864 06.11.2025
So‘nggi yillarda keskinlashayotgan geosiyosiy vaziyat va iqtisodiy qarama-qarshiliklar ijtimoiy muammolarni ham kuchaytirmoqda. Farovonlik va kambag‘allik o‘rtasidagi tengsizlikni kamaytirib bo‘lmayapti. BMT ma’lumotiga ko‘ra, bugun dunyoda 1,1 milliard aholi kambag‘allikda umr kechirmoqda. Global ishsizlik darajasi 5 foizni tashkil etgan bir paytda yuqori texnologiyalar va sun’iy intellekt millionlab ish o‘rinlari qisqarishiga sabab bo‘lmoqda. Savodsizlik kuchaymoqda, uning yillik iqtisodiy zarari 1,4 trillion dollarga teng. O‘zga yurtlarda mehnat qilayotgan 300 milliondan ortiq migrantning esa haq-huquqi himoya qilinmayapti.
O‘ttiz yillik tanaffusdan so‘ng Qatarning Doha shahrida ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha ikkinchi Butunjahon sammitini o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad ham aynan ijtimoiy adolatni ta’minlash borasida dunyo hamjamiyati va milliy hukumatlar sa’y-harakatlarini yangi bosqichga ko‘tarishdir. Chunki 1995-yilda 100 dan ortiq davlat rahbarlari ishtirokida Kopengagen shahrida o‘tkazilgan birinchi sammitda inson qadri himoyasiga asoslangan “Kopengagen deklaratsiyasi” qabul qilingan edi. Unda belgilangan 10 ta asosiy majburiyat ijrosi doirasida bir milliarddan ortiq odam kambag‘allikdan chiqdi. Sog‘liqni saqlash va ta’lim tizimi yaxshilandi. Ayollar va yoshlar uchun yangi imkoniyatlar ochildi.
Ammo so‘nggi yillarda ijtimoiy adolatsizlik kuchaymoqda. Bu boradagi beqarorlikni to‘xtatib bo‘lmayapti. Daromadlar o‘rtasidagi tafovut kengaygani sari jamiyatda noroziliklar ko‘paymoqda. Iqlim o‘zgarishi, migratsiya, raqamli transformatsiya va sun’iy intellekt bilan bog‘liq ishsizlik muammosi paydo bo‘ldi.
Doha sammitida so‘zga chiqqan mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ushbu masalalar haqida gapirib, Yangi O‘zbekistonda “Inson qadri uchun” g‘oyasi asosida ijtimoiy adolatni ta’minlash, aholining ehtiyojmand qatlamini himoya qilish orqali ijtimoiy davlat barpo etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Eng asosiysi,: yangi tahrirdagi Konstitutsiyada bu borada qat’iy siyosat belgilandi. Ya’ni, fuqarolarga munosib hayot kechirishi uchun yetarlicha ish haqi ajratish, bandlikni ta’minlash, xavfsiz mehnat sharoitini yaratish, kambag‘allikni qisqartirish, shuningdek, sifatli ta’lim, malakali tibbiy xizmat, oila, bolalar va ayollar, nogironligi bo‘lgan shaxslarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash ijtimoiy davlatning asosiy vazifasidir.
Yana bir muhim o‘zgarish: avval tarqoq bo‘lgan ijtimoiy himoya dasturlari yagona tuzilma – Ijtimoiy himoya milliy agentligi asosida birlashtirildi va bu tizim jamiyatning eng quyi bo‘g‘ini – har bir xonadon va oilaga kirib bordi. Natijasi esa birgina statistikada namoyon bo‘lmoqda: yurtimizda oxirgi yillarda kambag‘allik darajasini 35 foizdan 6,6 foizgacha qisqartirishga erishildi.
Prezidentimiz dunyodagi murakkab jarayonlardan kelib chiqib, kambag‘allikka qarshi kurashishda xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish, bandlikni samarali hal etishda zamonaviy mexanizmlarni ishga tushirish, barcha uchun ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish orqali ijtimoiy muammolarga samarali yechim topish, mehnat migrantlari va ularning oila a’zolarini tizimli himoya qilish, iqlim o‘zgarishining ijtimoiy hayotga ta’siri bo‘yicha muhim takliflarni ilgari surdi.
Albatta, O‘zbekiston tomonida bildirilgan ushbu takliflar shunchaki havolaki gaplar emas. Uning asosi, isboti bor. Mamlakatimizda ijtimoiy davlat tamoyili aynan mazkur tushunchalar asosiga qurilgan va u muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Xalqimiz qadriyatlari va insonparvarlik g‘oyalaridan kelib chiqib ishlangan o‘zbek modeli natijasi esa bugun xalqaro hamjamiyat tomonidan ham e’tirof etilayotgani yangilik bo‘lmay qoldi. Shu jihatdan, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan takliflar dunyodagi millionlab odamlarga ishonch va umid bag‘ishlashi, barqarorlik va farovonlikni ta’minlashga salmoqli hissa qo‘shishi shubhasiz.
Nigora LUTFULLAYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati