Yangiliklar


187

“Milliy qadriyatlarga tayangan taraqqiyot”

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi “Ayollar qanoti” tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha qabul qilingan chora-tadbirlar rejasiga muvofiq ko‘ngilli yoshlar va xotin-qizlardan iborat “Ko‘mak” targ‘ibot guruhi aʼzolarining saylov jarayonida ishtirokini taʼminlashga bag‘ishlangan muloqot bo‘lib o‘tdi.

Maʼlumki, mamlakatimizda muhim siyosiy jarayon – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik qizg‘in davom etmoqda. Saylov jarayonlarida partiya siyosiy platformasini keng ommaga yetkazishda volontyorlar, yaʼni, ko‘ngilli guruh aʼzolarining o‘rni juda muhim. Buni dunyo tajribasida ham kuzatishimiz mumkin. Ayni kunlarda partiya kengashlari tomonidan ko‘ngilli yoshlar va xotin-qizlardan tarkib topgan “Ko‘mak” targ‘ibot guruhlarini shakllantirishdan maqsad ham “Milliy qadriyatlarga tayangan taraqqiyot” g‘oyasi bilan saylov jarayoniga kirib kelayotgan “Milliy tiklanish”ning siyosiy platformasini yanada kengroq targ‘ib qilishdir.

– Siyosiy jarayonlarda partiyamizning har bir xodimi tom maʼnoda  ekspert bo‘lishi shart, – dedi tadbirni olib borgan partiya Markaziy kengashi raisi o‘rinbosari Feruza Muhamedjanova.

Muloqot ishtirokchilariga “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar haqida maʼlumot berildi. Saylov jarayonida siyosiy partiya dasturini keng targ‘ib etishda “Ko‘mak” targ‘ibot guruhlarining ishtiroki, ularning qonunchiligimizda belgilab qo‘yilgan vazifalari, vakolatlari xususida atroflicha to‘xtalib o‘tildi. Tadbirda targ‘ibot guruhi aʼzolarining siyosiy bilimlarini oshirish bo‘yicha siyosiy o‘quvlar, mahorat darslarini yanada ko‘proq tashkil qilish maqsadga muvofiqligi taʼkidlandi.

Feruza JALILOVA,

partiya Markaziy kengashi bo‘lim boshlig‘i