Yangiliklar


400

Partiya siyosiy kurashga tayyor!

Kuni kecha bo‘lib o‘tgan “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining VII Qurultoyida partiya o‘z anʼanalariga nechog‘lik sodiqligini yana bir bor namoyon etdi. Partiya davlatning tinchligi va taraqqiyoti inson omilining islohiga bog‘liqligini eʼtirof etib, “Qadriyatlarga tayangan taraqqiyot!” g‘oyasi bilan siyosiy maydonga chiqdi.

To‘g‘rida, qachongacha musulmon olamining o‘z davrida eng katta va baland minora hisoblangan “Kalta minor” turganda Parijning “Eyfel”ini eʼtirof etamiz. Gap bu kabi madaniy meros obyektlarida emas, balki “xo‘rozqand chet elniki bo‘lsa, ...” degan qarashning xalqimiz ongiga chuqur singib ketganida!

Vaholanki, Hazrat Jaloliddin Rumiy “O‘zingniki o‘zingdadir” deb, insonning, avvalo, o‘z imkoniyatlarini ko‘ra bilishga, isloh uchun, avvalo, o‘zni jamlashga chaqirgan. Qadriyatlar unutilib borayotgan bugungi tezkor zamonda, hatto partiyalarning o‘ng va so‘lligi o‘rtasidagi tafovutlar yo‘qolib borayotgan davrda “Milliy tiklanish”ning konservativ qarashlari yo‘lida faol harakatda davom etayotgani eʼtiborga molik.

Endi Prezidentlikka nomzodning Saylovoldi dasturi haqida qisqacha:

Partiyadan Prezidentlikka nomzodi ko‘rsatilayotgan Alisher Qodirov Saylovoldi dasturining uch jihati shubhasiz, konseptual ahamiyatga ega bo‘lib, u uchta klassik tayanch rivojlanish nuqtasini o‘z ichiga  oladi. Bular quydagilar:

1. Davlat rivojining ustuni – oila barqarorligini taʼminlash.

2. Tarbiya va taʼlimning uch bosqichi – bog‘cha, maktab, oliy taʼlimni tubdan isloh qilish.

3.Mahalliy davlat hokimiyati, jumladan, ijro hokimiyati, siyosiy institutlar tizimini yanada takomillashtirish.

Prezidentlikka nomzodning Saylovoldi dasturi saylovchiga oson,  tushunarli uslubda ifodalangan bo‘lib, undagi har bir yo‘nalish tizimli va mantiqiy xulosalardan iborat.

Saylovoldi dasturda iqtisod, sud-huquq tizimi, tashqi siyosat, diniy  va maʼnaviy qadriyatlarining negizi bo‘lgan eʼtiqod tarbiyasiga taalluqli yangi takliflar ishonchli yechimlar bilan taqdim etilgan. Bu esa siyosatchilarning yangi avlodi bo‘lgan Alisher Qodirovning jiddiy munozaraga, "Milliy tiklanish" demokratik partiyasining siyosiy kurashga tayyorligidan dalolat.

 

Feruza MUHAMEDJANOVA,

«Milliy tiklanish» demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi o‘rinbosari