Yangiliklar

Jadidchilik nima?

210

11.01.2024

current article imagecurrent article image

Uni nega o‘rganish kerak?

 

Shunday qilib, XIX asr oxirlarida va XX asr boshlarida Turkistonda “jadidchilik” yoki “milliy uyg‘onish davri” boshlandi. Professor Begali Qosimov bu davr xususiyatlarini o‘rganib, shunday xulosaga kelgan edi: “Turkistonni savodli va maʼrifatli, to‘q va farovon, ozod va obod vatanga aylantirish, birinchi navbatda, mustaqillikka erishish, mustamlakachilik iskanjasidan xalos bo‘lish jadidchilik harakatining asosiy maqsad-vazifasini tashkil qilar edi”.

 

XIX asrning oxirlari va XX asr boshlariga kelib jamiyatning eng ilg‘or fikrli qatlamlari kurashlarini aks ettirgan milliy uyg‘onish muayyan mafkura sifatida, birinchi navbatda, maʼrifatchilikda ko‘rindi. Ana shu mafkuraning jarchilari bo‘lgan jadidlar esa keng miqyosli amaliy faoliyat bilan o‘z g‘oyalarining jamiyat hayotida qaror topishi, mustahkamlanishi va oxir-oqibat ular ko‘zlagan milliy ozodlik, siyosiy mustaqillik kurashlariga o‘sib o‘tishi uchun zamin yarata boshladilar. Bu butun Turkiston xalqining ijtimoiy-siyosiy tafakkuri taraqqiyotida yangi bir bosqich edi.

 

XX asr boshlariga kelib Toshkent, Samarqand, Buxoro, Farg‘ona vodiysi shaharlarida o‘nlab “usuli jadid” maktablari ochildi. Bu xayrli ishning tashabbuskorlari Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abduqodir Shakuriy, Siddiqiy-Ajziy, Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniy, Ashurali Zohiriy, Lutfulla Olimiy, Muhammadsharif So‘fizoda, Abdurauf Fitrat, Sadriddin Ayniy, Hamza Hakimzoda Niyoziy kabi atoqli zotlar edi.

 

“Usuli jadid” maktablarining ochila boshlashi ularni alifbo va boshqa o‘quv qo‘llanmalari bilan ham taʼminlash muammosini keltirib chiqardi. Samarqand-lik maʼrifatparvar Hoji Muʼin yozadi: “1901 yildan eʼtiboran Qo‘qon va Toshkentda, 1903 yildan Samarqandda yangi maktablar ochila boshladi. Bu maktablar Turkistonning katta shaharlarida son jihatidan (taqlidiy suratda) bir doroja ko‘paygan bo‘lsa ham, 4-5 yildan keyin yana kamayib, faqat baʼzi tuzuklari davom etdi. Buning bir sababi kitobsizlik bo‘lsa, boshqa sababi o‘qitguvchilarning usuli taʼlimdan xabarsizliklari edi”. Bu vazifani ham yangi maktab tashabbuskorlari o‘z zimmalariga oldilar. Turkiston jadidlari birin-ketin “Ustodi avval” (Saidrasul Saidaziziy), “Adibi avval” (Munavvarqori Abdurashidxonov), “Birinchi muallim”, “Ikkinchi muallim” (Abdulla Avloniy), “Tahsil ul-alifbo” (Abduvahob Ibodiy), “Rahbari avval”, “Tahzib us-sibyon” (Sadriddin Ayniy) kabi alifbo va darsliklar yozib, nashr qildirdilar. Nafaqat alifbo, ayni chog‘da hisob, jug‘rofiya, tarix, imlo qoidalari, islom dini tarixi, ona tili va adabiyoti kabi alohida predmetlar bo‘yicha ham Behbudiy, Fitrat, Ashurali Zohiriy, Hamza, Avloniy, Ayniy kabilarning maxsus darslik va majmualari tayyorlanib chop etildi.

 

Jadidlar maslagining amalga oshuvida maktablardan keyingi asosiy o‘rinni matbuot egallaydi. “1904 yilda rus-yapon urushi chiqib, bizning ham ko‘zimiz ochildi. 1905 yildagi Rusiyada boshlangan inqilob to‘lqini bizga ham zo‘r taʼsir qildi. Bizning tashkiloti-miz (jadidlar - Sh.R.) siyosiy masla-klarga tushunib, birinchi navbatda qora xalqni oqartirmoq va ko‘zini ochmoq chorasiga kirishdi. Bu maqsadga erishmoq uchun gazeta chiqarmoqni munosib ko‘rib, uyushmaning harakati bilan o‘zbek tilida gazetalar chiqarildi”, deb yozgan edi Abdulla Avloniy.

 

Darhaqiqat, 1905 yil rus inqilobi va uning taʼsirida, keyinroq podshoh Nikolay II tomonidan 17-oktyabrda eʼlon qilingan manifest Turkiston taraqqiy-parvar ziyolilarining faoliyatlari kengayishiga biroz imkon berdi. Manifestdagi ayrim demokratik islohotlar, yaʼni shaxsning daxlsizligi, vijdon va so‘z erkinligidan foydalanib, milliy gazeta-lar chiqarishga rasmiy ruxsat olindi: shu zayilda jadidlarning “Taraqqiy”, “Xurshid” (1906), “Shuhrat”, “Tujjor” (1907), “Osiyo”, “Samarqand” (1913), “Sadoyi Turkiston”, “Sadoyi Farg‘ona” (1914) gazetalari, “Oyina” (1913), “Al-isloh” (1915) kabi jurnallari dunyo yuzini ko‘rdi. Milliy matbuotimizning bu ilk namunalari turlicha taqdirga ega. Aksariyati bir necha sonlari chiqib ulgurmay, hurfikrliligi uchun yopib qo‘yildi.

 

Ming yillik anʼanaviy yo‘sindagi adabiyot o‘rniga yangi, zamonaviy adabiyot, yangi adabiy tur va janrlar, hatto yangi adabiy til shakllana boshladi. Matbu-ot bilan birga turli sohalarni qamrab olgan publitsistika, adabiy tanqid paydo bo‘ldi. Badiiy ijodda “janroviy” inqilob sodir bo‘lib, barmoq vaznidagi ijtimoiy, maʼrifiy sheʼriyat, ro‘mon, hikoya, dramaturgiya maydonga keldi. Yangi adabiyotning Behbudiy, Siddiqiy-Ajziy, Abdulla Qodiriy, Hoji Muʼin, Abdulla Avloniy, Hamza Hakimzoda, Sidqiy Xondayliqiy, Fitrat, sadriddin Ayniy, Tavallo, Nozimaxonim, Mirmulla va Mirmuhsin Shermuhamedovlar, So‘fizoda, Ibrohim Davron, Abdulla Badriy, Nusratulla Qudratulla Milliy, Xurshid, Cho‘lpon kabi o‘nlab namoyandalari yetishib chiqdi.

 

XX asrning 10-yillari Turkiston madaniyati tarixiga yangi o‘zbek milliy teatrining ham vujudga kelish davri bo‘lib kirdi. 1911 yilda Mahmudxo‘ja Behbudiy “Padarkush yoxud o‘qumagan bolaning holi” nomli “3 parda 4 manzarali milliy, birinchi fojia”sini yozadi. Asar-ni chop qilish xususidagi urinishlar ikki yilgacha muvaffaqiyatsiz kechadi. Faqat pyesani 1812-yili rus-fransuz muhorabasining Borodino maydonidagi ruslar g‘alabasi bilan yakunlanishi 100 yilligiga bag‘ishlab, Tiflisdagi senzorga yuborilishi nashr uchun imkon beradi. “Matbuot ishlari Tiflis qo‘mitasi senzori ruxsati bilan Kavkaz o‘lkasi sahnalarida qo‘yish mumkin”, degan 1913-yil 23-mart 19940-son qaroriga ko‘ra, asar 1913-yil Samarqandda alohida kitob holida chop etiladi.

 

“Padarkush”ning nashrdan chiqishi tom maʼnoda o‘zbek milliy teatrining tug‘ilishini belgiladi. Shu yilning o‘zidayoq Samarqandda Behbudiy, Toshkentda Munavvarqori va Abdulla Avloniy rahbarligida asarni sahnalashtirish harakatlari boshlanadi.

 

“Padarkush” ilk bor havaskorlar tomonidan 1914-yil 15-kuni samarqandning Yangi shahar qismida namoyish etiladi va juda katta muvaffaqiyat qozonadi. “Padarkush”ning ilk muvaffaqiyati butun Turkistonga yoyiladi. Ketma-ket barcha yirik shaharlarda sahnalashtiriladi.

 

Teatrdan birlamchi maqsad yangi, g‘oyat taʼsirchan sanʼat turi bilan millatning maʼrifiy-madaniy saviyasini ko‘tarish, ilm va o‘qimoqqa daʼvat etish bo‘lsa, ikkinchidan, taʼkidlaganimizdek, teatr-tomoshalar vositasida muayyan mablag‘ topib, “usuli savtiya” maktablari, boshqa xil o‘quv yurtlari, xayriya jamiyatlari, matbuot va boshqa madaniy ishlarga moddiy yordam ko‘rsatish edi.

 

“Turon” nomini olgan Toshkent teatr truppasi 1915-yildan boshlab tarjima asarlari qatori milliy dramaturgiyamizning yangi-yangi namunalarini muntazam sahnalashtirib boradi. 1915-1916 yillar davomida Abdulla Qodiriyning “Baxtsiz kuyov”, Abdulla Avloniyning “Advokatlik osonmi?”, “Pinak”, Hoji Muʼinning “Mazluma xotun” pyesalari truppa repertuaridan joy oladi. Taʼkidlaganimizdek, shu yillari o‘z milliy rejissyorlarimiz ham yetisha boshlaydi. Nizomiddin Xo‘jayev, Abdulla Avloniy, Badriddin Aʼlamov kabilar bu sohaning ilk qaldirg‘ochlari bo‘ldi. Avloniy o‘z “Tarjimai holi”da “...bizning maqsadimiz zohirda teatru bo‘lsa ham botinda Turkiston yoshlarini siyosiy jihatdan birlashtiruv va inqilobga hozirlov edi”, deb aytgandi.

 

20-yillarning o‘rtalaridan jadidchilik ideologiyasi va namoyandalarini maʼnaviy tazyiq qilish kuchaydi. Avval matbuotda munozaradek boshlangan jarayon rasmiy tus olib, siyosiy yorliq yopishtirish bilan yakunlandi. 1927-yilda jadidchilikka sovet ideologiyasiga qarshi aksilinqi-lobiy hodisa va harakat, deb rasman siyo-siy baho berildi. Namoyandalari “ziyoli” emas, “ziyonli” deb qoralandi. 1929-yil o‘rtalaridan esa ularni jismoniy taʼqib etish boshlandi. Munavvarqori Abdurashidxonov, Ubaydulla Xo‘jayev, Salimxon Til-laxonov, Saidnosir Mirjalilov, Qayum Ramazon kabilar hibsga olinib, surgunga mahkum etildilar. Biror tasodif va ayrim sabablarga ko‘ra taʼqibdan omon qolganlari maʼnaviy tazyiq va tahdidlar xavfida sovet ideologiyasini qabul qilib, shu pozitsiyada faoliyat ko‘rsatmoqqa majbur bo‘ldilar. Ammo bu ham ko‘pga bor-may, 1937-yilning umumittifoq qatag‘on kompaniyasida batamom barham topdi. jadidchilik harakatining har qanday ko‘rinishi so‘nggi vakillari bilan birga butkul tugatildi.

 

Shuhrat RIZAYEV,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi,
professor
"Jadid" gazetasining 2024-yil 5-yanvar sonidan olindi