Jarimalar miqdori kamayadiganga o‘xshaydi! — Янгиликлар — Миллий тикланиш

Ўзбекистон Миллий тикланиш демократик партияси

Партия логотипи Партия логотипи

Jarimalar miqdori kamayadiganga o‘xshaydi!

Keyingi paytlarda yo‘l harakati qoidabuzarlariga nisbatan qo‘llanayotgan jarimalar miqdorining yuqoriligi, ularni kamaytirish, haydovchilar cho‘ntagiga qarab belgilash bo‘yicha juda ko‘p taklif va fikr-mulohazalar bildirilmoqda. Hatto, jarimalarning eng kam va eng ko‘p miqdorda belgilanishi korrupsiyani keltirib chiqarayotganiga ham eʼtibor qaratilyapti. Shu munosabat bilan O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyasi aʼzolari Farhodbek Ashmatov va Kozim Tojiyevlar tomonidan jarimalarni kamaytirish yuzasidan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha yangi qonun loyihasi tayyorlanayotgani va bu qonun yaqin kunlarda fraksiyalar eʼtiboriga havola etilishini maʼlum qilgan edik.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi fraksiyalarining kecha bo‘lib o‘tgan yig‘ilishlarida ayni shu masala qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Xususan, «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyasida «Yo‘l harakati xavfsizligi sohasidagi ayrim huquqbuzarliklar uchun maʼmuriy jazolar yengillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartishlar kiritish haqida»gi qonuni loyihasi dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi.

– «2018-2022-yillarda O‘zbekiston Respublikasida Yo‘l harakati xavfsizligini taʼminlash konsepsiyasi» va Yo‘l xaritasida belgilangan vazifalarning bajarilishi holati, bu boradagi mavjud muammolar Namangan viloyati misolida o‘rganildi, – dedi fraksiya aʼzosi K.Tojiyev. – Haydovchi va aholi vakillarining fikri, e’tirozlari o‘rganilib, statistik maʼlumotlar tahlil qilindi va ulardan qonun loyihasini tayyorlashda foydalanildi.

Jumladan, amaldagi «Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risida»gi kodeksning 54-moddasida Epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzganlik uchun BHMning 20 baravaridan 30 baravarigacha jarima qo‘llash belgilangan. Taklif etilgan o‘zgarishga ko‘ra, ushbu jarima BHMning 20 baravari miqdorida belgilanmoqda. 123-moddaning amaldagi tahririda Transport vositalaridan chiqindi yoki boshqa narsa-buyumlarni tashlaganlik uchun BHMning 5/1 qismidan 1 baravarigacha jarima solinishi ko‘rsatilgan. Yangi tahrirda esa bu miqdorni 5/1 tarzida belgilash taklif etilyapti.
Kodeksning 1286-moddasiga ko‘ra, Transport vositalari haydovchilarining to‘xtash yoki to‘xtab turish qoidalarini buzganlik uchun amalda BHMning 3 baravari, agar ushbu holat bir yil ichida yana sodir etilsa, 5 baravar, ikkinchi bor sodir etilsa, 10 baravar, uch va undan ortiq marta bo‘lsa, 15 baravar miqdorida jarima solinadi. Yangi tahrirda esa ushbu qoidani buzganlarga nisbatan BHMning 2 baravari miqdorida jarima solish taklifi kiritilmoqda. Takroran sodir etilganda oshiriladigan jarimalar esa kodeksdan chiqarib tashlanmoqda.

Kodeksning 137-moddasida yo‘l-transport hodisasi yuz bergan joydan ketib qolganlik uchun BHMning 30 baravari miqdorida jarima solish yoki transport vositasini boshqarish huquqidan ikki yil muddatga mahrum etish yoxud o‘n besh sutkagacha qamoqqa olish jazosi belgilangan. Yangi tahrirda esa buni 3 baravar miqdorida, shu bilan birga belgilangan qoidabuzarlik uchun jarima miqdori huquqbuzarlikning aybdorlik darajasiga qarab uch qismga ajratgan holda jarima belgilash taklif etilyapti.

141-moddada korxona va tashilotlarga tegishli transportdan shaxsiy boylik orttirish maqsadida foydalanganlik uchun amalda BHMning 2 baravaridan 5 baravarigacha jarima belgilangan. Yangi loyihada bu jarimani 2 baravar belgilash taklif etilmoqda. 147-moddada esa yo‘llarga, yo‘l inshootlari, yo‘l harakatini tartibga soluvchi texnik vositalarga shikast yetkazish, ularni saqlash qoidalarini buzganlik uchun BHMning 1 baravaridan 3 baravarigacha jarima belgilangan. Yangi tahrirda esa eng kam va eng ko‘p miqdorda belgilangan jarimadan voz kechib, 1 baravari miqdorida belgilash taklif qilinmoqda.

Maʼlumotlarga qaraganda, 2020-yilning 9 oyida transport vositalari haydovchilarining to‘xtash yoki to‘xtab turish qoidalarini buzganliklariga oid 44 125 ta maʼmuriy ish ko‘rilib, ularga nisbatan 30 mlrd. 528 mln. so‘m miqdorda jarimalar belgilangan. Yo‘l-transport hodisasi yuz bergan joydan ketib qolish holatlari bo‘yicha esa sudlar tomonidan 3 335 nafar shaxs javobgarlikka tortilgan va ularga 4,2 mlrd. so‘m miqdorida jarimalar belgilangan.

Deputatlar qonun loyihasi bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, bunday o‘zgarishlar kelgusida korrupsion holatlarning oldini olish, zarur infratuzilma mavjud bo‘lmagan va majburlikdan sodir etilgan qoidabuzarliklarga nisbatan jarimalar miqdori yengillashtirilishini eʼtiborga olib, birinchi va ikkinchi o‘qishda maʼqulladilar.

Deputatlar tomonidan «Noshirlik faoliyati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasini ham muhokama qildilar.
– Yangi tahrirdagi qonun loyihasiga ko‘ra, endilikda bu faoliyat bilan shug‘ullanish uchun litsenziya olish tartibi bekor qilinadi va faoliyatini boshlaganlik haqida tegishli idorani xabardor etish tizimi joriy etiladi, – dedi fraksiya aʼzosi Umidjon Jabborov. – Axborot-kutubxona muassasalari va tashkilotlarga nashrlarning majburiy bepul nusxalarini taqdim etilishini tartibga solish bo‘yicha, shuningdek, nashrlarning chiqish maʼlumotlarida ko‘rsatilgan axborotlar qatʼiyligini taʼminlash kabi o‘zgartish va qo‘shimchalar ham kiritilmoqda.
Yig‘ilishda partiyaning maqsad va vazifalaridan kelib chiqqan holda boshqa qonun loyihalari ham muhokama qilinib, tegishli qarorlar qabul qilindi. Fraksiya yig‘ilishini hududiy partiya tashkilotlari vakillari hamda mahalliy kengash deputatlari ham masofadan turib kuzatdilar.

O’zMTDP Markaziy kengashi Axborot xizmati