Yangiliklar


215

Olmazor tumani saylovchilari bilan uchrashuv

Muhim siyosiy jarayon – Prezidentlik sayloviga hozirlik ko‘rilayotgan ayni kunlarda joylarda nomzodlar hamda ularning ishonchli vakillari tomonidan saylovoldi uchrashuvlari qizg‘in davom etmoqda.

Ana shunday uchrashuvlardan biri “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan Prezidentlikka ko‘rsatilgan nomzod Alisher Qodirovning Toshkent shahridagi ishonchli vakili Feruza Muhamedjanova tomonidan Toshkent shahrining Olmazor tumanida bo‘lib o‘tdi.

“Yoshlik” shaharchasidagi Maʼnaviyat va maʼrifat markazida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ishtirokchilar nomzodning tarjimai holi va Saylovoldi dasturi bilan tanishtirildi.

Uchrashuvda mahalla fuqarolar yig‘ini raislari ham so‘zga chiqib, “Milliy tiklanish”ning Olmazor tumani Kengashidagi deputatlari Yo.Malikov, N.Sharipova, R.Maxamadiyev kabi deputatlari pandemiya sharoitida kam taʼminlangan, ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash, aholi muammolariga ijobiy yechim topishda faollik ko‘rsatayotganini taʼkidlab, ular orqali partiyaga minnatdorchilik bildirdi.

– Xalqaro kuzatuvchilar bizdan aholining partiyangizga munosabati qanday, degan savol bilan murojaat qilishyapti. Sizning hozir bildirgan samimiy fikrlaringiz, minnatdorchilik so‘zlaringiz kuzatuvchilarning shu kabi savollariga munosib javobimiz bo‘ladi, – dedi F.Muhamedjanova barchani “Milliy tiklanish” partiyasidan ko‘rsatilgan nomzodni qo‘llab-quvvatlashga chorlab.