UzIMEI haqida: o‘ynab gapirsang ham, o‘ylab gapir! — Янгиликлар — Миллий тикланиш

Ўзбекистон Миллий тикланиш демократик партияси

Партия логотипи Партия логотипи

UzIMEI haqida: o‘ynab gapirsang ham, o‘ylab gapir!

Ayni kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda UzIMEI tizimiga nisbatan eʼtirozlar, bunga parlamentning “tishsiz” munosabati va shu kabi turli postlar paydo bo‘ldi.

Tanqid qilish yoki eʼtiroz bildirishga albatta haqqimiz bor, bu oson ham. Lekin masalaga chuqurroq kirishsak, ko‘p savollarga o‘z-o‘zidan javob topilgan bo‘lardi.

Mutaxassis sifatida shularni aniq ayta olaman: мobil aloqaning rivojlanishi zamonaviy servis xizmatlarini joriy etish va interaktiv davlat xizmatlari hamda elektron tijoratdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish hisobiga amalga oshadi. Qolaversa, xalqaro standartlarga mos Mobil telefonlar va aloqa qurilmalarini keng ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash ham bizda davlat siyosati darajasidagi masalaga aylangan.

Sohani tushungan odam sifatida muammolar guvohiman. Ko‘pchilik qatori o‘zimdayam savol tug‘ilar edi: “Odamlar ishlatayotgan Mobil qurilmalarning sifati, texnik kafolati, xavfsizligi va ularning ichida joylashtirilgan dasturlarga kafolat bormi?” Yo‘q!

Achinarlisi, yaqin yillargacha bu hech kimni qiziqtirmadi va muammoning yechimi ham nazardan chetda qolib kelmoqda. Uyali uskunalarning sifati va xavfsizligiga kafolat beradigan bozorni shakllantirish vaqti esa allaqachon eshik qoqib turibdi. Aniqrog‘i, 2019 yil noyabr oyigacha respublikamizga olib kirilgan smartfonlaru boshqa Mobil qurilmalar aksariyati ushbu yo‘nalishdagi biznes sifatida xufiyona iqtisodiyotning bir yo‘nalishi hisoblangan. Erkin savdoda bo‘lgan bu kabi ashyolarning deyarli 87 foizi davlat hududiga yashirin ravishda olib kirilgan.

Aslida, bunday qurilmalar millionlab bo‘lsada, o‘sha davrgacha rasman “respublika bo‘yicha yiliga 50-60 mingta telefonlar olib kirilmoqda”, degan hisobot yuritilar edi.

Mobil qurilmalar kundalik hayotimiz, ayniqsa, pandemiya davrida turmush tarzimizning ajralmas hamrohiga aylandi. Endi odamlar o‘z elektron hamyoni xavfsizligini kafolatlanmagan Mobil qurilmaga qanday qilib ishonib topshirishi mumkin? Bu ham mayli, birinchi o‘rinda qimmat telefonni arzonroq sotib olish muammosi turadi. Bunaqa vaziyatda nosog‘lom raqobat tarafdorlari bo‘lgan noqonuniy telefonlarni olib kiruvchi shaxslar foydalanib qoladi. Albatta, bunday “yog‘li bozor”ni birov o‘z-o‘zidan berib qo‘ygisi kelarmidi. Balki har xil qarash va eʼtirozlarni aslida ularning o‘zlari o‘ylab topib, ilgari surishayotgandek tuyulyapti desam, hayron bo‘lmassiz.

Aslida, UzIMEI tizimini joriy qilish negizida xalqimizga sifati va xavfsizligi kafolatlangan Mobil qurilmalar yetib kelishi maqsad qilingan. Bunda quyidagi aniq javoblar bilan isbotlash mumkin:

1. Isteʼmolchilar uchun sifatli Mobil qurilmalardan foydalanish imkoniyati yaratildi, sifati kafolatlangan, xalqaro talablarga javob beradigan mahsulot kirib kelmoqda. Xalqaro GSM talabi bo‘yicha standartlarga javob bermagan qurilmalar ro‘yxatdan o‘tkazilmayapti.

2. Ichki bozorda kontrafakt mahsulotlar aylanishi cheklanmoqda, telekommunikatsiya bozorida sog‘lom raqobat muhiti shakllanmoqda.

3. Mobil aloqa qurilmalarini ishlab chiqaruvchi yirik kompaniyalarning vakolatxonalari ochilmoqda. Bular kafolatlangan sog‘lom raqobat muhiti bor bo‘lsagina vakolatxona ochishadi. Bugungi kunga qadar bunday sog‘lom muhit bo‘lmagan.

4. Rasmiy olib kirilgan qurilmalarni savdo majmualari xaridorlarga muddatli to‘lov yoki kredit asosida sotmoqda. Bunday xizmat norasmiy olib kirilgan qurilmalarga ko‘rsatilmaydi.

5. Xalqaro standartlarga mos Mobil telefonlar va Mobil aloqa moduliga ega qurilmalarni mahalliy tadbirkorlik subyektlari tomonidan ishlab chiqarishni kengaytirish qo‘llab-quvvatlanmoqda.

6. Tizimning joriy etilishi fuqarolarimiz xavfsizligini taʼminlashga zamin yaratadi. Yaʼni, bu nafaqat Mobil qurilmalarni o‘g‘irlash bilan bog‘liq jinoyatlarni kamaytirmoqda, balki davlat va ijtimoiy xavfsizlikni taʼminlab beruvchi choralarining samaradorligini oshirdi. Qolaversa, mazkur tizim bozordagi shaffofligini yanada oshirib, qalbaki mahsulotlarni respublika hududiga olib kelish hajmini kamaytirdi.

Endi masalani to‘liq o‘rganmasdan va bir tomonlama fikrlarga ishonib “ushbu to‘lovlarni isteʼmolchi to‘laydi” degan noto‘g‘ri tushunchalar haqida ikki og‘iz.

Aslida, Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi hududida foydalanilayotgan, sotish yoki shaxsiy foydalanish uchun olib kelinadigan va ishlab chiqariladigan Mobil qurilmalarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida” 2019-yil 17-sentabrdagi qarorda aniq qilib yozib qo‘yilgan. Yaʼni Mobil qurilmani importyor respublika hududiga olib kirgan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan beriladigan davlat bojxona deklaratsiyasi asosida IMEI-kodlari ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

Tadbirkorlik subyektlari tomonidan import qilingan Mobil qurilmalarning eSim IMEI-kodlari sotuvga chiqargunga qadar ro‘yxatdan o‘tkazilishi va shundan so‘ng isteʼmolchiga yetib borishi taʼminlanmoqda. Yaʼni, oddiy so‘z bilan aytganda isteʼmolchi hech qanday to‘lov amalga oshirmayapti, Sim slotga ham eSimga ham. Isteʼmolchi Mobil qurilmani respublika hududida sotib olgandan so‘ng uni IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun to‘lov amalga oshirilishi nazarda tutilmagan.

Hanuzgacha ayrim fuqarolarning (asosan chetga chiqib kelgan) pasport maʼlumotlaridan noqonuniy ravishda foydalanib, respublika hududiga noqonuniy (kontrabanda) yo‘llar bilan olib kirilgan Mobil qurilmalarni onlayn ravishda (rasmiy saytdan, SMS yoki USSD kod orqali) ro‘yxatdan o‘tkazishmoqda. Bunday tartibda o‘tkazishda, pasportni haqiqiy egasi yoki begona shaxs tomonidan harakat amalga oshirilayotganligi tizimga nomaʼlum bo‘ladi. Biroq onlayn xizmatini ham o‘chirib bo‘lmaydi. Bunday holat yuzaga kelishi faqatgina soxta tadbirkorlarning vijdoniga havola.

 Baxtiyor MANIYAZOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati