Yangiliklar


94

Alkogol va tamaki bilan bog‘liq huquqiy hujjatlar ijrosi qoniqarli emas

Fraksiya yig‘ilishida taʼkidlanganidek, alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda isteʼmol qilinishini cheklash bo‘yicha ko‘plab huquqiy hujjatlar qabul qilingan bo‘lsada, ularning ijrosi qoniqarli emas. Bu o‘rganishlarda yana bir bor tasdig‘ini topdi. 

2014 va 2019-yillarda o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovlar shuni ko‘rsatdiki, oxirgi 30 kun ichida katta yoshdagilarning yopiq joylarida tamaki tutuni taʼsirida bo‘lish 2,4 marta oshgan, yaʼni 15,6 foizdan 37,5 foizga ko‘tarilgan. Aholining sigareta sotuvini rag‘batlantirishga bo‘lgan eʼtibori 2,3 foizdan 5,2 foizga oshgan.

2020-yilda Toshkent va Samarqand shaharlarida bu borada o‘tkazilgan jamoatchilik monitoringida quyidagilar aniqlandi: taqiqlangan bo‘lsada, savdo do‘konlarining 38,8 foizi maktablardan 200 metrdan kam bo‘lgan masofada joylashgan. Do‘konlarda sigaretalarning 53 foizi, ko‘chalarda esa 89 foizi donalab sotilmoqda. 

Yanada хavotirlisi, tamaki mahsulotlarining 61,2 foizi o‘yinchoq va shirinliklar oldiga qo‘yilgan. Do‘konlarning 83,6 foizida hushbo‘ylantirilgan sigaretalar, 57,4 foizida esa chekilmaydigan tamaki mahsuloti sotilmoqda.