Korrupsiyaga qarshi kurashishning yangi bosqichi! — Янгиликлар — Миллий тикланиш

Ўзбекистон Миллий тикланиш демократик партияси

Партия логотипи Партия логотипи

Korrupsiyaga qarshi kurashishning yangi bosqichi!

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yilning 6-iyul kuni qabul qilingan Farmoni mamlakatimizda korrupsiya illatiga qarshi kurashish tizimini yangi bosqichga olib chiqishni nazarda tutadi.

Farmonga muvofiq, “Korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslarning ochiq elektron reyestri” yuritilib, unga kiritilgan shaxslarning davlat xizmatiga qabul qilinishi va davlat mukofotlari bilan taqdirlanishi, saylanadigan va alohida tartibda tayinlanadigan lavozimlarga nomzodining ko‘rsatilishi, davlat organlari huzuridagi jamoatchilik kengashlari hamda idoralararo kollegial organlarning aʼzoligiga kiritilishi hamda davlat taʼlim muassasalarida rahbarlik lavozimida ishlashi taqiqlanadi.

Shuningdek, 2022-yil 1-yanvardan boshlab, davlat xizmatchilari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan tashkilotlar, davlat korxonalari va muassasalari rahbarlari va o‘rinbosarlari, ularning turmush o‘rtog‘i va voyaga yetmagan farzandlarining daromadlari va mol-mulki majburiy deklaratsiya qilinadi. Davlat xizmatchilariga respublikadan tashqarida hisob raqam ochish, mol-mulkka ega bo‘lish va saqlash taqiqlanadi.

Endilikda Jinoyat kodeksida korrupsiyaga oid jinoyatlar toifasi aniq belgilanadi. Bunday jinoyatlar uchun jazo kuchaytiriladi, noqonuniy boylik orttirganlik uchun jazo belgilanadi. «Manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish to‘g‘risida» qonun ishlab chiqiladi.

Byudjet mablag‘laridan foydalanishda suiisteʼmolliklarni oldini olish maqsadida Oliy Majlis tomonidan mahalliy byudjetlar hisobidan tashkil etilgan vaqtinchalik va maxsus jamg‘armalar mablag‘laridan foydalanish tartibi to‘g‘risida namunaviy nizom ishlab chiqiladi.

Umuman olganda, Farmonda belgilangan yangi zamonaviy mexanizmlarni hayotga tatbiq etish, ularni qonunlarimizda aks ettirish maqsadida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan amaldagi qonunlar to‘liq tahlildan o‘tkaziladi. Ularni takomillashtirish choralari ko‘riladi hamda sohadagi tegishli qonunlarning ijrosini taʼminlash bo‘yicha parlament nazorati tadbirlari doimiy o‘tkazib boriladi.

Jahongir SHIRINOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi aʼzosi