Yangiliklar

351 29-11-2021
Korrupsiyaga qarshi kurashish: bu boradagi qonunchilik xalqaro standartlarga uyg‘unlashtirilmoqda
Insoniyat tarixining barcha davrlarida ham korrupsiya jamiyat va davlat hayotini parokanda etadigan, turli xil jinoiy qilmishlarni keltirib chiqaradigan xavfli illat sifatida qattiq qoralanib kelingan.
Keyingi yillarda mamlakatimizda ham korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish, barcha sohalarda korrupsiogen omillarga chek qo‘yishga qaratilgan muhim chora-tadbirlar qatʼiy bilan amalga oshirilmoqda.
Maʼlumki, korrupsiyaga oid jinoiy qilmishlarda pora olayotgan va pora berayotgan shaxslarning o‘zaro manfaatlari bog‘lanib ketganligi sababli aksariyat hollarda tomonlar “yopiqli qozon yopiqligicha qolishi”ni istashadi.
Shuningdek, ko‘p yillik tajribani shuni ko‘rsatmoqdaki, bu xavfli illatga qarshi kurashda faqat masʼul idoralarning saʼy-harakati bilan kutilgan natijalarga erishish mushkul. Shuning uchun bu borada davlat organlari, ommaviy axborot vositalari, fuqarolik jamiyati institutlari, boshqa nodavlat sektor vakillari hamda fuqarolarning birgalikdagi samarali faoliyati taʼminlansagina, ko‘zlangan maqsadga erishish mumkin.
Aytish kerakki, mamlakatimizda bu o‘ta muhim omilni inobatga olgan holda, milliy qonunchiligimizni tubdan takomillashtirish, korrupsiyaga qarshi kurashda ijobiy natijalarga erishgan davlatlarning ilg‘or tajribalarini qo‘llash choralari ko‘rilmoqda.
Kuni kecha davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun bu borada navbatdagi muhim qadam bo‘ldi.
Shu o‘rinda yangi qonun bilan amaldagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunga kirtilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni bevosita amalga oshiruvchi davlat organlaridan biri sifatida belgilanganini alohida taʼkidlash joiz.
Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi(Agentlik) xodimlariga o‘z vakolatlari doirasida korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir etilishining sabab va shart-sharoitlarini o‘rganish hamda tahlil qilish maqsadida jazoni ijro etish muassasalariga, qamoqda saqlash joylariga hamda maxsus qabulxonalarga moneliksiz kirish va zarur hujjatlar bilan tanishish huquqi berildi.
Bu bilan Agentlik zimmasiga yuklatilgan eng muhim vazifalardan biri, yaʼni mamlakatda korrupsiya holatini tizimli tahlil qilish, shuningdek, korrupsiyaga oid xavf-xatarlar yuqori bo‘lgan sohalar hamda korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir etilishining sabab va shart-sharoitlarini aniqlash va ularni bartaraf etish borasidagi vakolatini samarali amalga oshirishning huquqiy mexanizmi yaratildi.
Korrupsiyaga oid jinoyatni fosh etib, tergov qilgandan ko‘ra, uning oldini olish tabiiyki, maqsadga muvofiqdir. Shu bois yangi qonun bilan Agentlikka ijro hokimiyati va xo‘jalik boshqaruv organlari hamda ularning mansabdor shaxslari qarorlarida korrupsiya belgilari aniqlangan hollarda ularning ijrosini to‘xtatish yoki bekor qilish to‘g‘risida ko‘rib chiqilish majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritish vakolati ham berildi. Qonunga kiritilgan bu yangilik kelgusida Agentlikka muayyan sohadagi korrupsion holatlarga tezkorlik bilan munosabat bildirish imkonini beradi.
Maʼlumki, amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarda sodir etilgan, sodir etilayotgan yohud tayyorlanayotgan korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida xabar bergan shaxslarning shaxsiga oid maʼlumotlarning sir saqlanishini yetarli darajada kafolatlaydigan meʼyorlar mavjud emasdi. Bu holat ham korrupsiyaga qarshi samarali kurashga o‘zining salbiy taʼsirini o‘tkazmasdan qolmasdi.
Shu bois yangi qonun bilan korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi maʼlumotlarni xabar qiluvchi shaxslar faqat o‘zlari emas, balki ularning yaqin qarindoshlari ham davlat himoyasida bo‘lishi, ular to‘g‘risidagi maʼlumotlar xizmat sirini tashkil etishi belgilab qo‘yildi. Endilikda faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va shaxsning o‘zini hamda korrupsiyaga qarshi kurashni amalga oshirayotgan organ rahbarining yozma ruxsati bo‘lsagina ular to‘g‘risidagi maʼlumotlar oshkor etilishiga yo‘l qo‘yiladi.
Shuningdek, bu shaxslar hamda ularni yaqin qarindoshlarining hayoti va sog‘lig‘iga tahdid, ularga nisbatan zo‘rlik ishlatish, mol-mulkini yo‘q qilish yoki shikastlantirish borasida harakatlar sodir etilishini tasdiqlovchi asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda korrupsiyaga qarshi kurashishni amalga oshiruvchi organlar ularni himoya qilish borasida zarur chora-tadbirlarni ko‘rishga majbur ekani belgilandi.
Shu bilan birga yangi qonun bilan korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida xabar qilgan shaxsning o‘zi yoki yaqin qarindoshlariga nisbatan ish beruvchi tomonidan mehnatga oid huquqlar buzilgan taqdirda bu qonuniy javobgarlikni keltirib chiqarishi ham mustahkamlab qo‘yildi.
Bundan tashqari yangi qonun bilan har yili O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan tayyorlanadigan O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi Milliy maʼruzani parlamentga taqdim etish hamda maʼruzaning Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida hamda Senatda ko‘rib chiqish tartibi belgilandi.
Albatta, amaldagi qonunga kiritilgan bu yangiliklar, yaʼni parlament palatalari tomonidan Milliy maʼruzani muhokama qilinishi va natijasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflar ishlab chiqish va uni Agentlikka taqdim etishning huquqiy mexanizmlari belgilanganligi kelgusida parlament faoliyati samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Sherzod TO‘XTASHEV,
Oliy Majlis Qonunchilik
palatasi deputati