462 04.11.2025
Dunyoning 190 dan ortiq davlatini birlashtirgan YUNESKO Bosh konferensiyasining so‘nggi 40 yilda Parijdan tashqarida Samarqandda o‘tkazilishi, shubhasiz, bu avvalo qadimiy shahrimiz o‘zining tarixiy qudratini tiklayotganidan dalolatdir. Buyuk Ipak yo‘li chorrahasida joylashgan Samarqand yana dunyo hamjamiyatining, YUNESKOning tinchlik, bag‘rikenglik va madaniy xilma-xillik kabi insonparvarlik g‘oyalari ramziga aylanmoqda.
YUNESKO konferensiyasining aynan yurtimizda o‘tkazilishi dunyoning Yangi O‘zbekistonda “Inson qadri uchun” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan islohotlarga, mamlakatimizning insoniyat madaniy va maʼnaviy merosini asrashga qo‘shayotgan hissasiga berilgan baho desak ham to‘g‘ri bo‘ladi. Zero, mamlakatimizda so‘nggi yillarda “Uchinchi Renessans”ga poydevor qo‘yish maqsadida madaniyat, taʼlim, ilm-fanni rivojlantirish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, yetuk kadr bo‘lib yetishishlari uchun zarur bo‘lgan barcha shart-sharoitlar yaratilmoqda.
Haqiqatan ham so‘nggi yillarda O‘zbekistonning YUNESKO bilan aloqalari rivojlanib bormoqda. Ushbu tashkilot hamkorligida o‘tkazilgan “Sharq taronalari”, maqom sanʼati forumi “Atlas bayrami”, “Boysun bahori” folklori, baxshichilik, Qo‘qon hunarmandchilik va Xivadagi “Lazgi” raqs festivallari butun dunyo madaniyat va sanʼat ahli eʼtirofiga sazovor bo‘ldi. O‘zbekiston YUNESKOda bir qator muhim rezolyutsiyalar tashabbuskori bo‘lgani ham eʼtiborga molik.
Shu kunga qadar YUNESKO rahnomaligida O‘zbekistonning qadimiy tarixi hamda dunyo ilm-fani rivojiga munosib hissa qo‘shgan ajdodlarimiz yubiley sanalari bilan bog‘liq 20 dan ortiq muhim tadbirlar o‘tkazildi. Tashkilotning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan 7 ta tarixiy obyektimiz nafaqat O‘zbekiston, dunyo turizm rivojiga ham munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga xalqimizning 15 ta elementi, yaʼni “Shashmaqom”, “Katta ashula”, Askiya, Palov bilan bog‘liq anʼanalarimiz kiritilgani, “Jahon xotirasi” hujjatli merosidan 5 ta noyob durdonalarimiz, Butunjahon biosfera qo‘riqxonalari tarmog‘i ro‘yxatida esa 2 ta obyektimiz joy olgani O‘zbekiston va YUNESKO hamkorligi bugun qaysi bosqichda turganidan dalolat beradi. 2023-yilda esa Abu Rayhon Beruniy nomidagi YUNESKO – O‘zbekiston xalqaro mukofoti ham taʼsis etildi.
Samarqand konferensiyasida dunyoning 200 dan ortiq davlatidan 5 000 ga yaqin delegatning ishtirok etayotgani, albatta, har bir yurtdoshimizga faxr-iftixor bag‘ishlaydi. Bu tadbir O‘zbekiston va YUNESKO hamkorligini yangi bosqichga ko‘tarishi bilan birga insoniyat sivilizatsiyasi beshigi bo‘lgan yurtimizning xalqaro maydondagi obro‘sini yanada yuksaltirishga, Yangi O‘zbekistonning ochiq, tinchlikparvar va teng manfaatlarga asoslangan hamkorlikka tayyor davlat sifatidagi maqomini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Abdulhakim ESHBOYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati