Yangiliklar


180

MDHning uzoq muddatli kuzatuvchilari bilan uchrashuv

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi taklifiga binoan, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi ishtirokchi davlatlari Parlamentlararo Assambleyasining (MDH PA) uzoq muddatli kuzatuvchilari mamlakatimizga tashrif buyurdi.

Bugun O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashida MDH PA Kengashi Kotibiyati raisi o‘rinbosari – MDH PA ishtirokchi-davlatlarida demokratiyaning rivojlanishi, parlamentarizm va fuqarolarning saylov huquqlariga rioya etilishini monitoring qilish xalqaro instituti (DPRXI) direktori Ivan Mushket boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.     

Markaziy kengashi raisi o‘rinbosari Nodir Tilavoldiyev MDH kuzatuvchilarini “Milliy tiklanish” faoliyati, parlament va mahalliy Kengashlardagi o‘rni, Prezident sayloviga tayyorgarlik ishlari bilan tanishtirdi. Partiyaning saylov shtabi va ularning vazifalari to‘g‘risida maʼlumot berdi.

– Saylovoldi jarayonlarda barcha partiyalar va Prezidentlikka nomzodlar uchun teng imkoniyatlar yaratilgan. Saylovda xalqaro kuzatuvchilar ishtirokini ijobiy baholaymiz, – dedi N.Tilavoldiyev.

Partiya Markaziy kengashi raisi o‘rinbosari Feruza Muhamedjanova esa mehmonlarni partiyadan Prezidentlikka nomzod Alisher Qodirovning dasturi bilan qisqacha tanishtirdi.

– Uzoq muddatli ekspertlar guruhining asosiy vazifasi Prezident sayloviga tayyorgarlik ishlari qanday olib borilayotgani, kalendar rejasiga muvofiq tadbirlarning borishini monitoring qiladi, – dedi I.Mushket uzoq muddatli kuzatuvchilar faoliyati bilan tanishtirib.

Qayd etish joiz, MDH PA kuzatuvchilar guruhi MDH saylovlarni kuzatish missiyasi tarkibiga kiradi. Shu bilan birga guruhning saylovlarni kuzatish bilan bog‘liq faoliyati MDH PAga aʼzo davlatlarda demokratiya, parlamentarizmning rivojlanishi va fuqarolarning saylov huquqlariga rioya etilishini monitoring qilish xalqaro instituti (DPRXI) tomonidan muvofiqlashtiriladi. Bugunga qadar MSK tomonidan 69 nafar MDH PA Kengashi Kotibiyati hamda DPRXI vakillari xalqaro kuzatuvchi sifatida akkreditatsiya qilingan.  

Uchrashuv yakunida MDH kuzatuvchilari partiya bilan muntazam hamkorlikka va maslahatlashuvga tayyorligini bildirdi.