Maʼnaviyat, maʼrifatimizga yot bo‘lgan har qanday harakatlarni qoralaymiz! — Янгиликлар — Миллий тикланиш

Ўзбекистон Миллий тикланиш демократик партияси

Партия логотипи Партия логотипи

Maʼnaviyat, maʼrifatimizga yot bo‘lgan har qanday harakatlarni qoralaymiz!

O‘zbekistonda eng katta jome masjidi bo‘lishi kutilayotgan paytaxtimizning Olmazor tumani, Sag‘bon ko‘chasida qurilayotgan “Islomobod” jome masjidining ikkita minorasi kutilmaganda buzila boshlangani jamoatchilikning jiddiy eʼtiroziga sabab bo‘ldi. Odamlar masjid hududiga to‘planishib, ijtimoiy tarmoqlarda ham o‘z noroziligini bildirdilar.

“Islomobod” jome masjidi Toshkent shahar hokimining qarori bilan qayta qurilishi belgilangan 20 ta masjidlardan biri bo‘lib, hozirgi vaqtda qurilish ishlari olib borilyapti. Loyihaga ko‘ra, jome masjidning xonaqohida 8 ming, hovli va yon-atroflaridagi joylar bilan hisoblanganda 13 ming kishi namoz o‘qishi mumkin.

Masjidda har biri 63 metrli 4 ta minora qurish rejalashtirilgan va respublikamizdagi ilk 4 minorali masjid bo‘lishi ko‘zda tutilgan. Albatta, mana shunday ulug‘vorlik kasb etishi kutilayotgan masjid minoralarining buzilishiga qarshi ommada narozilik uyg‘otishi tabiiy. Qolaversa, masjid hashar yo‘li bilan qurilmoqda. 

Aholining masjid orqa tarafidagi ikki minora “mablag‘ yetishmovchiligi” vaji bilan bekor qilingani haqidagi tushuntirishlarga eʼtirozi masjid dastlabki loyiha asosida qurilishi lozimligiga undaydi. Hozirgi vaqtda masʼullar masjidni reja asosida qurib tugallashga vaʼda bergan.

Istaymizki, Allohning uyi qurilishi yoki uning faoliyati bilan bog‘liq ko‘ngil tarhiga yot holatlar takrorlanmasligi lozim. Shu bilan birga, musulmon kishisi topgan-tutganini hashamga sarflamasdan xayr ishlarga xarj qilsa, yetimlarga muruvvat qilsa, ilm olishiga ko‘maklashsa, yolg‘iz qariyalar, nochor oilalar xolidan xabar olsalar ayni muddao bo‘lur edi.

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining 2020-2024-yillarda mo‘ljallangan Saylovoldi dasturida “Jaholatga qarshi maʼrifat” konsepsiyasi doirasida jamiyatda, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida anʼanaviy islom dini prinsiplarini mustahkamlashga qaratilgan targ‘ibotni amalga oshirish belgilangan. Shu maʼnoda, partiya xalqimizning diniy eʼtiqodini amalga oshirishi uchun yaratilayotgan sharoitlar va bu borada davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlaydi. Maʼnaviyat, maʼrifatimizga yot bo‘lgan har qanday harakatlarni qoralaydi.

Yorqin MALIKOV,

«Milliy tiklanish» demokratik partiyasi Olmazor tuman Kengashi raisi, xalq deputatlari Olmazor tuman Kengashi deputati