Madaniy diplomatiyaning yangi bosqichi


608     07.11.2025

Samarqand nafaqat O‘zbekiston, balki butun insoniyat sivilizatsiyasi tarixida muhim o‘rin tutuvchi, madaniyatlar chorrahasi va maʼrifat beshigi sifatida yana bir bor jahon hamjamiyati diqqat markazida bo‘lmoqda.

YUNESKO Bosh konferensiyasining 40 yil ichida Parijdan tashqarida – aynan shu qadimiy shaharda o‘tkazilayotgani xalqaro hamjamiyatning O‘zbekistonga bo‘lgan ishonchi, uning madaniyat va maʼrifat markazi sifatidagi nufuzi tobora yuksalayotganidan dalolatdir.

Sessiyaning Samarqandda o‘tkazilishi bejiz emas. Bu shahar azaldan dinlar, millatlar va sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqot va bag‘rikenglik ramzi ham bo‘lib kelgan. So‘nggi yillarda Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan ochiq va konstruktiv tashqi siyosat tufayli Samarqand yana xalqaro muloqotlar, global tashabbus va madaniy diplomatiya markaziga aylanmoqda.

Boshqacha aytganda, Samarqandning madaniy-tarixiy ahamiyati va jahondagi o‘rni, O‘zbekistonning xalqaro maydonda taqdim etilishi va global hamkorlikdagi faolligi, taʼlim, ilm-fan, madaniyat sohalaridagi innovatsion yo‘nalishlar va infratuzilma imkoniyatlari jahon miqyosidagi tadbirga mezbonlik qilishiga sabab bo‘ldi.

Sessiyaning ochilish marosimida Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan madaniyatlararo muloqotni kuchaytirish, fan va taʼlim sohalarida hamkorlikni kengaytirish hamda barqaror taraqqiyot maqsadlarida inson kapitali rolini oshirishga qaratilgan g‘oyalar katta qiziqish bilan qarshi olindi.

Albatta, YUNESKO sessiyasi O‘zbekistonning xalqaro maydondagi ishonchli hamkor sifatidagi obro‘sini yanada yuksaltirishi shubhasiz. Bu tarixiy voqea mamlakatimiz uchun madaniy diplomatiyaning yangi bosqichi, inson va maʼnaviyatga asoslangan barqaror taraqqiyot yo‘lidagi muhim qadam bo‘lib qoladi.

 

Azamat PARDAYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputat