Bir daryodan suv ichgan qardoshlar — Янгиликлар — Миллий тикланиш

Ўзбекистон Миллий тикланиш демократик партияси

Партия логотипи Партия логотипи

Bir daryodan suv ichgan qardoshlar

O‘zbekistonning qo‘shni davlatlar bilan aloqalari so‘nggi yillarda yangi bosqichga ko‘tarildi. Xalqimizning qon-qoniga singib ketgan qarindoshchilik, qo‘ni-qo‘shnichilik rishtalari davlatimiz siyosatida ham o‘z aksini topmoqda.

Kuni kecha davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Tojikiston prezidenti Emomali Rahmonning taklifiga binoan rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatga jo‘nab ketgan edi. Jarayonlarni qizish bilan kuzatib bordik. Tojikiston hukumati va xalqi Prezidentimiz tashrifiga munosib tayyorgarlik ko‘rgani, mamlakatimizga bo‘lgan hurmati, eʼtibori bizni benihoya mamnun etdi. Vatanimiz bayrog‘iga qilingan ehtirom, xalqning ko‘tarinki kayfiyati mehmondo‘st va samimiy tojik qarindoshlarimizning yuz-ko‘zidan sezilib turardi.

Bizga yanada quvonch baxsh etgani davlatimiz rahbari Tojikistonning yuksak mukofoti – birinchi darajali «Zarrintoj» ordeni bilan mukofotlangani bo‘ldi. Bu nafaqat mamlakat rahbariga, balki xalqimizga berilgan eʼtibor, hurmat va mehr ramzidir. O‘zaro anglash va tushunishning mevasidir bu.

Maʼlumki, ikki xalqni azaldan umumiy tarix, maʼnaviy qadriyatlar bog‘lab turadi. Ikki xil tilda so‘zlashsak-da, ammo bir daryodan suv ichgan qardoshlarmiz. Quvonarlisi, so‘nggi yillarda o‘zaro aloqalarimizda ulkan o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Oliy darajadagi uchrashuvlarda ko‘plab manfaatli kelishuvlarga erishildi. Ikki mamlakat Prezidentlari o‘zaro aloqalarni xalqlarning manfaatlaridan kelib chiqib yangi bosqichga ko‘tarish va mustahkamlash yo‘lida kuchli islohotlar qila olishini bir necha bor isbotladilar.

Jumladan, mamlakatlarimiz poytaxtlari o‘rtasidagi aviatashuvlar, temir yo‘l qatnovi qayta tiklandi, avtomobil yo‘llari ochildi, davlatlar chegarasida o‘tkazish punktlari ochildi. Muntazam ravishda milliy ko‘rgazmalar va biznes forumlar tashkil etib kelinmoqda.

Oliy darajadagi bu galgi uchrashuv ham mamlakatlarimiz salohiyatini mustahkamlash, milliy iqtisodiyotni rivojlantirish, xalq farovonligini oshirish va davlatlarning xalqaro nufuzini yanada mustahkamlashiga ishonamiz. Eng asosiysi, bunday uchrashuvlar do‘stligimiz, o‘zaro hamkorligimiz, qarindoshlik rishtalarimiz bardavom bo‘lishiga xizmat qiladi.

Hamidjon OMONOV,
O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Andijon viloyat Kengashi raisi