“Yig‘indi gaplar”ning achchiq qismati — Янгиликлар — Миллий тикланиш

Ўзбекистон Миллий тикланиш демократик партияси

Партия логотипи Партия логотипи

“Yig‘indi gaplar”ning achchiq qismati

Kecha poytaxtimizdagi O‘zbekiston davlat drama teatrida taniqli yozuvchi, jurnalist, jamoat arbobi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi faxriy aʼzosi Xurshid Do‘stmuhammad senariysi asosida sahnalashtirilgan “Yolg‘izlik” spektakli namoyish etildi.

Spektakl O‘zbekiston davlat drama teatrining bosh rejissyori Olimjon Salimov tomonidan sahnalashtirilgan.

Abdulla Qodiriy o‘z zamonidagi (1926 yil) maorif sohasiga berilayotgan, qaratilayotgan eʼtibordan rozi emas edi. U bularni “Yig‘indi gaplar” maqolasida jamlab, “Mushtum”da “Julqunboy”, “Ovsar” taxalluslari bilan chop etdi. Xalqning dardini kuyib, yonib yozgan shu birgina maqolasi uchun “yuqoridagilar”ning topshirig‘i bilan qamoqqa tushdi. Qalamini sindirish uchun shunday yo‘l tutishdi. Bir o‘zi… Yolg‘iz… Spektakl aynan shu kulfat haqida.

Birinchidan, asarning o‘zi haqiqatan juda yaxshi yozilgan. Abdulla Qodiriyning ichki kechinmalari, adabiyotga, gazetchilikka, jurnalga, qo‘yingki, jamiyat savodxonligini oshirish yo‘lidagi kuyinchakligi yuqori pardalarda ifoda etilgan. Xurshid Do‘stmuhammad yozganidek, “eng o‘zbekona tuyg‘u – bu sog‘inch”. Albatta, dunyoda xalqimizdek o‘z ota-onasini, akasini, opasini, ukasini, singlisini, farzandini, jigarlarini… sog‘inib yashaydigan jamiyat juda kam. O‘zbekning o‘zbekligi, o‘zbekona fazilati ham shunda aslida.

Endi spektaklga qaytadigan bo‘lsak, Abdulla Qodiriyning “Mushtum” jurnalidagi faoliyati, yurt mustaqilligi yo‘lidagi orzu-qarashlari uchun ozodlikdan mahrum etilishi, bu jarayonda adib “do‘stlari”ning xoinligi hayotiy haqiqatlar asosida sahnalashtirilgan.

Qodiriy dastlab Toshkentdagi, keyin esa Samarqanddagi qamoqxonada saqlanadi. Adolatsizlik va tuhmat azobidan achchiqlangan adib bu yerda ochlik eʼlon qiladi, so‘ng sunʼiy ovqatlantirish haqida buyruq beriladi. Sahnada, ko‘z oldingizda sodir bo‘layotgan bu alamli voqealar tomoshabinni ozodlikning qadrini anglashga undaydi, ajdodlarimizga hurmatingiz yanada oshadi.

Spektaklda Qodiriyning qamoqxonadagi tasviri “O‘tkan kunlar” romanidagi Otabekning qamalishini eslash bilan boshlanadi. Uning do‘stlari davr nog‘orasiga o‘ynab, har kim o‘zini qutqarishga intilishi holati dialoglar orqali aks ettirilgan. Barcha o‘zini oqlash uchun Qodiriyga “Aybingni tan ol, do‘stim” deya murojaat qiladi. Bunda aktyorlar qo‘lidagi turli cholg‘u asboblari ham sahna ko‘rinishni yanada boyitgan.

Doniyor TOSHBOYEV,
O‘zMTDP Markaziy kengashi bo‘limi boshlig‘i