milliy tiklanish logo

Partiya Nizomi va Dasturi

O‘ZBЕKISTON “MILLIY TIKLANISH” DЕMOKRATIK PARTIYASINING USTAVI

O‘ZBЕKISTON “MILLIY TIKLANISH” DЕMOKRATIK PARTIYASINING USTAVI

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi (bundan buyon matnda Partiya deb yuritiladi) O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining qonuniy manfaatlari va siyosiy irodasini ifoda etuvchi siyosiy tashkilotdir. Partiya O‘zbekistonni rivojlantirishning – Yurt tinchligi, Vatan taraqqiyoti, Xalq farovonligi, “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” – umummilliy g‘oyalari atrofiga butun jamiyatni jipslashtirishga asoslangan yo‘lini qo‘llab-quvvatlaydi. Bu g‘oya O‘zbekistonning dunyodagi o‘rni va roli, davlatning taktik va strategik maqsadlari va vazifalari, uning yangi xalqaro sharoitlarda hamda geosiyosiy voqeliklarda milliy manfaatlarni ro‘yobga chiqarish va himoya qilish borasidagi amaliy qadamlarini fuqarolar tomonidan to‘g‘ri idrok etish va anglashiga asoslanadi. Partiyaning tashkiliy-huquqiy shakli jamoat birlashmasi bo‘lib, u jamiyatning turli guruhlari va qatlamlariga mansub bo‘lgan, milliy manfaatlar va qadriyatlarni ustuvor qo‘ygan hamda milliy davlatchilik asoslarini mustahkamlashda, demokratik huquqiy davlat barpo etishda, yurtning gullab-yashnashini ta’minlash hamda xalq farovonligini oshirishda ongli va mas’uliyatli tarzda ishtirok etuvchi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini ixtiyoriy asosda birlashtiradi.

1.2. Partiya o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, Saylov kodeksi va boshqa qonun hujjatlari hamda ushbu Ustavga muvofiq amalga oshiradi.

1.3. Partiyaning faoliyati qonuniylik, ochiqlik, oshkoralik, vatanparvarlik, umummilliy birdamlik, adolat, bag‘rikenglik, ma’naviy yetuklik, o‘z xohish-irodasini erkin bildirish, partiyaga kirish va chiqishning ixtiyoriyligi hamda o‘z a’zolarining teng huquqliligi prinsiplariga asoslanadi.

1.4. Partiya o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi hududida amalga oshiradi.

1.5. Partiya yuridik shaxs bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga asosan yuridik shaxsning huquqlari va majburiyatlariga ega bo‘ladi.

1.6. Partiya o‘z muhri, tamg‘asi, blankalariga va O‘zbekiston Respublikasi banklarida hisob-kitob raqamlariga ega bo‘ladi. Partiya o‘z mol-mulkiga hamda mulkiy va nomulkiy huquqlarga egadir.

1.7. Partiyaning to‘liq rasmiy nomi:

– o‘zbek tilida: O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi;

– rus tilida: Demokraticheskaya partiya Uzbekistana “Milliy tiklanish”;

– qoraqalpoq tilida: O‘zbekstan “Milliy tiklanish” demokratiyalik partiyasi;

– ingliz tilida: Democratic Party of Uzbekistan “Milliy tiklanish”

Partiyaning qisqa rasmiy nomi:

– o‘zbek tilida: O‘zMTDP;

– rus tilida: DPUz “Milliy tiklanish”;

– qoraqalpoq tilida: ӨzMTDP;

– ingliz tilida: DPU “Milliy tiklanish”.

1.8. Partiya o‘z ramzlari sifatida bayrog‘i, emblemasi va vimpellariga ega bo‘lishi mumkin.

1.9. Partiyaning doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi rahbar organi joylashgan yeri (pochta manzili): O‘zbekiston Respublikasi, Toshkent shahri, Chilonzor tumani, Chilonzor ko‘chasi, 53-uy.

  1. PARTIYANING MAQSAD VA VAZIFALARI

2.1. Partiyaning asosiy maqsadlari quyidagilardan iborat:

– barqaror milliy rivojlanishni ta’minlash, milliy manfaatlarni himoya qilish va ilgari surish, ma’naviy qadriyatlar, urf-odatlar va an’analar, boy tarixiy merosni saqlash va boyitish, mamlakatimizda turizmni rivojlantirishga hissa qo‘shish;

– O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarida milliy o‘zlikni anglash hissini oshirish, milliy g‘urur, Vatanga sadoqat va muhabbat tuyg‘usini shakllantirish hamda mustahkamlash uchun qulay sharoitlar yaratish;

– o‘z safida yurtning vatanparvarlarini birlashtirish, ularning intellektual va ijodiy salohiyatini O‘zbekiston manfaatlari hamda uning xalqaro obro‘-e’tiborini oshirish yo‘lida safarbar etish;

– yoshlarni milliy mustaqilligimizni, milliy an’analarimiz va urf-odatlarimizni asrab-avaylash ruhida tarbiyalash, o‘zlari qiziqqan kasb-hunarga yo‘naltirishga ko‘maklashish hamda yoshlar ongi uchun zararli bo‘lgan “ommaviy madaniyat”ning salbiy ta’siridan himoya qilishga hissa qo‘shish, ularning Vatan ravnaqi yo‘lidagi amaliy harakatlarini qo‘llab-quvvatlash.

2.2. Partiya o‘z maqsadlariga erishish uchun quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:

– aholi o‘rtasida targ‘ibot-tashviqot ishlarini amalga oshiradi, Partiyaning maqsad va vazifalarini aholiga yetkazishga qaratilgan dasturlarni amalga oshirish choralarini ko‘radi, aholini Partiya dasturi, joriy faoliyati haqida xabardor qiladi, Partiyaning saylovlarda ishtirok etuvchi nomzodlari uchun saylovoldi tashviqotini

tashkil etadi;

– yoshlar bilan muntazam ish olib boradi, ularni Partiyaning yoshlarga oid siyosatini amalga oshirilishida ishtirok etishga jalb qiladi, Partiya mafkurasini yoqlovchi siyosiy faol fuqarolarning yosh avlodini shakllantirishga ko‘maklashadi;

– jamoatchilik e’tiborini muhim ijtimoiy-siyosiy va sotsialiqtisodiy muammolarga qaratadi hamda bu muammolarni partiyaviy vositalar orqali hal etish yo‘llari to‘g‘risida ijobiy ijtimoiy fikrni shakllantiradi;

– O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining manfaatlari, ehtiyojlarini o‘rganadi, tahlil etadi va umumlashtiradi, o‘z e’tiborini muhim ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy muammolarga qaratadi, yangi qonunlar va davlat hokimiyati organlarining qarorlari loyihalari yuzasidan takliflar kiritish vositasida o‘z saylovchilarining manfaatlarini amalga oshirish shakllarini izlab topadi;

– xotin-qizlarning gender tengligi asosida qo‘llab-quvvatlanishiga hamda ularni ish bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratadi;

– respublikamiz hududida “ommaviy madaniyat”ni tarqalishiga qarshi kurash olib boradi, yoshlarni buzg‘unchi g‘oyalar ta’siriga tushib qolishlarini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar belgilaydi;

– boshlang‘ich partiya tashkilotlari rahbarlarining, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasidagi Partiya fraksiyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi va xalq deputatlari mahalliy Kengashlaridagi partiya guruhlari a’zolarining, shuningdek, boshqa faollarning siyosiy savodxonligini oshirish chora-tadbirlarini ko‘radi. Partiya oldida turgan vazifalarni samarali hal etishga qodir va kelgusida Partiya rahbar organlari lavozimlariga hamda davlat hokimiyati vakillik organlariga saylovlarda ishtirok etish uchun nomzodlar ko‘rsatish maqsadida Partiyaning kadrlar zahirasini tayyorlaydi;

– xalq deputatlari tuman (shahar), viloyat, Toshkent shahar Kengashlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga o‘tkaziladigan saylovlarda shakllantiriladigan barcha saylov okruglari bo‘yicha Partiyadan nomzod ko‘rsatish orqali demokratik saylovlarda fuqarolarning to‘laqonli ishtirok etishini ta’minlaydi;

– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etadi;

– O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi Partiya fraksiyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi va xalq deputatlari mahalliy Kengashlaridagi partiya guruhlari faoliyatini muvofiqlashtirib boradi, davlat hokimiyati vakillik organlarining deputati etib saylangan Partiya a’zolariga yordam ko‘rsatadi, ular orqali Partiya elektorati manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan qonun hujjatlarini qabul qilishga yo‘naltirilgan siyosiy tashabbuslar bilan chiqadi;

– fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, davlat va jamoat tashkilotlari bilan bevosita hamkorlikni amalga oshiradi.