“Kundalik com” isloh qilinishi kerak!


163     24.08.2024

   – Pedagog sifatida “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Saylovoldi dasturi loyihasidagi “Kundalik com” tizimini isloh qilish bilan bog‘liq taklifni ko‘rib xursand bo‘ldim. To‘g‘ri, bu tizim o‘qituvchilarni qog‘ozbozlik, yozuv-chizuvdan xolos qildi. Lekin tizimda isloh qilinishi lozim bo‘lgan baʼzi masalalar borki, bu o‘qituvchilarga yana ortiqcha tashvish tug‘diryapti, – dedi namanganlik pedagog Maftuna Yo‘ldosheva Davlatobod tumanida o‘tkazilgan partiya Saylovoldi dasturi loyihasi taqdimotida. 

   Ilm-fan, maʼnaviyat va maʼrifat sohasi xodimlari, keng jamoatchilik, yoshlar ishtirokida "Yangi O‘zbekiston – Yoshlar ziyo maskani" axborot kutubxonasida o‘tkazilgan tadbirda ishtirok etgan partiya Markaziy kengashi raisi o‘rinbosari Mirodil Abdurahmonov yangi Saylovoldi dastur loyihasi mazmun-mohiyati haqida gapirdi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi raisi o‘rinbosari Nodirbek Tilavoldiyev esa dastur loyihasi tayyorlanish jarayoni haqida maʼlumotlar berdi.

   Qizg‘in savol-javoblar bilan o‘tgan tadbirda yangi dastur loyihasida partiya g‘oyalaridan kelib chiqib, barkamol avlod salohiyatini ro‘yobga chiqarish, maʼnaviy yuksalish va madaniyat sohasi, oila, ayollar, yoshlarga munosib sharoitlar yaratish bilan bog‘liq masalalarga ustuvorlik berilganligi taʼkidlandi. Yangi taklif va tashabbuslar ilgari surildi.