Yoshlar uchun yana bir imkoniyat — Янгиликлар — Миллий тикланиш

Ўзбекистон Миллий тикланиш демократик партияси

Партия логотипи Партия логотипи

Yoshlar uchun yana bir imkoniyat

Men bugun O‘zbekiston yoshlari safida ekanligimdan yana bir bor faxr tuyg‘usini tuydim. Yurtimizda yoshlarga eʼtibor qaratmayotgan, ularga imkoniyat yaratmayotgan hech bir soha qolmadi.

Yurtimizda yoshlar siyosatining davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani biz yoshlarning bilim olishimiz, hunar o‘rganib, jamiyatdan munosib o‘rin topishida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Talabalar uchun alohida Prezident grantining joriy etilishi esa ana shu maqsaddagi ezgu ishlardan biri bo‘ldi.

6-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika oliy taʼlim muassasalariga talabalikka qabul qilingan iqtidorli yoshlarni yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.

Unga ko‘ra, 2021−2022-o‘quv yilidan OTMga kirish imtihonida eng yuqori ball to‘plagan 200 nafar yoshlar uchun Prezident granti joriy etildi. O‘qish davomida grantni olish uchun barcha fanlardan “aʼlo” baho olish kerak. Prezident grantini olgan yoshlar o‘qish yakuniga qadar magistraturaga imtihonlarsiz davlat granti asosida qabul qilinadi.

Albatta, shu kungacha ham talabalarga bir qator imkoniyatlar yaratilgan edi. Iqtidori, shijoati, bilimini namoyish eta olgan talabalar buyuk bobokalonlarimiz nomi bilan taʼsis etilgan grantlarni qo‘lga kiritishmoqda. Bu grantlar nafaqat moddiy tomondan, balki taʼlimning keyingi bosqichlari uchun kafolat vazifasini o‘tamoqda. Yaʼni, magistratura bosqichiga hech qanday sinovlarsiz grant asosida o‘qishga qabul qilinmoqda.

Bugun yoshlar uchun barcha imkoniyatlar, shart-sharoitlar yaratilgan. Ulardan qay darajada foydalana olish esa biz yoshlarning qo‘limizda. Hech bir yosh sifatli taʼlim olish nafaqat o‘zimiz uchun, balki shu yurtimiz ravnaqi uchun ham muhim ahamiyat kasb etishini unutmasligi lozim.

Husnora AXADOVA,
O‘zMTDP “Yoshlar qanoti” faoli,
Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti talabasi