Yangiliklar


486   22-05-2023

Samarqand yana dunyo nigohida

Joriy yilning 16-18 may kunlari qo‘hna va navqiron Samarqand shahri yilning eng muhim voqealaridan biri Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 32-yillik yig‘ilishiga mezbonlik qildi.

O‘zbekiston YETTBga 1992-yil 30-aprelda a’zo bo‘lgan. Respublikamiz ushbu bankning umumiy qiymati 44,1 million yevroga teng bo‘lgan 4,2 ming aksiyalariga ega. Bankning Toshkentdagi vakolatxonasi 1993-yil may oyida, Andijondagi ofisi – 2019 yil oktyabr oyida, Urganchda esa, 2021-yil iyun oyida ochilgan.

Albatta, nufuzli muassasa sanalgan YETTB hamma mamlakatlarda ham o‘z yig‘ilishini o‘tkazavermaydi. Zero, azal-azaldan Buyuk ipak yo‘li chorrahasida joylashgan Samarqand shahri Sharq va G‘arb, Shimol va Janubni o‘zaro bog‘laydigan, Yevropa, Osiyo va Afrika qit’alari o‘rtasida savdo-iqtisodiy, madaniy va ilmiy-texnologik almashuvlar makoni bo‘lib xizmat qilgan.

Ahamiyatlisi, O‘zbekiston butun Markaziy Osiyo mintaqasi va Yevropa o‘rtasidagi hamkorlik nuqtai nazaridan muhim davlat hisoblanadi. Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining o‘n bir yillik tanaffusdan so‘ng o‘zining yillik anjumanini Samarqandda o‘tkazish to‘g‘risidagi qarori shubhasiz, tarixiy voqeadir.

Mazkur nufuzli tadbir oxirgi marta mamlakatimizda bundan 20 yil oldin 2003-yilda Toshkentda, mintaqamizda esa 2011-yili Qozog‘iston Respublikasining poytaxti Astana shahrida o‘tkazilgan edi. Tadbirning 12 yildan so‘ng yana Markaziy Osiyoda, aynan O‘zbekistonda o‘tkazilishi albatta yurtimizda olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning dunyo hamjamiyati tomonidan e’tirof etilishidan dalolat beradi.

Shu bilan birga, oxirgi yillarda O‘zbekiston YETTB mablag‘larining jalb etilishi bo‘yicha mintaqada yetakchilikni egallab turibdi. Birgina 2022-yil davomida YETTB O‘zbekistondagi 26 loyihaga, qariyb 900 million dollar miqdorida sarmoya kiritdi. Bu mamlakatimizning o‘sib borayotgan investitsiyaviy jozibadorligi, yurtimizda yaratilgan qulay me’yoriy-huquqiy muhitning e’tirofi, desak ayni haqiqat.

YETTBning O‘zbekiston bo‘yicha so‘nggi strategiyasi 2018 yil 19-sentyabrda qabul qilingan bo‘lib, unda quyidagi strategik ustuvor yo‘nalishlari belgilangan edi:

- Iqtisodiyotda xususiy sektorning rolini kuchaytirish orqali raqobatbardoshlikni oshirish;

- Barcha iqtisodiyot sohalarida ekologik toza energiya va resurs yechimlarini ilgari surish;

- Mintaqaviy va xalqaro hamkorlik va integratsiyani qo‘llab-quvvatlash.

Shu bilan birga, YETTBning O‘zbekiston bo‘yicha strategiyasida mamlakatdagi islohotlarni jadallashtirish, fuqarolik jamiyati rolini oshirish, ommaviy axborot vositalariga kengroq erkinlik berish va ayollar tadbirkorligini rivojlantirish zarurligi belgilangan.

O‘tgan davrda davlatimiz rahbari boshchiligida YETTB strategiyasida belgilangan barcha ustuvor yo‘nalishlarda keng qamrovli islohotlar amaga oshirildi. Ushbu yo‘nalishlarga oid ko‘plab normalar yangilangan Konstitutsiyamizda muhrlab qo‘yilgani, O‘zbekistonning siyosiy ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarga sodiq qolgan holda demokratik huquqiy davlat qurish bosh maqsadi ekanligini anglatadi.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston va YETTB o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlik tobora ortayotgani e’tiborga molik. YETTBning bu yilgi yig‘ilishida dunyoning 70 dan ortiq mamlakatidan iqtisodiyot, investitsiyalar, moliya va innovatsiyalar sohasi ekspertlari va tahlilchilari, fuqarolik jamiyati faollari va jurnalistlar — 2,5 mingdan ziyod ishtirokchi qatnashgani uning ko‘lami va ahamiyatini aks ettiradi.

Ayniqsa, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning ushbu tadbirdagi ishtiroki anjumanga alohida ruh bag‘ishlash bilan birga, mamlakatimizning xalqaro hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlashga bo‘lgan yuksak e’tiboridan dalolat berdi. Zotan, bu galgi yig‘ilish xalqaro hamkorlar, salohiyatli investorlar uchun mahalliy bozorni, mamlakatning sarmoyaviy salohiyatini yanada chuqurroq o‘rganish uchun katta imkoniyat bo‘ldi.

Qisqasi, keyingi yillarda O‘zbekiston bilan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki o‘rtasidagi samarali hamkorlik yuksak darajaga ko‘tarildi. Ushbu anjuman esa O‘zbekistonning nufuzini yanada mustahkamlash, mamlakatimizning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, xalqaro moliya institutlari va tashkilotlari bilan o‘zaro hamkorlikni chuqurlashtirishga xizmat qiladi.

Bir so‘z bilan aytganda, ushbu nufuzli tadbir davomida bank aksionerlari bankka a’zo mamlakatlar duch kelayotgan muammolarni hal etish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Shubhasiz, mazkur tadbir YETTBga o‘tgan yil davomida erishgan yutuqlarni tahlil qilish va rejalar tuzish imkoniyatini beradi.

 

Nodir TILAVOLDIYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi

“Milliy tiklanish” fraksiyasi aʼzosi