Yangiliklar

441 04-02-2022
Maʼnaviyatli insonlar vatanini sevadi
26-yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida O‘zbekistonning 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasini belgilash hamda uni joriy yilda amalga oshirish masalalari muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida davlatimiz rahbari tomonidan maʼnaviyat va maʼrifat masalalariga alohida urg‘u berildi. Maʼnaviyat sohasiga oid chora-tadbirlar muhokama qilinar ekan, 12 mingdan ziyod kutubxona imkoniyatlaridan samarali foydalanish, mafkuraviy xurujlarga qarshi milliy g‘oya asosida birgalikda kurashish muhimligi qayd etildi.
Mustaqillikning ilk kunlaridanoq, maʼnaviyat masalasiga alohida ahamiyat berilgan bo‘lsa-da, maʼlum vaqt sohadagi kamchiliklar o‘z yechimini topmasdan kelayotgan edi. Buning oqibatida tashqi kuchlar milliy maʼnaviyatimizga o‘z taʼsirini o‘tkaza boshladi. Natijada baʼzi yoshlar bilib bilmay diniy oqimlar taʼsiriga tushib qoldi, bilim olish, aql zakovatlarini sog‘lom g‘oyalar bilan boyitish o‘rniga boshi berk ko‘chaga kirib qoldilar. Bundan nafaqat o‘zlari, balki oila aʼzolari, yaqinlari, qolaversa, davlat ham jabr ko‘rdi.
Bugungi kunda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni barkamol avlod bo‘lib voyaga yetishida Maʼnaviyat va maʼrifat markazlarining o‘rni beqiyos. Shuning uchun ham keyingi yillarda sohaga oid qator hujjatlar qabul qilinib, hayotga tatbiq etildi. Natijada maʼnaviy bo‘shliqlar to‘ldirildi, unutilgan qadriyatlarimiz qayta tiklandi, tilimiz, dinimiz, milliy urf-odat va anʼanalarimiz yangicha mazmun bilan boyidi.
Ayniqsa, kelajagimiz avlodlarining taʼlim-tarbiyasiga davlat siyosati darajasida eʼtibor qaratildi. Ularning chuqur bilim olishi, iqtidor va isteʼdodlarini yuzaga chiqarishi, kasb-hunar o‘rganishlariga beqiyos imkoniyatlar yaratildi. Maktablarga yozuvchi shoirlar, jurnalistlar, madaniyat va maʼnaviyat xodimlaridan iborat ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchilar biriktirildi. Shuningdek, inson qadrini ulug‘lash davlatning ustuvor vazifalaridan biri etib belgilandi. Yurtdoshlarimizning jamiyat taraqqiyoti yo‘lidagi daxldorlik tuyg‘ularini yuksaltirish maqsadida “Bir ziyoli — bir mahallaga maʼnaviy homiy” tamoyili asosida mahallalar kesimida “mahallabay”, “xonadonbay” targ‘ibot guruhlari tuzilib, ular tarkibiga nufuzli oliygohlarning professor o‘qituvchilar, yuksak maʼnaviyatli ziyoli insonlar kiritildi. Tarbiyasi og‘ir, maʼnaviy ko‘makka muhtoj, uyushmagan, ishsiz yoshlar bilan yangicha ishlash tizimini joriy etish maqsadida “Har bir nuroniy – besh nafar yoshga murabbiy” tamoyili hayotga tatbiq etildi.
Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, “Agar jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot bo‘lsa, uning joni va ruhi maʼnaviyatdir. Biz yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaror qilgan ekanmiz, ikkita mustahkam ustunga tayanamiz. Birinchisi – bozor tamoyillariga asoslangan kuchli iqtisodiyot. Ikkinchisi – ajdodlarimizning boy merosi va milliy qadriyatlarga asoslangan kuchli maʼnaviyat”.
Kuni-kecha imzolangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmonida ham maʼnaviy taraqqiyotni taʼminlash, ushbu sohani tubdan isloh etish va yangi bosqichga olib chiqish yo‘nalishida bir qator vazifalar belgilab berildi. Ularni amalga oshirishda aholi o‘rtasida huquqiy madaniyatni shakllantirish bo‘yicha huquqiy-maʼrifiy tadbirlarni xalqimizning boy tarixi, ilmiy-madaniy merosi, milliy-diniy qadriyatlarini o‘rgatish bilan uyg‘un holda tashkil qilish, oila, taʼlim tashkilotlari va mahallalarda maʼnaviy tar biyaning uzviyligini taʼminlash, maktablarni chinakam maʼnaviyat va maʼrifat, madaniyat o‘chog‘iga aylantirish uchun taʼlim-tarbiyaning interaktiv usullarini qo‘llash, mafkuraviy xurujlarga qarshi milliy g‘oya asosida birgalikda kurashish, oila, maktab va mahalla hamkorligini mustahkamlash va shu asosda maʼnaviy tarbiyaning uzviyligini taʼminlash ko‘nikmasini shakllantirish kabi eng muhim ustuvor vazifalar belgilab berildi.
Kelgusida sohamiz vakillari “Ezgulik va insonparvarlik tamoyiliga asoslangan “Harakatlar strategiyasidan – taraqqiyot strategiyasi sari” g‘oyasini keng targ‘ib etish orqali jamiyatda sog‘lom dunyoqarash va bunyodkorlikni umummilliy harakatga aylantirishni oldimizga maqsad qilib olamiz. “Yangi O‘zbekiston – maʼrifatli jamiyat” konsepsiyasini amalga oshirish uchun yana-da shijoatli bo‘lishimizni ishonch bilan aytishim mumkin.
Biz, maʼnaviyat xodimlari, shu yurt ravnaqi, xalq farovonligi uchun tunu kun mehnat qilayotgan Prezidentimizning yonida turib ishlashimiz zarur. Yoshlarimiz qalbiga vatanparvarlik urug‘ini sochib, mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari bilan xalqimizni yaqindan tanishtirish, tarixiy obidalarga ziyoratlar uyushtirish, muhim sana va bayramlarni nishonlash kabi tadbirlar esa salohiyatli kadrlarni aniqlashga, “Halollik vaksinasi”ni qalblarga singdirib, korrupsiyaning oldini olishga xizmat qiladi. Buning uchun bizdan katta masʼuliyat va Vatanga mehr muhabbat, sadoqat talab etiladi.
Xursanoy ISLOMOVA,
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Farg‘ona viloyat bo‘limi rahbari,
xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati.