Yuzga yaqin murojaat va ularning yechimlari — Янгиликлар — Миллий тикланиш

Ўзбекистон Миллий тикланиш демократик партияси

Партия логотипи Партия логотипи

Yuzga yaqin murojaat va ularning yechimlari

Avval xabar berganimizdek, “Iyun – yoshlar oyligi ” doirasida shu kunlarda Buxoro viloyatida o‘rganishlar olib borayotgan O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi rahbariyati, partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi hamda Senat aʼzolari, “Deputat ayollar klubi” vakillaridan iborat ishchi guruh tomonidan bugun O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi Buxoro viloyati kengashining katta majlislar zalida sayyor qabul tashkil qilindi.

Asosan yoshlar va ayollar ishtirok etgan qabulda 2 yoshgacha bo‘lgan bolalarga nafaqa to‘lash, oromgohlarga yo‘llanma berish, bandlik, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish uchun imtiyozli kredit ajratish, uy-joy taʼmiri, oilaviy munosabatlarni qayta tiklash, shuningdek, subsidiya orqali uy-joy olish kabi masalalarda yuzga yaqin murojaatlar bo‘ldi. Sayyor qabulda @MTYoshlarmurojaatiBot, @MTAyollarmurojaatiBotga murojaat yo‘llaganlar ham qatnashdi.

Tegishli soha mutasaddilari ishtirokida amalga oshirilgan sayyor qabulda peshko‘lik Shaxrixon Jumayeva tikuvchilik yo‘nalishida o‘z tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish, Nozim Usmonov chorvachilik faoliyatini tashkil qilish uchun amaliy yordam so‘rab qilgan murojaati partiyaning xalq deputatlari Peshko‘ tuman Kengashidagi deputati Inobat Berdiyeva yordami bilan joyida hal qilindi. “Xalq banki” tuman filiali tomonidan murojaatchilarning har biriga 30 mln. so‘mlik imtiyozli kredit ajratildi. Shuningdek, deputat saʼy-harakati bilan Nozima Zokirova “Zandani” mahalla fuqarolar yig‘iniga jamoat ishchisi sifatida ishga joylashtirildi.

Qorako‘l tumani “Sho‘rrabot” mahallasida yashovchi Shaxnoza Atamurotova 2016-yilda Shohruh Normurotov bilan turmush qurgani va bir nafar farzandi bilan oilaviy kelishmovchilik sabab ajrashgani, hozirda uysiz, yolg‘iz farzandi bilan qiynalib qolganini aytib, oilasini qayta tiklashda amaliy yordam so‘rab murojaat qildi.

Qabul davomida xalq deputatlari Qorako‘l tuman Kengashi deputati Nilufar Jumayeva oila vakillari bilan suhbatlashdi va bu oilani 5 yildan so‘ng qayta tiklanishiga erishdi. Xuddi shunday muammo bilan murojaat qilgan romitanlik Dilnoza Qarayeva tuman Kengashi deputati Feruza Cho‘lliyeva ko‘magida oilasi bilan yarashtirilib, 3 nafar bolasi bilan uyiga qaytdi.

Buxoro shahridagi ijtimoiy yotoqxonada istiqomat qilayotgan Botir Sharipov yotoqxona hovlisidagi antisanitar holat, taʼmirtalab ahvol, shuningdek, bolalar maydonchasi yo‘qligi bo‘yicha murojaat qildi. Ishchi guruh shu kuniyoq yotoqxonaga borib, muammoni o‘rgandi va… Bu haqda keyinroq batafsil maʼlumot beramiz.