Daromadlar deklaratsiyasiga doir qonun loyihasiga Bosh vazir o‘rinbosarlarining munosabati — Янгиликлар — Миллий тикланиш

Ўзбекистон Миллий тикланиш демократик партияси

Партия логотипи Партия логотипи

Daromadlar deklaratsiyasiga doir qonun loyihasiga Bosh vazir o‘rinbosarlarining munosabati

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi amaldorlarning daromadlari deklaratsiya qilinishini nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqdi. Agentlik taklif qilayotan loyihada quyidan tortib yuqorigacha bo‘lgan barcha mansabdorlar — hatto, Prezident va Bosh vazir ham deklaratsiya to‘ldirishi taklif qilingan.

Aziz Abduhakimov, Bosh vazir o‘rinbosari — Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi:

Bu qonun loyihasidan nega xavotirlanaman? Menda umuman xavotir yo‘q. Bu juda bir to‘g‘ri holat. Hamma, agar davlat tashkilotida ishlasa, o‘zining deklaratsiyasini qilishi kerak. Odamlar ham ko‘rishi lozim: qaysi amaldor qanday hayot kechirmoqda, qayerdan qanday daromad ko‘rmoqda va o‘z mablag‘larini qayerga sarflamoqda. Agar buni ko‘rsatgisi kelmasa, davlat ishidan chetlashib, o‘zining biznesi yoki boshqa ishi bilan shug‘ullanishi kerak. Qonun chiqqach, O‘zbekistonning barcha fuqarosi unga to‘liq bo‘ysunib, rioya etishi lozim».

Sardor Umurzoqov, Bosh vazir o‘rinbosari — Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri:

Mazkur qonun loyihasiga amaldor sifatida munosabatim juda ijobiy. Bu tartib butun dunyoda mavjud. Daromadlar deklaratsiyasi birinchi bosqich bo‘lsa, ikkinchi bosqichda ayrim mamlakatlarda bor bo‘lgan holat — xarajatlar deklaratsiyasini ham joriy qilish kerak. Daromad deklaratsiyasi korrupsiyaning oldini olish va amaldorlarning masʼuliyatini oshirishga juda katta hissa qo‘shadi.

Shu bilan birga biz baribir borib-borib, amaldorlarning xarajatlarini ham nazoratga olishimiz kerak. Ularni qanday uyda yashayapti, qanday mashina sotib oldi, kechirasizu, masalan, qanday kiyim kiyib yurgani-yu, qanday soat taqishigacha nazorat qilish lozim. Bunga ham juda tezkorlik bilan yetib borishimiz kerak.

Ancha vaqt avval, to‘rt yil davomida Buyuk Britaniyada yashab, ishlaganim bois bu tajribalar va talablar menga begona emas, juda tanish. Ushbu tizim korrupsiya bilan kurashda eng katta foyda beradigan choralardan biri, deb hisoblayman. Daromad deklaratsiyasini to‘ldirib, eʼlon qilish menga muammo tug‘dirmaydi, bunga tayyorman».