Zamonaviylik bilan zamonasozlikni adashtira boshladik yoki yana tilimiz haqida — Янгиликлар — Миллий тикланиш

Ўзбекистон Миллий тикланиш демократик партияси

Партия логотипи Партия логотипи

Zamonaviylik bilan zamonasozlikni adashtira boshladik yoki yana tilimiz haqida

Tasavvur qiling, ko‘rsatuv va eshittirishlar shevada olib borilsa, dasturlar nomi chet tillarda yangrasa, biz esa ko‘proq sukut saqlab, kuzatuvchilik qilaversak, tilimizning holi nima kechadi?!

Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallam bir kuni Abbos roziyallohu anhuga: «Go‘zalligingiz meni ajablantiradi» dedilar. U kishi: «Insonning go‘zalligi nima, ey Allohning Rasuli?» dedilar. Payg‘ambar Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallam: «Uning tili» dedilar.

Til nafaqat aloqa vositasi, balki xalqning madaniyati, urf-odati, uning turmush tarzi hamdir. Bugun turli xalqlarning o‘z tillariga bo‘lgan hurmati esa ana shu tilning rivojiga xizmat qiluvchi birlamchi omilga aylanmoqda.

«Davlat tili haqida»gi qonunimiz atigi 24 moddadan iborat. Ammo moddalarni o‘ttiz yildan buyon hayotga to‘liq tatbiq eta olmay kelayotganimizni nihoyat tan ola boshladik. Xorijiy tillarni bilish har qanday kishi uchun dunyo eshiklarini ochadi. Ona tilini bilish esa har bir fuqaro oldidagi muqaddas burch, albatta.

Ammo keyingi paytlarda ko‘pchiligimiz nafaqat ko‘cha-ko‘yda, norasmiy muloqotda, hatto ishxonada, taʼlim jarayonlarida, radioeshittirish va teleko‘rsatuvlarda ham o‘zbek adabiy tilida gapirish o‘rniga o‘z shevamizda so‘zlashga odatlanib qolmayapmizmi?!

Maʼlumki, bir necha yillardan beri yo‘qolib borayotgan tillarni o‘rganish, real holatlarni chuqurroq tahlil qilish maqsadida «Yo‘qolib borayotgan tillar qizil kitobi» nashr etilyapti.

Dunyo olimlarining qayd etishlaricha, 1950-yildan beri 230 ta til batamom yo‘q bo‘lgan. Bu 2500 dan ziyod tilda so‘zlashuvchi dunyo xalqlari uchun nihoyatda og‘ir yo‘qotish, albatta.

To‘g‘ri, o‘zbek tilini bunday yomon taqdir kutayotgani yo‘q. Ammo har qanday eʼtiborsizlik, tilga nisbatan befarqlik bizni ana shunday ko‘rgiliklarga yetaklayotganini anglamaslik mumkin emas.

O‘zbek adabiy tilini asrab-avaylash, uni chuqur bilish uchun, eng avvalo, qonunda belgilanganidek, korxona-tashkilotlar, taʼlim muassasalarida o‘zbek adabiy tiliga rioya qilgan holda so‘zlashish, muloqot qilish, yuksak muomala madaniyatini yo‘lga qo‘yish va uning mavqeyini ko‘tarish uchun tinimsiz ishlashimiz kerak.

Takror bo‘lsa ham oliy taʼlim muassasalarida «Ona tili va adabiyot», «Nutq madaniyati», «Davlat tilida ish yuritish asoslari» kabi fanlarni asosiy o‘quv fanlari qatoriga kiritish kerak, deb hisoblayman. Bu shubhasiz, tilimizni chuqurroq o‘rganishga yordam beradi.

Bunda eng avvalo, do‘konlar, firmalar, joylarni nomlashga alohida eʼtibor qaratish lozim. Bu bilan har bir yurtdoshimiz o‘z ona tilini ehtirom qilish, g‘ururlanish tuyg‘usini oshkora namoyish qilgan bo‘ladi. Hind kinolarida doim bir manzara, kishini hayratga soladi. Yaʼni, «Mening yurtim ona Hindiston, men hindman. Hindiston g‘ururim» kabi jumlalar deyarli har bir kinoda yangraydi. Ko‘rib, eshitib, beixtiyor hind yurtiga, xalqiga nisbatan mehringiz oshadi, havasingiz keladi.

Hind sarisini o‘ragan qiz-juvonlarini ko‘rib battar hayratlanasan. Bizning seriallarimiz, kinolarimizni esa zamonaviylashuvning buyuk bir ko‘rinishlari egallab olgan, hamisha shim kiygan qizlar-u, keksa bo‘lsa ham boshyalang yuradigan buvi, ajnabiy mashina-yu, o‘z shevasida gapiradigan qahramonlar…

Bu esa tilimizga bo‘lgan hurmatni, har bir zamondoshimizdan talab qiladigan kunlar yetib kelganini ko‘rsatyapti.

Ahmadjon ALOXODJAYEV,
Partiya Namangan viloyati Kengashi raisi
“Milliy tiklanish” gazetasining 9-iyul sonidan olindi