Yangiliklar


287

O‘z “aktual”ligini yo‘qotgan o‘zgarishlardan kimga nima naf?

Adliya vazirligi tomonidan jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonun loyihasida bir qator maʼmuriy javobgarliklar uchun yengilliklar yaratish ko‘zda tutilmoqda.

Taʼkidlash kerak, oxirgi paytlarda jarimalar kiritish va ular miqdorini ko‘paytirishga doir qonun loyihalari qatorida bu qonun  aksincha jarimalarni kamaytirishga qaratilgani bilan jozibadorroq ko‘rinmoqda. Lekin loyihani chuqurroq tahlil qilsak, aslida bu turdagi jarimalar bugungi kunga kelib o‘z ahamiyatini yo‘qotib bo‘lganini va ularni qo‘llash nihoyatda murakkabligi bois “nigilizm”ga uchray boshlaganini aytish joiz.

Masalan, sug‘urtani onlayn rasmiylashtirish ommabopligi va sug‘urta polisi bilan bog‘liq qonunbuzarlikni sodir etganlik uchun avtotransportni jarima maydonchasiga olib qo‘yishning bekor qilinganligi tufayli sug‘urta polisini tekshirish ishlari ham go'yoki o‘z dolzarbligini yo‘qotgandek.

Avtotransportni texnik ko‘rikdan o‘tkazishning muddatlari uzaytirilishi esa muddat buzilishi kabi jarimalarni kamaytirdi. Bundan tashqari, Bluetooth singari boshqa uskunalar ham anchadan beri  zavodning o‘zida o‘rnatilyapti. Va bundan foydalangan yoki aksincha ekanini aniqlashning imkoni juda past.

Qolaversa, belgilangan harakat tezligini oshirib yuborganda o‘zi shundoq ham amaliyotda 5 kilometr ayriladi. Xullas, qonun loyihasiga bir qator yengilliklar kiritilgan. Lekin dolzarbligiga kelsak, bugungi kundagi jarimalar yukiga ular deyarli taʼsir etmasligi ayon bo‘ldi. Buning o‘rniga birgina to‘xtash yoki to‘xtab turish bo‘yicha jarimalar miqdori kamaytirilsa, aholi uchun ancha yengillik yaratilgan bo‘lardi. Sababi hanuzgacha aholi gavjum joylarda avtoturargohlarning yetishmasligi, shuningdek, kundan kunga avtoulovlar sonining ko‘payib ketayotganligi ushbu turdagi jarimalar yukini battar og‘irlashtirmoqda.

Farhod ZAYNIYEV, 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati