Yangiliklar


364

M.Vorisovaning “Talaba o‘qisinmi yoki ijaraga pul topsinmi” degan maqolasiga ko‘zim tushib qoldi

Maqolada Toshkentda tahsil olayotgan talabalar o‘qish va yashash xarajatlarini qoplashlari uchun ishlashga majbur ekanliklari tanqid qilingan. 

Menimcha, bunday yondashuv noto‘g‘ri.

Birinchidan, sifatli oliy taʼlim olish butun dunyoda juda qimmat. Raqobat nihoyatda kuchli bo‘lgan mehnat bozorida talaba muvaffaqiyatga erishish uchun barcha imkoniyatlarini ishga solishga majbur. Aynan shuning uchun ham aksariyat hollarda talabalar nafaqat taʼlim kreditidan foydalanishga, balki o‘qish jarayonida ijara va yashash xarajatlarini qoplash uchun ishlashlariga ham to‘g‘ri keladi.  Bunday holat jamiyat va aholi tomonidan to‘g‘ri qabul qilinadi va olqishlanadi ham.  

Ikkinchidan, talaba bilim olish bilan birga mehnat qilib, o‘z ehtiyojlarini qoplash uchun qiynalishi erishganlarining qadrini oshiribgina qolmasdan zarur bo‘lgan – vaqtni to‘g‘ri taqsimlash,  maqsad uchun kurashish, ilmni amaliyotga tatbiq qilish ko‘nikmalarini ham shakllantiradi.

Uchinchidan, hukumat talabalar uchun ijara to‘lovini 50 foizi davlat byudjetidan qoplab berish amaliyotini qo‘llamoqda. Bu amaliyot aholining isteʼmol qobiliyati past bo‘lgan bugungi holati uchun zarurat. Bu masala parlament nazoratida.

To‘rtinchidan, boshqa sohalarda bo‘lganidek, Oliy taʼlimda ham davlat aralashuvini minimal darajaga kamaytirish, OTMlarni malakali mutaxassis tayyorlash yo‘lida raqobat qilishiga muhit yaratish mamlakat taraqqiyoti uchun hayotiy zarurat ekanligi “Milliy tiklanish” partiyasining Prezidentlikka nomzodi A.Qodirov tomonidan bekorga ko‘tarilgani yo‘q. Oliy taʼlim tashkiloti bolalar bog‘chasi emas, u yer o‘z yo‘lini va o‘zini anglaganlar, nafaqat o‘zi, balki jamiyat rivoji uchun ham eng samarali yechimlar topishi kutilayotgan, tanlanganlarning joyi bo‘lishi kerak. Rivojlanishga eng katta to‘siq – oliy maʼlumot haqida hujjati bor, lekin bilimi bo‘lmagan kadrlardir. Afsuski, bunday toifani millionlab tayyorlab tashladik.

Xullas, tanqid qilish uchun tanqid qilingan, muammoga yondoshuv doimgidek – hamma narsani davlat qilib bersin, hamma narsa kimningdir hisobidan… 

O‘zini qadrlamagan inson uchun nafaqat qadriyat, jamiyat va davlat ham biron narsani undirib olish manbaidan boshqa narsani anglatmaydi.

Nodir TILAVOLDIYEV, 

"Milliy tiklanish" DP Markaziy kengashi raisi o‘rinbosari