Plenumda ustuvor vazifalar belgilandi — Янгиликлар — Миллий тикланиш

Ўзбекистон Миллий тикланиш демократик партияси

Партия логотипи Партия логотипи

Plenumda ustuvor vazifalar belgilandi

Bugun Toshkentda O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining IV Plenumi bo‘lib o‘tdi.

Markaziy kengash aʼzolari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, hududiy kengash raislari hamda partiya faollari ishtirok etgan tadbirda Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2-fevral kuni siyosiy partiyalar rahbarlari bilan uchrashuvida muhokama etilgan masalalar, taklif va tavsiyalar asosida partiyaning yaqin kelajakdagi vazifalari belgilab olindi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, partiya Markaziy kengashi raisi Alisher Qodirov tadbirni ochar ekan, partiya va partiya oldida turgan vazifalar har bir partiya aʼzolaridan juda katta masʼuliyat talab etishini taʼkidladi. O‘tgan bir yildan ziyodroq vaqt davomida partiyaning Saylovoldi dasturidagi 53 ta band ijro qilinganiga eʼtibor qaratib, 2021-yilda saylovchilar ishonchini oqlash, deputatlik korpusi imkoniyatlaridan foydalanib, Prezidentning Oliy Majlisga yo‘llangan Murojaatnomasida belgilab berilgan ustuvor yo‘nalishlar ijrosini taʼminlashda faol ishtirok etish lozimligi haqida gapirdi.

– Shu kungacha partiyaning “Uyma-uy” loyihasi doirasida 12 mingdan ziyod xonadonga kirib bordik. 1500 dan ortiq yoshlarni ish bilan taʼminlashga amaliy yordam ko‘rsatildi. 910 nafar yoshlarga esa 1,5 mlrd. so‘mdan ortiq imtiyozli kredit olishlariga ko‘maklashildi, – dedi Alisher Qodirov. – To‘g‘ri, amalga oshirilgan ishlar haqida ko‘p gapirish mumkin, ammo kamchiliklarimiz, hali yetib bormayotgan hududlarimiz ham ko‘p. Joriy yilda aholining kambag‘allik darajasini qisqartirish, taʼlim tizimlaridagi muammolar yechimi ustida ishlashimiz, yoshlar va ayollarning hayotiy muammolarini hal etishda tizimli ishlashni kuchaytirishimiz lozim.

Plenumda mamlakat siyosiy maydonidagi raqobat, axborot siyosati bilan bog‘liq muammolar, partiyaning axborot va mafkuraviy faolligini butunlay ko‘rib chiqish masalalari atroflicha muhokama etildi.

Zoom ilovasi asosida tashkil etilgan Plenumda taʼkidlanganidek, hisobot davrida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi partiya fraksiyasi hamda xalq deputatlari Xorazm va Buxoro viloyat Kengashlaridagi partiya guruhlari, shuningdek, xalq deputatlari Xo‘jayli, Nukus, G‘ijduvon, Baxmal, Do‘stlik, Sharof Rashidov, G‘allaorol, Zarbdor, Zafarobod, Narpay, Nurobod, Kattaqo‘rg‘on, Xovos, Sirdaryo, Yuqori Chirchiq, Farg‘ona, Furqat, G‘uzor, Koson, Nishon hamda Bektemir tuman Kengashlaridagi partiya guruhlari tomonidan birorta masala kiritilmagan.

Plenumda partiya Markaziy kengashi raisining birinchi o‘rinbosari Nodir Muxtorov, o‘rinbosarlar Feruza Muhammedjanova, Mirodil Abdurahmonov va Akmal Jumaboyevalar ham so‘zga chiqib, kun tartibidagi masalalar yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdilar.

Plenumda Markaziy kengashi huzurida Ilmiy-maslahat va ekspertlik jamoatchilik kengashi tuzilib, uning raisligiga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, partiya fraksiyasi aʼzosi Xurshid Do‘stmuhammad saylandi. Partiya Markaziy kengashi hamda Markaziy kengash Ijroiya qo‘mitasi aʼzolari tarkibiga ham o‘zgartishlar kiritildi. Eʼtiborli jihati, Markaziy kengash va Ijroiya qo‘mita aʼzoligiga partiyadan Yoshlar parlamentiga saylangan deputatlar ham kiritildi. Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Juqorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar, tuman (shahar) Kengashlari deputatligiga partiyadan nomzod ko‘rsatish Yo‘riqnomasi tasdiqlandi. Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasi va siyosiy partiyalar rahbarlari bilan uchrashuvida belgilangan vazifalardan kelib chiqib Yo‘l xaritasi qabul qilindi.

Partiyaning “Ayollar qanoti” va “Yoshlar qanoti” faoliyatini tubdan takomillashtirish maqsadida ushbu tuzilmaning yangi tahrirdagi Nizomi ham tasdiqlandi.

Plenumda partiyaning Xorazm, Navoiy va Andijon viloyat kengashlari raislari Rajapboy Ro‘zmetov, Ilhom Rajabov va Hamidjon Omanovlar so‘zga chiqib, hududiy kengashlar faoliyatini yanada jonlantirish bo‘yicha o‘z mulohazalarini bildirdilar.

Tadbir yakunida partiya safiga qabul qilingan yangi aʼzolarga guvohnomalar topshirildi.

O‘zMTDP Markaziy kengashi Axborot xizmati