Yangi O‘zbekistondagi islohotlar mazmuniga moslashish ustuvor vazifamiz — Янгиликлар — Миллий тикланиш

Ўзбекистон Миллий тикланиш демократик партияси

Партия логотипи Партия логотипи

Yangi O‘zbekistondagi islohotlar mazmuniga moslashish ustuvor vazifamiz

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2-fevral kuni siyosiy partiyalar vakillari bilan uchrashuvida asosiy eʼtibor xalq ishonchini oqlash, saylovchilarning talab va istaklarini bajarish, ijtimoiy muammolarni hal etish orqali odamlarni rozi qilish masalalariga qaratildi.

Uchrashuvda siyosiy partiyalarning o‘z dasturiy maqsadlarini parlamentga faol olib chiqish, Oliy Majlis quyi palatasidagi fraksiyalar orqali qonunchilik tashabbuslarini dadil ilgari surish va qonunlar ijrosini taʼminlashni nazoratiga olishga doir dolzarb masalalar ham atroflicha muhokama qilindi.

Ayniqsa, davlatimiz rahbari tomonidan ijtimoiy sohalar – taʼlim va sog‘liqni saqlash tizimidagi muammolarni bartaraf etish, joylardagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarning yechimi bo‘yicha takliflar berish, taʼsirchan Parlament va jamoatchilik nazoratini olib borishi muhimligi qayta-qayta taʼkidlandi.

Shuni tan olish joizki, Yangi O‘zbekistonda kechayotgan yangilanish va o‘zgarishlar davrida odamlarning dunyoqarashi tubdan o‘zgardi. Davlat xizmatchilari, xususiy sektor, nodavlat tashkilotlari bir maqsad yo‘lida birlashib, raqobatbardosh O‘zbekistonni shakllantirishning asosiy kuchiga aylana boshladilar.


Qisqa davr oralig‘ida O‘zbekistonning xalqaro maydondagi imiji va maqomi ham o‘zgardi. Xususan, keyingi to‘rt yilda O‘zbekiston nafaqat xalqaro hujjatlarning bajaruvchisiga, balki yaratuvchisiga ham aylandi. Bunga Yurtboshimiz tashabbusi bilan BMTning Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyasini qabul qilish tashabbusi ilgari surilgani ham misol bo‘lishi mumkin.

Uchrashuvda har qanday siyosiy partiya zamon bilan hamnafas bo‘lib, uning o‘tkir talablariga javob bergan taqdirdagina, siyosiy kuch sifatida yashay olishi bejiz taʼkidlanmadi.

Shuni qayd etish joizki, O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi o‘zining 2020–2024-yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturida 45 ta yangi qonun loyihasi va 13 ta Konsepsiyani ishlab chiqishni hamda 30 dan ortiq partiyaviy loyihalarni amalga oshirishni belgilab olgan edi. Ular qatorida O‘zbekistonda Xalq tabobatini rivojlantirish, uning zamonaviy tibbiyot bilan integratsiyasini kuchaytirish, sohada kadrlar tayyorlash va malakasini oshirishga oid tizimni yaratish ham ko‘zda tutilgandi.


Bu borada zamonaviy tibbiyot muassasalarida xalq tabobati bo‘limlarini ochish, xalq tabobatiga oid fanlarni tibbiyot oliy o‘quv yurtlarining birinchi va uchinchi kurslarida chuqurlashtirilgan tarzda o‘qitishni yo‘lga qo‘yish, alohida Xalq tabobati oliy o‘quv yurtini tashkil etish masalasini o‘rganish kabi asoslantirilgan takliflar tayyorlash zarur bo‘ladi.

Yana bir gap. Bugungi o‘zgarishlar davrida o‘zlikni anglash, O‘zbekiston tarixini oddiy, ammo ishonchli manbalarga tayangan holda jamoatchilikka yetkazishning zamonaviy usullarini joriy etish talab etilayotir. Buning uchun esa biz «O‘zbekiston 24» va boshqa teleradikanallarda haftaning har yakshanba kunida «Tarixni o‘zgartirganlar» yoki «Tarixni yaratganlar» nomli maxsus hujjatli teleko‘rsatuvlar namoyish etishni taklif etdik.

Eng muhimi ana shunday takliflarimiz Davlatimiz rahbari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Uchrashuvda, shuningdek, siyosiy partiyalar safini bilimli, tashkilotchi va vatanparvar yoshlar bilan kengaytirish, yosh xodimlarni partiya ishida chiniqishlari uchun sharoit yaratish va ularni turli lavozimlarga, jumladan, deputatlikka asosiy zaxira sifatida tayyorlash masalalari xususida ham gap bordi.

Bunda siyosiy partiyalarni «ijtimoiy lift»ga aylantirish, xususan ularning kadrlar tayyorlash salohiyatini oshirish, davlat xizmatiga rahbar kadr¬larni lavozimga tavsiya etishdagi ishtirokini kengaytirish lozimligiga ham eʼtibor qaratildi.

Tadbirda jamiyatdagi muammolarni hal etishda siyosiy partiya vakillari ishtirokini kuchaytirish, «Milliy tiklanish» partiyasi uchun esa umumtaʼlim maktablarida “Tarbiya” fanini o‘qitadigan mutaxassislarni tayyorlash jarayonini tanqidiy tahlil etish tavsiya etildi.

O‘tgan yillar tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, bugungi kundagi eng muhim masalalardan biri bu madaniy meros obyektlarining elektron hisobini shakllantirish, madaniy merosni asrab-avaylash sohasida huquqiy bazani takomillashtirish, yaʼni madaniy meros muhofazasi bilan bog‘liq qonunchilikni umumlashtirgan holda yagona Madaniy meros kodeksini qabul qilishdir. Prezidentimiz ayni shu masalalarda ham partiya o‘zining qatʼiy pozitsiyasini ko‘rsatishi lozimligini qayta-qayta taʼkidladilar.

Navbatdagi vazifa sifatida esa umumtaʼlim maktablarini oshxonalar bilan taʼminlash bo‘yicha 2021-2025-yillarga mo‘ljallangan dastur ishlab chiqish, 10 008 ta umumtaʼlim maktabida o‘quvchilarning ovqatlanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, zarur hollarda maktab oshxonalarini davlat-xususiy sherikchilik asosida barpo etish yuzasidan takliflar ishlab chiqish lozimligi uqtirib o‘tildi.

Shuningdek, jamiyatda kitobxonlik madaniyatini oshirish, bosma nashrlarni qo‘llab-quvvatlash hamda kitobxonlikni rivojlantirish borasida soha vakillariga imtiyozlar berish, jumladan, ularni qo‘shimcha qiymat solig‘idan ozod etish yoki foizini kamaytirish, tahririyat va nashriyotlarga xorijdan qog‘oz import qilishda imtiyozlar berish yuzasidan takliflar berish «Milliy tiklanish»ning asosiy vazifalaridan biri ekani taʼkidlandi.

Uchrashuvda adolatli xulosa qilinganidek, hali partiyalar Yangi O‘zbekistondagi islohotlar mazmuniga moslasha olmayapti. Yangi O‘zbekistonning yangi kadrlarini shakllantirishda ham jonbozlik sezilmayapti. Garchi keyingi yillarda O‘zbekistonning ijtimoiy-siyosiy hayotida ijobiy o‘zgarishlar yuz berayotgan bo‘lsa-da, boshqa partiyalar qatori aksariyat aʼzolarimiz tashabbuslar ko‘rsatish, yangi g‘oyalarni ilgari surishda mavjud imkoniyatlardan foydalanmayaptilar. Xususan, joylardagi quyi tashkilotlar va mahalliy Kengashlardagi deputatlarimiz faoliyatini ham yetarli darajada deya olmaymiz.


Shundan kelib chiqib, Davlatimiz rahbari bilan uchrashuvdan keyin partiya tashkilotlarida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, mafkuraviy ishlarni tubdan jonlantirish, yoshlar va xotin-qizlar bilan ishlashni yana-da kuchaytirish, ularning manfaatini himoya qilish uchun tashkiliy ishlarni kuchaytirish, partiyaning OAV, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyatini bugungi kun talablariga moslashtirish yuzasidan qatʼiy choralar belgilab oldik.

Nodirjon MUXTOROV,
O‘zMTDP Markaziy kengashi raisining birinchi o‘rinbosari

«Milliy tiklanish» gazetasining 10-fevral sonidan olindi