Yangiliklar


248

“Mana shunday inson albatta O‘zbekiston Qahramoni bo‘lishga loyiq”

Prezident Shavkat Mirziyoyevning qator farmonlariga muvofiq, mamlakatimiz Mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan bir guruh yurtdoshlarimiz faxriy unvon, orden va medallar bilan taqdirlangan edi. Jumladan, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi faxriysi, yozuvchi, mohir tarjimon va adabiyotshunos olim Ibrohim G‘afurovga “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni berildi. 

Bugun Ko‘ksaroyda ushbu mukofotlarni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. 

Prezident yuksak unvonga sazovor bo‘lganlarning har biri va bosib o‘tgan yo‘li haqida alohida taʼrif berar ekan, Ibrohim G‘afurov haqida quyidagi fikrlarni aytdi: 

“Men “Boburnoma”ni ko‘p-ko‘p o‘qishga, Boburning hayot yo‘lini o‘rganishga harakat qilaman. Bilasizlarmi, Boburda umuman halovat bo‘lmagan. Uning hayot yo‘li mashaqqatlar va kurashlarda o‘tgan, faqat mehnat qilgan. Ibrohim akaning ham hayotida halovati bo‘lmagan, umri mehnatda o‘tgan. Hozirga adabiyot sohasidagi barcha yozuvchi va shoirlarimiz bu insonni ustoz deydi. Bu insonga halollik va poklik bo‘yicha munosib bo‘lishga harakat qiladi.

Ochiq gap, men Erkin Vohidov va Abdulla Oripov bilan do‘st edim. Abdulla Oripov bilan Zomin maktabini tashkil qilgan edik. Erkin Vohidov bilan esa kechalari ham gaplashardik. Erkin akaning bir gaplari bo‘lar edi: agar o‘zbek tilining buyukligini bilishni xohlasang, Ibrohimjondan so‘rash kerak, derdi. Sevib gapirardilar. Ibrohim aka adabiyotimizning ana shunday zabardast namoyandasi.

Ibrohim akaga o‘xshagan halol insonlar bizga o‘rnak bo‘lishi kerak. Hayotda, mehnatda, umrda. Bitta stol, ruchka va bitta xona. Boshqa biror narsani bu inson o‘zi uchun ep ko‘rmagan. Mana shunday inson albatta O‘zbekiston Qahramoni bo‘lishiga loyiq”.