Xalqimizga sadoqat bilan xizmat qilish – faoliyatimiz asosi — Янгиликлар — Миллий тикланиш

Ўзбекистон Миллий тикланиш демократик партияси

Партия логотипи Партия логотипи

Xalqimizga sadoqat bilan xizmat qilish – faoliyatimiz asosi

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi tomonidan 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan “Xalqimizga sadoqat bilan xizmat qilish – faoliyatimiz asosidir!” shiori ostida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi. O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbirda partiya aʼzolari, faollar va harbiylar ishtirok etdi.

– Xalqimiz xotirjamligi harbiylarimiz xotirjamligiga bog‘liq, – dedi tadbirda so‘zga chiqqan “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi o‘rinbosari Feruza Muhammedjanova. – Vatan faqat jang maydonida himoya qilinmaydi. O‘z ishini fidoyilik bilan bajarib, mamlakatimiz ravnaqiga faol hissa qo‘shish, doimo hushyor va ogoh bo‘lib, tinchlik-osoyishtalikni asrab-avaylash ham el-yurtni mudofaa qilishdir. Yurtimizda tinchlik va barqarorlik taʼminlanib, barcha sohalarda ulkan yuksalishga erishilayotgan ekan, bu butun xalqimizning katta yutug‘idir. Va bu bizni yagona maqsadga – yurtimizdagi tinchlik va osoyishtalikni qadrlab, xalqimiz tanlagan mustaqil taraqqiyot yo‘lini izchil davom ettirishga undaydi.

Tadbirda taʼkidlanganidek, O‘zbekiston Qurolli kuchlari o‘tgan yillar davomida har tomonlama takomillashib bordi. Harbiy texnikalar zamonaviylari bilan to‘ldirildi. Harbiy xizmatchilarning malakasi esa yildan yilga oshirib borilmoqda. Natijada, O‘zbekiston armiyasi qisqa vaqt ichida nafaqat mintaqada, balki dunyodagi qudratli armiyalardan biriga aylandi. Masalan, “Global Firepower” reytingida mamlakatimiz qurolli kuchlari 137 mamlakat orasida 48-o‘rinni egalladi. Markaziy Osiyoda esa yetakchiga aylandi.

– Albatta, bu boradagi ishlar to‘xtagani davom ettirilmoqda. Sababi, dunyodagi vaziyat shiddat bilan o‘zgarib, xavfsizlikka nisbatan tahdid va xatarlar tobora kuchayib borayotgan hozirgi sharoitda qurolli kuchlarni modernizatsiya qilish va ularning jangovar tayyorgarligi, mamlakatga qarshi qaratilgan har qanday tajovuzga o‘z vaqtida va munosib zarba berish qobiliyatini oshirishni taʼminlash alohida ahamiyat kasb etmoqda, – dedi Mudofaa vazirligi toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Tolib Mirzayev.

Ma’lumki, kuni kecha Prezidentimiz Qurolli Kuchlar Akademiyasiga tashrifi davomida harbiy-maʼmuriy sektorlar faoliyatining 2020-yil yakunlari hamda kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Bugungi tadbirda davlatimiz rahbarining mazkur yig‘ilishdagi maʼruzasi mazmun-mohiyati haqida ham so‘z bordi.


Maʼnaviy-maʼrifiy tadbirda yosh ijodiy jamoalarning chiqishlari ishtirokchilarga yanada ko‘tarinkilik bag‘ishladi.

O‘zMTDP Markaziy kengashi Axborot xizmati