy manbalari qishloq xo‘jaligi, tadbirkorlik, savdo va servis sohalaridir. Masalan, magistral yo‘llar bo‘yida savdo va xizmatlarni yo‘lga qo‘yish, shahar va tuman markazlarida maxsus ko‘chalar tashkil etish orqali 150 mingta ish o‘rni yaratish mumkin.

Aholi bandligini taʼminlashdagi yana bir katta zaxira – yer. Shu yil yanvarda yoshlarga ekin maydonlaridan yer ajratilgani yaxshi natija berdi. Endi Surxondaryoda boshlangan tajriba asosida, ishsiz aholiga qishloq xo‘jaligi yerlarini 10 yil muddatga dehqonchilik bilan shug‘ullanish uchun ijaraga berish tartibi joriy qilinadi. Buning uchun joriy yildan boshlab qariyb 100 ming gektar g‘alladan bo‘shagan yer maydonlari ishsiz aholiga dehqon xo‘jaligi tashkil etish uchun beriladi. Paxta hosilidan keyin ushbu maqsadlar uchun yana 100 ming gektar yer ajratiladi.

– Yoshlarga yer berilishi tajriba bo‘lgan edi. Endi katta tizimga o‘tyapmiz. Yerni haqiqiy egasiga – xalqqa beramiz. Hokimlar, sektor rahbarlari qaysi paxta va g‘alla maydonini qisqartirishni aniqlab, ularni ishsiz aholiga berishi zarur. Berganda ham, manfaatdor qilib, adolatli ajratish kerak. Bu yuz minglab odamlarimizni ish bilan, daromad bilan taʼminlaydi, – dedi davlatimiz rahbari qishloq xo‘jaligi va tadbirkorlikni rivojlantirish orqali aholi bandligini taʼminlash hamda oziq-ovqat mahsulotlari hajmini ko‘paytirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida.

Maʼlumki, yer uchastkalarini ajratish masalasi eng chigal muammo va korrupsiyalashgan jarayon edi. Shu bois, 8 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni taʼminlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Farmonda belgilanganidek, endi tadbirkorlik uchun yerlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri va tekinga berish amaliyotidan butunlay voz kechiladi. Yerlar hamma uchun bir xil va oshkora, elektron auksion orqali xususiy mulk qilib sotiladi yoki ijaraga beriladi. Tuman va shahar hokimlarining yer ajratish va ularni qaytarib olish bilan bog‘liq barcha vakolatlari bekor qilindi.

Albatta, aholi bandligini taʼminlash, oziq-ovqat yetishtirishni ko‘paytirish masalalarida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi hamda yer munosabatlarini tartibga solish maqsadida qabul qilingan Farmon bu borada uzoq yillardan buyon yechimini kutayotgan muammolarni hal qilishda muhim ahamiyatga ega bo‘lishi shubhasiz. Endigi vazifa bu borada belgilangan topshiriq va vazifalarni o‘z vaqtida va to‘la ijro qilinishini taʼminlashdir. Bunda biz deputatlarga ham katta masʼuliyat va ishonch bildirilmoqda.

Ahmadjon G‘ANIYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
«Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyasi aʼzosi