“Samarqand ruhi” – tinchlik va bag‘rikenglik g‘oyalari inʼikosi


660     06.11.2025

Samarqandda o‘tayotgan YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo tarixida muhim burilish nuqtasiga aylandi. Chunki so‘nggi 40 yildan beri ilk bor YUNESKO Bosh qarorgohidan tashqarida – Parijdan uzoqda, aynan O‘zbekistonda bunday yirik xalqaro anjuman o‘tkazilmoqda. Sessiya tashkilot tuzilganining 80 yilligiga to‘g‘ri kelayotgani ham ramziy ahamiyatga ega.

Forumda 200 dan ortiq davlat va xalqaro tashkilotlar vakillari, jami 5000 dan ziyod delegatlar, jumladan, 70 ga yaqin yuqori martabali mehmonlar ishtirok etmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning konferensiyani ochilish marosimidagi nutqi chuqur mazmuni va insonparvarlik ruhiga boyligi bilan eʼtiborni tortdi. Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, “Samarqand ruhi” – bu tinchlik, bag‘rikenglik va birlashuv g‘oyalarini mujassam etgan qadriyatdir. U insoniyatni o‘zaro ishonch va hamjihatlik sari yetaklaydigan yangicha tafakkurni ifodalaydi.

Ilgari surilgan tashabbuslar esa YUNESKO kun tartibidagi eng dolzarb masalalarga hamohang: inklyuziv taʼlimni rivojlantirish, sunʼiy intellektdan tinchlik va taraqqiyot yo‘lida foydalanish, xotin-qizlarning yetakchilik salohiyatini oshirish, iqlim o‘zgarishiga qarshi birgalikda kurashish.

Bugungi beqaror geosiyosiy muhitda tashkilotning taʼlim, fan va madaniyat sohalarida xalqaro hamkorlikni kuchaytirishdagi o‘rni yanada ortmoqda. Zero, aynan shu yo‘nalishlar orqali tinchlikni mustahkamlash – tashkilotning eng muhim vazifasidir.

Anjuman yakunida qabul qilinishi kutilayotgan “Samarqand deklaratsiyasi” inson kapitaliga sarmoya kiritish, madaniy xilma-xillikni asrash va barqaror taraqqiyotga xizmat qilish kabi ezgu maqsadlarni o‘zida mujassam etadi. Shu maʼnoda, “Samarqand ruhi” tarixiy merosdan ilhom olgan holda, kelajak taraqqiyotiga yo‘naltirilgan hamkorlik va yangilanish ruhidir.

 

Layloxon MUHITDINOVA,
partiyaning Toshkent shahar Kengashi raisi o‘rinbosari