Global ijtimoiy taraqqiyot yo‘lidagi muhim tashabbuslar


642     06.11.2025

Prezidentimiz 4-noyabr kuni Doha shahrida o‘tkazilgan Ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha ikkinchi jahon sammitida ishtirok etib, hamjamiyat oldida inson qadrini yuksaltirishga qaratilgan yangi g‘oya va muhim tashabbuslarni ilgari surdi.

Mazkur chiqish nafaqat O‘zbekistonning yangi ijtimoiy siyosiy yo‘nalishi, balki mamlakatimizning xalqaro maydondagi faol fuqarolik pozitsiyasini ham yorqin ifoda etdi.

Binobarin, davlatimiz rahbari “Inson qadri uchun” tamoyilini davlat siyosati va jahon miqyosidagi hamkorlikning bosh mezoni sifatida ilgari surdi. Bu g‘oya yangi O‘zbekiston konsepsiyasining markazida turadi va yangi tahrirdagi Konstitutsiyasida ham mustahkamlangan.

Mamlakatimizda keyingi yillarda ijtimoiy davlat konsepsiyasi amalda shakllandi. Xususan, ijtimoiy himoya dasturlari yagona tizim, ya’ni Ijtimoiy himoya milliy agentligiga birlashtirildi. Kambag‘allik darajasi 35 foizdan 6,6 foizgacha qisqargan bo‘lsa, mahalla tizimi orqali har bir xonadon va oila ijtimoiy himoya qilinyapti. Bu islohotlar “Insonlar davlat uchun emas, davlat insonlar uchun xizmat qiladi” degan tamoyilning amaliy ifodasidir.

Prezidentimiz jahon miqyosidagi ijtimoiy muammolarga yechim izlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq tashabbuslarni ilgari surdi. Jumladan, 1,1 milliarddan ziyod inson kambag‘allikda yashashi qayd etilib, ijtimoiy tengsizlikni kamaytirish maqsadida Global ijtimoiy adolat fondini tuzish taklif etildi. Bu tashabbus BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga hamohang, muhimi, rivojlanayotgan mamlakatlarning resurs bazasini mustahkamlash imkonini beradi.

Texnologik inqilob va sun’iy intellektning rivojlanishi natijasida ishsizlikning o‘sishi fonida “ijtimoiy mas’uliyat va munosib mehnat bo‘yicha global tashabbus”ni ishlab chiqish taklifi ham alohida ahamiyatga ega. Bu — inson mehnatining qadrini asrashga qaratilgan strategik yondashuvdir.

Davlatimiz rahbari iqlim muammosini faqat ekologik muammo emas, balki ijtimoiy muammo sifatida ham ko‘rib chiqish lozimligini ta’kidladi. Bu doirada Orolbo‘yi mintaqasida ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning yangi modelini joriy etish rejasi jahon miqyosida muhim innovatsion tajriba bo‘lishi mumkin.

Ilgari surilgan tashabbuslar xalqaro hamjamiyatni “inson markazidagi rivojlanish modeli” atrofida birlashtirishga qaratildi. O‘zbekistonning yangi ijtimoiy rivojlanish modeli nafaqat ichki siyosatda, balki jahon miqyosida ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Zero, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar — ta’lim tizimidagi modernizatsiya, mehnat bozori erkinlashuvi, gender tengligi va ijtimoiy himoyaning raqamlashuvi — global miqyosda ham dolzarb yechimlar sifatida tan olinmoqda.

Umuman olganda, davlatimiz rahbarining Doha sammitidagi nutqi O‘zbekistonning yangi ijtimoiy siyosat falsafasi va xalqaro nufuzining amaldagi ifodasi bo‘ldi. Unda jahon hamjamiyatini barqaror rivojlanish, ijtimoiy adolat va inson qadrini ta’minlash yo‘lida birlashishga chaqiruv yangradi.

 

Jumanazar OTAJONOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati