Ishlab chiqaruvchilar rivojlanishidan manfaatdormiz, biroq… — Янгиликлар — Миллий тикланиш

Ўзбекистон Миллий тикланиш демократик партияси

Партия логотипи Партия логотипи

Ishlab chiqaruvchilar rivojlanishidan manfaatdormiz, biroq…

“O‘zkimyosanoat” e’tiroz bildiribdi. Asosan statistlarni qiziqtiruvchi raqamlarni keltirib, Markaziy Osiyoda yagona deya maqtalayotgan “Birinchi rezinotexnika zavodi”ning qariyb ikki yillik faoliyatini oqlamoqchi bo‘libdi…

Nazarimizda e’tirozlar partiya yoki parlamentga emas, million-million dollarlarni tasarruf qilgan zavod ma’murlariga bildirilsa maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Yurtdoshlarimiz yuqoridagi e’tirozlar bejiz emasligini O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining parlamentdagi fraksiyasi o‘zining navbatdagi yig‘ilishida “O‘zkimyosanoat” AJga qarashli Angrendagi “Birinchi rezinotexnika zavodi” faoliyatini Hisob palatasi ma’lumotlariga asosan tashqi qarz evaziga olingan mablag‘dan samarasiz foydalanayotganlikda tanqid qilgan edi.

Kecha “O‘zkimyosanoat” matbuot xizmati yuqoridagi mulohazalar asossiz deganidek rasmiy bayonot berdi.Unda 2019-yili Germaniya, Gollandiya, Italiya, Yaponiya va Xitoy kabi xorijiy mamlakatlarning zamonaviy jihozlari hamda xorijiy kreditlari hisobiga ish boshlagan zavodning yiliga 3 mln. dona avtomobil va 200 ming dona qishloq xo‘jaligi shinalari hamda 100 ming pogonmetr konveyer lentalarini ishlab chiqarish quvvatiga ega ekani ta’kidlandi.

Bayonotda shu kungacha umumiy qiymati 266 mlrd. so‘m bo‘lgan 704,1 ming dona avtomobil, 16,9 ming dona qishloq xo‘jaligi shinalari va 72,9 ming pogonmetr konveyer lentalari ishlab chiqarilgani ham ma’lum qilingan. Shuningdek, bayonotda 2020-yili ishlab chiqarish quvvatlarini o‘zlashtirish rejasi 40% bo‘lgani holda 15%ni tashkil etgani e’tirof etiladi.

Bunga esa pandemiya davrida joriy etilgan cheklovlar sabab sifatida ko‘rsatiladi.Bayonotda joriy yilning sentabridan boshlab Damas avtomobillari uchun 60 ming dona avtomobil shinalari ishlab chiqarish, 2023-yilga kelib esa “UzautoMotors” AJga 7 turdagi 37,4 mln. dollar qiymatidagi 1,2 mln. dona avtomobil shinalari yetkazib berish rejalashtirilgani ham qayd etilgan.Shu bilan birga korxonada 837 nafar mahalliy aholi ish bilan ta’minlangani, 35 mlrd. so‘m miqdorida davlat budjetiga soliq to‘lanib, sanoat tarmoqlari ehtiyojlari uchun zarur bo‘lgan birgina konveyer lentalar importini 10 mln. dollarga qisqartirishga erishilgani, eksport hisobidan esa 288,6 ming dollar valyuta tushumi ta’minlanganiga ham e’tibor qaratilgan.

Yuqoridagi misollar bir qarashda Angren shina zavodi chindan ham a’lo darajada faoliyat yuritayapti ekanda degan taassurot uyg‘otishi mumkin. Ammo shuni tan olishimiz kerakki, Markaziy Osiyodagi yagona zavod 2020-yilda 15 foiz quvvat bilan ishlagani haqiqat. To‘g‘ri, pandemiya hech kimni ayamay, barcha soha va tizimlarga birdek ta’sir qildi. Lekin ana shu davrda to‘liq quvvatda ishlanmagan kunlar uchun to‘lanadigan kreditga imtiyoz berilmaganini ham esdan chiqarmaslik kerak.

“O‘zkimyosanoat” mutasaddilari loyiha bo‘yicha korxona quvvatlarini oshirishga yo‘naltirilgan ishlar bosqichma-bosqich amalga oshirilayotganini qayd etibdilar. Lekin maqsadga erishish uchun “bosqichma-bosqich”lik muddati belgilangani hech kimga “olma pish, og‘zimga tush” qabilida ishlash huquqini bermaydi. Agar ajratilgan mablag‘ yoki zavod davlatga emas, biron-bir xususiy shaxsga tegishli bo‘lganida edi, mulkdor hech kim, qanday yo‘l bilan bo‘lmasin, O‘zAvtoMotorsga 60 mln.dollarlik shinaning import qilinishiga yo‘l qo‘ymagan bo‘lardi. Angren zavodida 100 ming dona shinaning sotilmay yotgani esa haligacha ko‘plab soha va tizimlarda sobiq ittifoq davridan meros qolgan “rejali iqtisod” tamoyiliga amal qilinayotganini ko‘rsatadi.

Ochig‘ini aytganda tashqi qarzning har bir tiyini jiddiy hisob-kitob qilinayotgan bir paytda mavjud imkoniyatdan foydalanmaslik xiyonatdan boshqa narsa emas. O‘zbekiston

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi mahalliy ishlab chiqaruvchilarni har doim qo‘llab-quvvatlab, ularning izchil rivojlanishi tarafdori bo‘lib kelgan.

Nodir TILAVOLDIYEV,

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi o‘rinbosari