Yangiliklar


637   15-03-2023

Jarima maydonlari qanday talablarga javob berishi kerak?

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi  yig‘ilishida deputatlar dastlab O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari A.Ramatovga “Qonun hujjatlari buzilganligi uchun ushlangan transport vositalarini to‘xtash joylariga olib kelish, joylashtirish va saqlash bo‘yicha hududlarda amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida” Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Parlament so‘rovini yuborish haqidagi masalani muhokama qildilar.

Bu haqda fraksiya aʼzosi Farhodbek Ashmatovning maʼruzasi tinglandi. Uning aytishicha, yaqinda bir guhuh deputatlar viloyatlarda bo‘lib, yo‘l harakati tartiblarini buzgan transport vositalarini vaqtincha ushlab turuvchi jarima maydonlari holatini o‘rgandi. Chunki keyingi paytlarda fuqarolardan ushbu masalada juda ko‘p murojaatlar bo‘layotgan edi.

Shunday abgor holatdagi jarima maydonlari borki, taʼriflashga so‘z ojiz. Hamma bilganicha narx belgilab olgan. Masalan, Farg‘ona vodiysi viloyatlarida bir kunlik xizmat haqi 35-40 ming so‘m bo‘lsa, Samarqandda 50 ming so‘m  qilib belgilangan. Bu haqida tegishli idoralar bilan hech qanday kelishuv qilinmagan.

Har bir hududda hokim o‘rinbosari boshchiligida aynan shu masalani tartibga solib turuvchi komissiya tuzilgan. Ayrim hududlarda komissiya raislari o‘zi raisligidan bexabar. Komissiya aʼzolari ham vazifalari nimadan iborat ekanini bilmaydi. Komissiya tuzilganiga uch yil bo‘lgan esa-da, biron marta jarima maydonlari faoliyati o‘rganilmagan.

Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorida jarima maydonlariga qo‘yiladigan talablar belgilangan. O‘rganishlardan maʼlum bo‘ldiki, deyarli hech biri talabga to‘la javob bermaydi. Masalan, jarima maydonlari atrofi o‘ralmagan, usti yopilmagan. Talabga ko‘ra, jarima maydonlari to‘la asfalt qilinishi kerak. Lekin mashinalar usti ochiq maydonlarda, loy, suv bosgan joylarda saqlanmoqda. Axir mashina shaxsiy mulk, ertaga ularga biron korhol bo‘lsa, jarima maydonlari egalari hech qachon javob bermaydi.

– Respublika komissiyasi raisi A.Ramatov hisoblanadi va shu bois Bosh vazir o‘rinbosariga Parlament so‘rovi yuborilmoqda. So‘rov natijasiga qarab Hukumat soatini ham tashkil qilishni rejalashtirganmiz, – dedi maʼruzachi.

Fraksiya aʼzosi Abdumalik Akramov ushbu taklifni qo‘llab-quvvatlab, tartibni buzgan transport vositalarini jarima maydonlariga olib borish bo‘yicha qanday tartiblar belgilanganini so‘radi.

F.Ashmatov bu savolga javob berar ekan, bu borada ham tartib belgilanganini taʼkidladi. Yo‘l harakati bilan bog‘liq qonun buzilganida yo‘l nazorati xodimi voqea joyiga yaqin bo‘lgan jarima maydoni bilan bog‘lanib, o‘sha jarima maydoniga tegishli  evakuatori bilan transport vositasini olib ketishi kerak. Lekin o‘rganishlardan maʼlum bo‘ldiki, mamlakatimiz bo‘yicha 295 ta jarim maydoni bo‘lsa, shulardan atigi 18 tasi o‘zining evakuatoriga ega. Qolgan 200 tasi shartnoma asosida xizmat qilyapti.

“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga kripto-aktivlar aylanmasi sohasida litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillari tizimini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ham qizg‘in muhokama qilindi.

Qonun tashabbuskorning bildirishicha, O‘zbekiston Prezidentining 121-sonli farmoni hamda 3832-sonli qarori ijrosini taʼminlash maqsadida ishlab chiqilgan qonun loyihasi bilan Davlat boji to‘g‘risidagi hamda “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kirtilmoqda. Yaʼni, hozirgi kunda yangi yo‘nalish hisoblangan krpito-aktivlar aylanmasi bilan bog‘liq faoliyatni litsenziyalash, boj miqdori va uni to‘lash  tartibi belgilanmoqda.

 

 

Sardor MULLAJONOV,

partiya Markaziy kengashi yetakchi mutaxassisi