Yangiliklar

Yoshlar bildirilgan ishonchni albatta oqlaydi

136

10.01.2024

current article imagecurrent article image

Har bir mamlakatning rivojida o‘ziga xos jihatlar, o‘lchov birliklari bo‘ladi. Demografik jarayonlar ana shulardan biri. Shu nuqtai nazardan O‘zbekiston kelajagi porloq davlat desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki mamlakatimiz aholisining 70 foizga yaqinini yoshlar tashkil qiladi. Albatta bu juda katta kuch va imkoniyat.

 

Yurtimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, 2024-yilning “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” deb eʼlon qilingani ham bunga yaqqol misoldir. Qolaversa, bu barcha o‘zbekistonlik yoshlar kabi meni ham behad quvontirdi. Biz, yoshlarga kuch va shijoat bag‘ishladi.

 

Darhaqiqat, o‘tgan 2023-yilda ham yoshlar har tomonlama qo‘llab-quvvatlandi. Davlatning alohida eʼtiboriga muhtoj 396 ming nafar yoshlar mutasaddi rahbarlarga biriktirildi. Ular bilan individual ishlash orqali 94 ming nafarining bandligi taʼminlandi, 56 mingtasi kasb-hunarga o‘qitildi. “Yoshlar daftari” orqali ko‘rsatiladigan yordam turlari soni 30 taga yetdi, murojaatlarni ko‘rib chiqish muddati 30 kundan 5 kungacha qisqardi. Yoshlar yetakchilari tavsiyasi bilan 338 ming nafar yigit-qizga 444 milliard so‘m yordam ko‘rsatildi.

 

Xususan, talabalarning shartnoma mablag‘lari to‘landi, xorijiy tillar va zamonaviy kasblarga o‘qitish xarajatlari qoplab berildi. Ishsiz yoshlarga mehnat qurollari ajratildi. Har bir mahallada “Yoshlar bandligi dasturi” amalga oshirildi. 236 ming nafar ishsiz yigit-qiz va 189 ming nafar maktab bitiruvchisining bandligi taʼminlandi. “Besh tashabbus olimpiadasi” 4 ta yo‘nalishda – mahalla, maktab, professional taʼlim va oliygohlar tizimida o‘tkazilib, jami 12 million nafar yoshlar qamrab olindi. Unda g‘olib bo‘lgan yoshlarning mahallalarida 623 ta sport maydonchasi barpo etildi.“Zakovat” va boshqa intellektual o‘yinlarga 2 million nafar yoshlar jalb qilindi.

 

Bu boradagi ishlar 2024-yilda izchil davom ettirilib yoshlar siyosati bo‘yicha ko‘plab yangi tashabbuslar joriy etilishidan xursand bo‘ldik. Joriy yilda har bir hudud, vazirlik va idoralar tizimida yoshlar bilan ishlash bo‘yicha yangicha yondashuv joriy etiladi. Yoshlar yetakchisi tavsiyasi bilan beriladigan yordam turlari transformatsiya qilinib, asosiy eʼtibor ularni zamonaviy kasb-hunarga o‘rgatishga qaratiladi. Bolalarning ko‘nikmalari, qiziqishlari va isteʼdodini rivojlantirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekiston bolalar tashkilotini tuzish taklifi bildirildi. Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlar tayyorlash borasidagi ilmiy-tadqiqot va tahliliy ishlarni takomillashtirish zarurligi qayd etildi.

 

“Ibrat farzandlari” loyihasi orqali xorijiy tillarni o‘rganayotgan yoshlarni 1 million nafarga, “Mutolaa” dasturi orqali yosh kitobxonlarni 1,5 million nafarga yetkazish choralari ko‘riladi. Buning uchun hududlarda qo‘shimcha infratuzilma barpo etilib, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, iqtidor va isteʼdodini ro‘yobga chiqarish uchun yana-da keng sharoitlar yaratiladi.

 

Bugungi kunda Buxoro davlat pedagogika institutida Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti hamda volontyorlik markazi yoshlar tashabbusini har tomonlama qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Jumladan, Buxoro davlat pedagogika institutida maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, intellektual, aqlni charxlovchi loyihalar, sport musobaqalari, kitobxonlik hamda volontyorlik harakati bilan yoshlarning bo‘sh vaqti mazmunli tashkil etilmoqda. Iqtidorli talabalar institut, viloyat, respublika va xalqaro tanlovlarda faxrli o‘rinlarni egallab, munosib rag‘batlantirilmoqda.

 

Institutning “Ziyo” teatr studiyasi viloyatdagi 10 dan ortiq oliygohlar ichida faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritib, mintaqaviy bosqichda ishtirok etdi. Sportda talabalarning 6 nafari jahon chempionligini, 12 nafari Osiyo chempionligini, 42 nafari O‘zbekiston chempionligini qo‘lga kiritdi. Institutda tahsil olayotgan talabalarning 267 nafari xorijiy chet tilini bilish darajasiga ega bo‘lib, shundan 2 nafari ingliz tilidan IELTS xalqaro baholash darajasidan 8 va undan yuqori baholangani quvonarlidir. Shuningdek, Xorijiy til va adabiyoti: ingliz tili taʼlim yo‘nalishi talabasi Jumayeva Gulruxsor Buxoro viloyatidagi oliy taʼlim muassasalari ichida yagona O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti granti sohibasiga aylandi. Talabalarimizning 5 nafari nomli davlat stipendiyasiga loyiq deb topildi.

 

Bir so‘z bilan aytganda, bugun yurtimizda talaba-yoshlarning taʼlim olishi uchun keng imkoniyatlar yaratilganiga har birimiz guvoh bo‘lyapmiz. Buning uchun biz, yoshlar Prezidentimizga o‘z minnatdorligimizni bildirgan holda, Yurtboshimiz bildirgan ishonchni oqlaymiz, deb vaʼda beramiz.

 

Rustamjon Rahimboyev,
Yoshlar parlamenti a‘zosi