596 03.11.2025
Samarqandda YUNЕSKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi o‘tkazilishi — bu nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo uchun tarixiy burilish nuqtasidir. Deyarli 40 yildan buyon Parijdan tashqarida o‘tmagan bu anjuman Samarqandda o‘tayotgani mamlakatning xalqaro nufuzini ortib borayotganidan dalolat beradi.
Ta’kidlash joiz, Samarqand qadimdan ilm-fan, madaniyat va savdo markazi sifatida dunyo tarixida muhim o‘rin tutgan. Bugun esa u nafaqat o‘tmish shon-shuhratini, balki zamonaviy O‘zbekistonning ochiqlik va muloqot siyosatini ham ifodalayapti. Bu shahar YUNЕSKOning “Madaniyatlar o‘rtasida muloqot” tamoyiliga eng mos maskanlardan biri sifatida tan olindi.
YUNЕSKO sessiyasining Samarqandda o‘tkazilishi O‘zbekistonning xalqaro hamkorlikda faol ishtirok etayotganini, madaniy merosni asrash, ta’lim va ilm-fanni rivojlantirish borasida jahon miqyosidagi ishonchli hamkor sifatida tan olinganini ko‘rsatadi.
Bugungi kunda sun’iy intellekt, globallashuv va siyosiy beqarorlik sharoitida insoniyatni birlashtiruvchi eng muhim kuch bu — madaniyat va ma’naviyatdir. Ana shu qadriyatlarni asrab-avaylash masalasida YUNЕSKOning roli beqiyos. Shu sababli, bu sessiyaning aynan Samarqandda o‘tkazilishi – tarixiy, madaniy va ma’naviy jihatdan chuqur ma’no kasb etadi.
Samarqandda o‘tayotgan 43-sessiya — bu nafaqat xalqaro uchrashuv, balki madaniyatlar muloqoti, kelajak avlodlar uchun mas’uliyat, va barqaror taraqqiyot yo‘lidagi umumiy qadriyatlar bayramidir.
Unda davlatimiz rahbari nutq so‘zlab, “Biz YUNЕSKOning olijanob va ezgu maqsadlariga qat’iy sodiq ekanimizni yana bir bor ta’kidlaymiz. O‘zbekiston Sharq va G‘arb, Shimol va Janub o‘rtasida uyg‘unlik ko‘prigi, barcha uchun ochiq va konstruktiv hamkorlik maydoni bo‘lishga hamisha tayyor” - dedilar.
Biz deputatlar davlatimiz rahbarining ushbu chuqur mazmunli so‘zlarini to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz. Bugungi kunda bilim, texnologiya va raqamli resurslardan foydalanishdagi tafovutlarni kamaytirish, ta’lim va ilm-fanni rivojlantirish, yosh avlodni zamonaviy dunyo talablariga mos bilim va ko‘nikmalar bilan qurollantirish eng ustuvor vazifalarimizdan biri bo‘lishi kerak, deb hisoblaymiz.
Shu maqsadda biz qonunchilik darajasida zarur tashabbuslarni ilgari surish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish, innovatsion g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash hamda YUNЕSKOning ilg‘or tajribalarini mamlakatimiz amaliyotiga joriy etish yo‘lida faol ishlashga tayyormiz.
Sayyora JUMAYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati