Yangiliklar

404 03-02-2022
Odamlar bizdan real natijalarni kutishyapti
Demokratik huquqiy davlat barpo etish va fuqarolik jamiyatini shakllantirishda siyosiy partiyalarning o‘rni beqiyos, albatta. Ularning dasturiy maqsadlarini ro‘yobga chiqaradigan kuch esa, saylab qo‘yilgan vakillari va, albatta, partiyaning g‘oyalariga xayrixoh bo‘lgan odamlardir. «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi Andijon viloyati Kengashi raisi Hamidjon Omonovning fikricha, keyingi yillarda siyosiy partiyalar faoliyatiga bo‘lgan qarash ham o‘zgardi, yaʼni saylovchi o‘zi saylagan vakillaridan o‘zgarishlarni talab qila boshladi, o‘zi jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yib, deputatlarni islohotlarda faol ishtirok etishga undayapti.
Hamidjon Komilovich, aytingchi, joylardagi deputatlar, partiya faollari ana shunday o‘zgarishlarni sezishyaptimi?
– Bugun istaymizmi yo‘qmi, fuqaroning xohishiga qarab qadam tashlashga majburmiz. Negaki, aholining ongu tafakkuri, qarashlari o‘zgardi. Prezident Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan davlat siyosatining eng katta yutug‘i ham shunda, menimcha. Boshqacha aytganda, islohot odamlar uyiga, islohotlar mohiyati esa ongimizga kirib boryapti. Bas shunday ekan, fuqaroning siyosiy ongi va madaniyati o‘sib, ochiqlik va oshkoralikni taʼminlash tabiiy zaruratga aylanib boraveradi. Ammo taʼkidlash kerakki, agar partiyalarning quyi bo‘g‘ini, yaʼni boshlang‘ich partiya tashkilotlari mustahkamlanib, ular faoliyati takomillashtirilmas ekan, bugungi kun talabiga javob bera olmay qolaveramiz. Deputatlik institutini mustahkamlashda ham BPTlar bevosita ishtirok etishiga erishishimiz kerak. Biz deputatlikka nomzodlarimizni aynan dastlabki bo‘g‘inlarimizdan qidiramiz va eng faol BPT yetakchilarini nomzodlar ro‘yxatiga birinchi bo‘lib kiritamiz.
Shu maʼnoda ham faoliyatimizni ayni kun talablariga mos, deya olmayman. Sababi partiyamizning viloyat Kengashidagi bir qator bo‘g‘inlarida o‘sish kuzatilmayapti. Nazarimda partiyaning har qanday tuzilmasi hukumatning u yoki bu tizimi bilan raqobatlasha oladigan kuchga aylanishi kerak. Buning uchun esa partiya tizimlari uchun ayrim xorijiy davlatlardagidek maxsus jamg‘armalar ochilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Bugungi kunda barcha siyosiy partiyalarning muammosi BPTlarni joy hamda kerakli texnika bilan taʼminlashdir. Eng katta kamchiligimiz esa ularni moliyaviy resurslar bilan taʼminlay olmayotganimizda.
Boshqacha aytganda, endi oddiy targ‘ibot vositalari, bannerlar va osmono‘par vaʼdalar bilan odamlarni mahliyo qila olmaymiz! Bugun vaʼdalar ahamiyatini yo‘qotdi, odamlar partiyalar faoliyatida ham jiddiy o‘zgarishlarni ko‘rishni xohlashyapti.
– Viloyatda «Milliy tiklanish»ning yetakchi partiyaga aylanishi uchun nimalarga eʼtibor qaratilishi kerak, deb hisoblaysiz?
– Bugun siyosiy partiyalar qog‘ozga tushirilgan chiroyli dasturlari bilan emas, amaldagi ishlari bilan odamlar og‘irini yengil qilishi kerak. Shuni ishonch bilan ayta olamanki, partiyamiz g‘oyalaridan viloyat ahlining umidlari katta, faqat biz ular kutayotgan natijani bera olmayapmiz. Yetakchi partiyaga aylanish degani saylovchilarning ko‘pchilik ovozini olish deganidir. Buning uchun esa ishonchni oqlash kerak.
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida»gi Farmoni qabul qilindi. Shundan kelib chiqib, 2022-yilda partiya Andijon viloyati Kengashining rejalari nimalardan iborat?
– Taraqqiyot strategiyasida asosiy eʼtibor fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga doir qonunlar, kodekslar, konsepsiya va dasturlar qabul qilishga qaratilgan. Shu bilan birga, muhim hujjatda qonun ustuvorligini taʼminlash, konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirish, milliy iqtisodiyotni rivojlantirish, kuchli ijtimoiy siyosatni amalga oshirish kabi muhim vazifalar belgilab olindi.
Maʼlumki, siyosiy partiyalarning asosiy kuchi bu ularning yoqlovchilaridir. Shu sababli yangi yilda ham boshlang‘ich tashkilotlar sonini ko‘paytirishga, yangi aʼzolarni qabul qilishga alohida eʼtibor qaratmoqdamiz. Fuqarolarning ishonchini faqat saylovga yaqin qolganida emas, bugundan qozonishimiz kerak. Yaʼni, joylarda hayotiy muammolarga yechim topib, fuqarolar og‘irini yengil qilish maqsadida sayyor qabullar o‘tkazyapmiz. Deputatlarimiz esa muhim ahamiyatga ega masalalarni deputatlik nazoratiga olmoqdalar. Shu yo‘l bilan muammoli masalalarni sessiyalar kun tartibiga kiritishga tayyorgarlik ko‘ryapmiz.
Shubha yo‘qki, bugungi raqobat muhitida partiya g‘oyalari yashovchan bo‘lishi ularning tarafdorlari ko‘p bo‘lishiga kafolatdir. Yaʼni, tarafdorlarimiz faqat amaliy ishlarga qarab shakllanadi. Partiya viloyat Kengashi bir oylik hisobot davridan so‘ng har bitta deputat hududida ijtimoiy so‘rovnoma o‘tkazadi. Qaysi deputatdan xalq roziyu qaysi biridan norozi ekanini tahlil qilamiz. Natijaga qarab, deputatlarimizga rag‘bat va aksincha choralar ko‘riladi. Shuningdek, partiya va saylovchilar o‘rtasida debat klublar tashkil etib, fuqarolar bilan o‘zaro muloqot maydonini kengaytiryapmiz. Galdagi saylovlarga qadar partiya qoshida ijtimoiy so‘rovlar institutini joriy etish orqali fuqarolarni xohish va istaklarini tizimli tarzda o‘rganmoqchimiz. Biz kamchiliklarimizni aholi bilan muloqotlar chog‘ida ko‘proq his etamiz. O‘zimizni o‘zimiz anglashimizga ham bu institut yordam beradi, degan umiddamiz.
Darhaqiqat, mamlakat siyosiy maydonidagi kuchlarning mustahkam oyoqqa turishi, taʼsiri ortishi fuqarolarning davlat boshqaruvidagi imkoniyatlarini oshiradi, vakillik organlari faoliyatini kengaytirishga, davlat hokimiyatiga taʼsirini kuchaytirishga xizmat qiladi. Siyosiy partiyalar fuqarolarning talablariga javob bera oladigan kuchga aylanmas ekan, ko‘zlagan maqsadlariga erisha olmaydilar. Qachonki, zamon talabidan kelib chiqqan holda o‘z imkoniyatlaridan to‘la foydalansagina yangi parlament va yangi mahalliy kengashlarni shakllantirishda faol qatnasha oladi.
Demak, kutamiz!
Kamola ABDUVALIYEVA suhbatlashdi.
Milliy tiklanish gazetasining 2022-yil 2-fevral sonidan olindi