Yangiliklar


168

“Holva degan bilan og‘iz chuchimaydi”

Zaif bir siyosiy birlik “Adolat” deb nomlansa, u jamiyatda adolatni taʼminlovchi yagona kuchga aylanib qolmaydi.

“Milliy tiklanish” partiyasining Prezidentlikka nomzodi A.Qodirovning dasturida ko‘chirilgan g‘oyalar haqidagi eʼtirozga javoban quyidagilar maʼlum qilinadi:    

Birinchidan, A.Qodirovning dasturida sudlarni birlashtirish haqida umuman gapirilmagan. “Adolatning ko‘zi ko‘r bo‘ladi” deganda “Adolat” partiyasi nazarda tutilganmikan?

Dasturda Xalq qabulxonalarini Maʼmuriy sudlar tizimiga qo‘shib yuborish yoki ularning negizida bepul yuridik maslahatxonalar tashkil qilish taklif qilingan.

Ikkinchidan, Tergov qo‘mitasini tuzish va Jazoni ijro etish muassasalarini Adliya vazirligiga o‘tkazish g‘oyalari “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining 2020-2024-yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturiga kiritilgan.

Kim g‘oya o‘g‘risi, bir o‘rganib ko‘rish kerak?! Avvalgi tizimda, yaʼni dasturlarni “kimlardir” yozib beradigan davrlarda  “…bu g‘oya adolatchilarga ko‘proq to‘g‘ri kelarkan, sud-huquq ularning mavzusi” deb, “Adolat” SDPning kamsuqum, qarmoqqa ilinadigan narsasi yo‘q dasturini jonlantirish uchun ko‘chirib qo‘yilgan bo‘lib chiqmasa edi... Jurʼatlariga shubham bor, guvohlar salomat.

Bu g‘oyalar uchun “Milliy tiklanish” raisi qamoqxonalarga kirib, vazirliklar bilan “janjallashib” yurgan kezlarda adolatning yagona himoyachisi bo‘lishga daʼvogarlik qilayotgan partiyaning raisi salomatmidi? Yoki begona g‘oya baribir begonaligini qilganmikan?

Qamoqxonalarda kitob va gazeta nashriyotlarining faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha Skandinaviya mamlakatlarining tajribasi, ozodlikdan mahrum qilinganlarning ayrim toifalarida eksperiment tariqasida o‘qigan kitobining hajmi va uqqanlik darajasidan kelib chiqib, jazo muddatini qisqartirish bo‘yicha Janubiy Amerika davlatlarining tajribasi bo‘yicha bo‘layotgan muhokamalar “Milliy tiklanish”ga oid, adolat nuqtai nazaridan “Adolat”ga berib turishimiz yoki hamkorlik qilishimiz mumkin, albatta.

Adolatchilarning siyosiy saviyasi alohida  mavzu...

Prezidentlikka daʼvogar mamlakatdagi dolzarb muammolarni boshqa partiyaning masalasi, deb yondashadimi? Partiyaning qarashlariga zid bo‘lmagan barcha mavzularda o‘z yechimlarini taklif qilishdek tabiiy nima bor? Dastur va tashabbuslarga “Adolat”chasiga yondashilsa, Prezidentlikka nomzodini so‘nggi bo‘lib tasdiqlaydigan partiya nomzodining dasturida ko‘chirilmagan nima bo‘ladi?

Adolat sinmaydi, lekin o‘ylamasdan gapiraversa, “Adolat” sinadi.

 

Doniyor TOSHBOYEV, “Milliy tiklanish” DP MK xodimi