Yoshlar siyosati va taʼlim sohasida tarixiy maqsadlar belgilandi — Янгиликлар — Миллий тикланиш

Ўзбекистон Миллий тикланиш демократик партияси

Партия логотипи Партия логотипи

Yoshlar siyosati va taʼlim sohasida tarixiy maqsadlar belgilandi

30-iyun kuni bundan 15-20 yillar oldin oliy taʼlimda o‘qib yurgan kezlarim, bir domlamizning “Inson hayoti normalligi ikkita doimiy omilning taʼsiri va mutanosibligiga bog‘liq. Yaʼni, sharoit va imkoniyat teng bo‘lgani maʼqul!” degan qoidanamo gaplari yodimga tushdi. Odamning o‘zidagi mavjudini imkoniyat desak, tashqi omil sharoit, albatta. Faraz qiling, atrofda urush ketayapti, lekin sizda hamma narsa – salomatlik, aql-idrok, kuch, malaka bor. Yoki omon-omon zamon-u, ammo jismoniy, maʼnaviy yoki moddiy imkoniyat chatoq. Normallik pallasi nomutanosib bo‘lishi hammaga ayon.

Bizning zamonamizda, yoshlar hayoti-chi?

“Sharoit zo‘r!”, deb maqtanish noto‘g‘ri bo‘lar, ammo sharoit borligi va yaxshilanayotgani haqiqat. Aksariyat yoshlar esa imkoniyatini to‘g‘ri baholay olmayotgani ham bir masala. Biroq hozirgi jarayon yoshlarimiz o‘z imkoniyatini yuzaga chiqarishi uchun yetarlicha harakat kuchiga ega emas. Taʼlimdagi yuksak darajali natija uchun bizga qaysidir maʼnoda jurʼat yoki tavakkalchilik kamlik qilayapti. Harqalay, ikkala omil hozir musbat darajada.

O‘ylab ko‘ring, iqtidor bo‘lsa-yu, lekin oliygohda o‘qitish uchun ota-onasining imkoniyati bo‘lmagan bola dilidan nimalar kechadi? Unaqalar qancha ekan? Yoki sharoitdan foydalanib, imkoniyati haminqadar bo‘lsa-da, faqat boyning bolasi o‘qishi kerakmi? Yo qaysidir darajada imkoniyatlari cheklangan yoshlarning afsusli va mungli nigohlari bilan har yili ovora bo‘lish peshonamizga bitganmi? To‘g‘ri, buni hamisha qilganmiz, bu to‘xtamaydi. Ammo yuqoridagi kabi savollar ko‘p. Taʼlimga qamrov, imtihon, o‘qish uchun to‘lovlar, o‘qitish standarti degan masalalarda muammolar kutib turmaydi. Biri – ikkinchisini paydo qilganiyam haqiqat.

Yoshlar bilan uchrashuvni ko‘rib, Prezident ertangi O‘zbek jamiyatida mungli nigohlar bo‘lmasligi kerak, degan niyatda yangi tizim yaratmoqchi, deb tushundim.

Muammolarni Prezident o‘zi sanadi va yechimini ham aytdi. Yaʼni, shu vaqtgacha oliygohda o‘qitish uchun taʼlim krediti 3 yil muddatga, 22-28 foiz stavkada berilgan. Ota-onalarga qiyin bo‘ldi. Ayniqsa, uzoq va chekka joylarda yashaydigan oilalarga og‘irligi haqiqat.

“Shuni hisobga olib, yangi o‘quv yilidan barcha uchun taʼlim krediti imtiyozli shartlarda 7 yil muddatga, Markaziy bankning asosiy stavkasida, yaʼni joriy yilda 14 foiz stavkada ajratiladi…” Shu joyida beixtiyor bor ovozim bilan “Respekt!” deb yuboribman. Nega desangiz, o‘tgan yili ikkinchi qizimiz Kamoliddin Behzod nomidagi dizayn va rassomlik institutiga “super-kontrakt” sharti bilan o‘qishga qabul qilindi. 58 mln. so‘mni birdan to‘lash osonmas. Taʼlim kreditini surishtirdik. Yuqoridagi ahvol, foizlar baland, talablar qattiq… Eng yomoni, o‘tgan yili “superga” taʼlim krediti berilmadi. Qizimiz ko‘zlarida o‘sha mung… “Qo‘ying, dada, keyingi yilga…” deydi. “Lekin, yana omadi chopmasachi?” deb dilivayron bo‘lganim ko‘zimdan o‘tdi. Men, biror farzand yo ota-onaga o‘sha kunlardagi holatimni ravo ko‘rmasdim. Xullas, yangi tizim yoshlarniyam, ota-onalarniyam shu kabi tashvishlardan qutqaradi! Bu yog‘iga “Temir daftar”dagi oilalar farzandlariga o‘qishning birinchi yili uchun kontrakt to‘lovini byudjetdan to‘lab berish tartibi joriy etiladi.

Davlat rahbari O‘zbekiston yoshlar va talabalar forumida yana bir narsaga urg‘u berdilar. O‘zbekistonda maktablarning 10–11-sinf o‘quvchilarini mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarlarga o‘qitish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

“Bundan buyon maktab bitiruvchisiga attestat berishda mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kamida bitta kasb yoki hunarni egallash majburiy qoida bo‘ladi. Bu tizim davlat-xususiy sheriklik asosida nodavlat taʼlim tashkilotlari bilan birga yo‘lga qo‘yiladi”, dedi Prezident. Albatta, hunarli xor bo‘lmaydi, mabodo qaysidir sabab bilan bu yil o‘qishga kirolmasa ham, aniq ishli bo‘ladi, daromadga ega bo‘lish imkoniyati yaraladi. Bu, endi, islohot.

Xullas, Mustaqillikning 30 yilligi nishonlanadigan tarixiy yilda 30 iyun yoshlar siyosati va taʼlim sohasida tarixiy maqsadlar belgilandi. Forumda Shavkat Mirziyoyev yoshlar muammolari ustidan yechimlarni dadil va oddiy qilib tushuntirib bera oldi. Ular ichida har bir ota qalbida yotgan muammolar ham bor. Bu o‘sha ikki omil – sharoit va imkoniyatni muvozanatlashtirishga qaratilgan to‘g‘ri qarorlar ekanini yaqin kelajak albatta ko‘rsatadi. Bunga ishonaman!

Umidjon JABBOROV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi aʼzosi